Xalqaro mehnat tashkilotining 2021 yilda paxta yig’im-terimi mavsumida o’tkazilgan “Uchinchi tomon monitoringi” natijalari e’lon qilindi: mulohazalar va tahlil (2022/04/12)

Foto: Kun.uz

Muallif: Nilufarhon Mahmudova

O’zbek paxtasiga qo’yilgan boykot tarixi

Yillar davomida O’zbekiston bo’ylab paxta terimiga millionlab byudjet tashkilotlari xodimlari jalb qilingani hech kimga sir emas. Eng achinarlisi, maktab bolalari, talabalar ta’lim olish o’rniga paxta dalasida vaqt o’tkazar edilar. Paxta terimi davrida bolalar mehnati va majburiy mehnatdan tizimli foydalanib kelish esa oxir-oqibat 2011-yilda o’zbek paxtasiga nisbatan boykot joriy qilinishiga olib keldi. O’zbek paxtasini boykot qilish kampaniyasi The Cotton Campaign koalitsiyasi tomonidan boshlanib, unga 331 ta xalqaro brend va chakana savdo kompaniyalari qo’shilgan.[1] Ushbu kampaniya doirasida imzolangan Qasamyodga ko’ra, uni imzolovchilar O’zbekiston bu amaliyotdan voz kechmaguncha hamda Xalqaro Mehnat Tashkiloti (XMT) va The Cotton Campaign buni mustaqil ravishda tasdiqlamagunlaricha boykotga sodiq qolishlarini bildirishgan. Ammo, Islom Karimov hukumati bunday bosimni inobatga olmay tobora paxta kompaniyasini kuchaytirib keldi. Zero, Sovet Ittifoqi davridan asosiy paxta yetishtiruvchi bo’lib kelgan O’zbekiston iqtisodiyotining katta qismini paxta eksporti tashkil qilar edi.

Majburiy mehnat va bolalar mehnatidan foydalanish xalqaro huquq normalariga mutlaqo zid bo’lib, inson huquqlarining buzilishi hisoblanadi. XMTning 1930-yildagi “Majburiy mehnat to’g’risida”gi 29-sonli Konvensiyasi bilan har qanday shakldagi majburiy yoki zo’raki mehnatdan foydalanish taqiqlangan. Mazkur Konvensiya 1997-yil 15-dekabrda O’zbekiston tomonidan ham ratifikatsiya qilingan.[2] Ko’rib turganimizdek, bu amaliyot O’zbekiston tomonidan xalqaro majburiyatlarini buzish edi. Shavkat Mirziyoyev davrida esa paxta yig’im-terimiga oid siyosat o’zgardi va bundan 11 yil o’tib, 2022-yilning 1-martida XMT O’zbekiston 2021-yilgi paxta yig’im-terim mavsumida tizimli majburiy mehnat va bolalar mehnatini tugatishga muvaffaq bo’lganini e’lon qildi.[3] Biroz vaqt o’tib, 10-mart sanasida The Cotton Campaign o’zbek paxtasini boykot qilishga chaqiriqlarini to’xtatdi.[4]

Xo’sh, The Cotton Campaign kim edi va o’zbek paxtasiga boykot joriy qilingan boykot asosli edimi? The Cotton Campaign bu Turkmaniston va O’zbekistondagi paxta terimidagi tizimli majburiy va bolalar mehnatiga qarshi kurashuvchi inson huquqlari nodavlat notijorat tashkilotlari, mustaqil kasaba uyushmalari, brend assotsiatsiyalari, investorlar va akademiklar koalitsiyasidir. Ular orasida Tashabbus, Uzbek Forum for Human Rights singari mintaqaviy NNTlar bilan bir qatorda Human Rights Watch kabi butun jahonda yaxshi tanish NNTlarni ham uchratishimiz mumkin. Ular Turkmaniston va O’zbekistondagi paxta terimidagi tizimli majburiy va bolalar mehnatiga qarshi mustaqil monitoring va xabar berish (reporting) usullaridan foydalanadilar. Ular paxta terimidagi inson huquqlari buzilishlarini OAVda doimiy tarzda faol yoritib, bu amaliyotga qarshi kurashga biznes subyektlarini ham jalb qilishga harakat qiladilar.

Nega The Cotton Campaign boshlagan kampaniyaga H&M, Gap singari yirik bizneslar qo’shilib, tayyor xom-ashyoni rad etishdi?  Biznes va xalqaro huquq, inson huquqlari o’rtasidagi bog’liqlik nimada? Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 2011-yilda Biznes va inson huquqlari bo’yicha rahbarlik tamoyillari qabul qilingan. Unga ko’ra biznes subyektlari faoliyati, mahsulotlari yoki xizmatlari bilan bevosita bog’liq, inson huquqlariga ko’rsatadigan ta’sirlarni aniqlash, oldini olishga, yumshatish va salbiy ta’sir ko’rsatganlik uchun javobgarlikni zimmasiga olishi lozim.[5] Bunday jarayon ‘corporate human rights due diligence’ deb ataladi. Biznes subyektlarini bunday jarayonlarni amaliyotga tatbiq qilishga turli sabablar undashi mumkin: inson huquqlariga sodiqlik, xalqaro reputatsiyasini saqlab qolish, xaridorlarni saqlab qolish kabi.

O’zbekiston boykotdan xalos bo’lishga qanday erishdi va yana boykotga uchramaslik uchun nimalarni amalga oshirish lozim? Quyida ushbu savollarga javob berib o’tamiz.

O’zbekiston boykotdan xalos bo’lish uchun nimalarni amalga oshirdi?

Majburiy mehnat va bolalar mehnati masalalarida XMT va O’zbekiston 2013-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. 2015-2021 yillarda esa XMT tomonidan O’zbekiston hukumatini majburiy mehnat va bolalar mehnati tugatishda qo’llab quvvatlash maqsadida Uchinchi tomon monitoringi loyihasi amalga oshirildi.[6] Uchinchi tomon monitoring bu – Jahon Banki va XMT o’rtasidagi O’zaro Anglashuv Memorandumi asosida YI, AQSh va Shveytsariya hukumatlarining moddiy ko’magi bilan o’tkazilgan, paxta terimidagi majburiy va bolalar mehnati holatini o’rganishga qaratilgan loyihadir.

Paxta terimida tizimli majburiy va bolalar mehnatiga qarshi kurashda asosiy nuqtalardan biri bu 2016-yil so’nggidagi siyosiy o’zgarishlar bo’ldi. 2018-yil mayida Prezident Mirziyoyev “bironta bolalar mehnati, majburiy mehnat kerak emas, dalada paxta yonib ketsa ham byudjet tashkilotlarini paxtaga tekkizdirmayman” deb ta’kidlab o’tgan edi.[7]

The Cotton Campaign 2018-yilda O’zbekistondagi islohotlar yo’l xaritasini ishlab chiqib, O’zbekiston hukumatiga topshirgan. Ushbu yo’l xaritasi asosan uch yo’nalishdagi islohotlarni o’z ichiga olar edi: majburiy mehnatni tugatish, strukturaviy islohotlarni amalga oshirish va fuqarolik jamiyati institutlarini qo’llab quvvatlash. Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva qayd etib o’tgan majburiy va bolalar mehnatini cheklash uchun amalga oshirilgan asosiy ishlar ham shu yo’nalishlardagi islohotlarni o’z ichiga oladi.[8]

Avvalo, huquqiy jihatdan 2018-yil 10-may kuni Vazirlar Mahkamasining 349-son “O’zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarori bilan fuqarolarni majburiy mehnatga, shu jumladan mavsumiy qishloq xo’jaligi ishlariga jalb qilish holatlarining zudlik bilan oldini olsinlar va bunga chek qo’yish begilangan edi. Majburiy mehnat 2017-yildagi 13 % dan 2021 yilda 1 % gacha tushgan.[9] Bundan tashqari, mehnatga ma’muriy jazolash uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik joriy etildi.[10]Institutsional islohotlardan esa sohani xususiylashtirish amalga oshirildi. 2020-yilda paxta-to’qimachilik klasterlari soni 97 ta yetdi, ular respublikadagi paxta maydonlarining 89,7 foizini tashkil etadi.[11] Bundan tashqari, XMT inson huquqlari sohasidagi treninglar, dialoglar amalga oshirilganligi, majburiy mehnatga qarshi kurashda media va jurnalistlar ham jalb etilganligi, ‘fidbek’ mexanizmlarining joriy etilganini ham asosiy yutuqlardan biri deb baholagan.[12]

Shunday qilib xalqaro hamjamiyat, nodavlat notijorat tashkilotlar va inson huquqlari himoyachilarining katta yordami va siyosiy iroda bilan O’zbekiston paxta sanoatini 2017-2021 yillar orasida majburiy mehnat va bolalar mehnatidan foydalanilgan, davlat nazoratidagi sanoatdan klasterlar tomonidan yuritiluvchi, haq evaziga mehnat qiluvchi ishchilar ishlaydigan sanoatga aylantira oldi. Shunday bo’lsa ham, yechilmay qolayotgan masalalar va e’tibor qaratilishi lozim bo’lgan jihatlar bor.

Yechilmay qolayotgan masalalar va kelajakdagi qadamlar

The Cotton Campaign, islohotlarni e’tirof etish bilan birgalikda hali ham saqlanib qolayotgan ayrim muammolarga ham urg’u berib o’tgan. Bular quyidagilarni o’z ichiga oladi:

  • Ayrim tumanlarda davlat amaldorlari paxta teruvchilarni yollash bilan shug’ullanishda davom etmoqda, bu esa majburlash va ishga yollash uchun to’lovlar uchun xavf tug’dirmoqda;
  • Paxtachilar paxta terimidan bosh tortgani uchun jazo tahdidini sezishda davom etmoqda;
  • Fermerlar va ular paxta yetishtirayotgan paxta kompaniyalari o’rtasidagi tengsiz munosabatlar. Fermerlardan ko’pincha bo’sh shartnomalar imzolash talab qilinadi;
  • Fermer xo’jaliklarida yoki paxta yetishtirishning boshqa bosqichlarida majburiy mehnat yoki ekspluatatsiyaning oldini olish, aniqlash va bartaraf etish mexanizmlari mavjud emas;
  • Bundan tashqari, fuqarolik institutlari cheklangan va o’zboshimchalik bilan cheklanganligicha qolmoqda, bu esa paxta yetishtirishda majburiy mehnatni tugatish bo’yicha islohotlarni xavf ostiga qo’yadi.[13]

Bularning orasida eng ko’p urg’u berilayotgani so’nggi muammo bo’lib, O’zbekiston oldiga qo’yilgan yangi ‘challenge’ ham aynan fuqarolik institutlari bilan bog’liq. Haqiqatan ham O’zbekistonda erkin fuqarolik jamiyati institutlariga nisbatan cheklovlar mavjud va ushbu muammo biz avvalroq so’z yuritgan 2018-yildagi tavsiyalarning uchinchi yo’nalishi bo’lgan edi. Shunday qilib, O’zbekiston birinchi va ikkinchi yo’nalishlarda sezilarli muvaffaqiyatga erishgan bo’lsada, fuqarolik jamiyati institutlari masalasi ochiqligicha qolmoqda.

The Cotton Campaign O’zbekistondan mahsulot sotib olishni boshlashga qiziqqan barcha brendlarni ishlab chiqarishning barcha bosqichlarida, jumladan paxta fermalari, yigirish korxonalari, gazlama fabrikalari va ishlab chiqarish bo’linmalarida mehnat huquqlariga rioya etilishini ta’minlash uchun inson huquqlarini sinchkovlik bilan tekshirishga chaqiradi.[14] Ya’ni, boykotga chaqiriqlar rasman to’xtatilgan bo’lsada, The Cotton Campaign inson huquqlari borasida hali ham ziyrak bo’lishga chaqirmoqda.

The Cotton Campaign koalitsiyasi boykoti to’xtatilgani tufayli katta korporatsiyalar zudlik bilan, masalan 2022-yilning o’zidayoq O’zbekistondan paxta sotib olishni boshlaydimi yoki yo’qmi noma’lum. Ammo bunday kampaniya yana boshlanmasligining oldini olish uchun tobora globallashib borayotgan O’zbekistondan hozirgi islohotlarga doir jiddiy qarashni saqlash va bundan keyin eksport tizimimizning va undagi barcha xalqalarning xalqaro normalarga zid kelmasligi talab etiladi.

Xulosa o’rnida: O’zbekiston va xalqaro sanksiyalar

Albatta, O’zbekistonga nisbatan xalqaro sanksiyalar faqat o’zbek paxtasiga qo’yilgan boykotdangina iborat emas. Bir necha o’n yillar avval joriy qilingan, ammo hali ham amal qilayotgan sanksiyalar mavjud. Masalan, AQShning Savdo to’g’risidagi Qonuniga 1974-yil kiritilgan Jakson-Vanik nomli o’zgartirishga ko’ra, emigratsiya va boshqa inson huquqlarini cheklaydigan, bozor iqtisodiyotiga ega bo’lmagan mamlakatlar bilan normal savdo savdo aloqalari rad etilgan.[15] Bu sanksiyalarni qoʼllashga sabab ham, uni qoʼllagan siyosiy tizim ham allaqachon yoʼq boʼlgan, lekin cheklovlar hali ham bor.[16] O’zbekiston tomoni Jakson-Vanik sanksiyalarini bekor qilish uchun muzokaralarni boshlagan bo’lsada, ular hali yechilganicha yo’q.[17]

Bundan tashqari, 2005-yil may oyidagi Andijon voqealarida namoyishchilarga qarshi kuch ishlatilgani va tergov jarayoniga xalqaro komissiyaning jalb qilinishiga rozilik bermagani sababli O’zbekiston Yevropa Ittifoqining ham sanksiyalariga duchor bo’lgan edi. 2005-yil sanksiyalari 12 nafar o’zbek rasmiylariga viza taqiqi qo’yilishi, qurol savdosining embargo qilinishi, O’zbekistonning Sheriklik va Hamkorlik bitimidan qisman chetlatilishidan iborat edi.[18] O’zbekiston inson huquqlari boʻyicha muzokaralarda ishtirok etgani, bolalar mehnatini taqiqlovchi xalqaro konvensiyalarni ratifikatsiya qilgani va ayrim huquq himoyachilarini ozod qilgani evaziga YI sanksiyalari 2009 yilda yechilgan edi.[19] Sanksiyalarga sabab bo’lgan masalalar hal etilmaganiga qaramay ularning bekor qilinishi qisman “ruhlantiruvchi” xarakterga ega bo’lganini ko’rishimiz mumkin.

Ammo hozirgi dunyo 2005-2009 yillardagidan boshqacha. Paxtamizga qo’yilgan boykot misolida ko’radigan bo’lsak, sanksiyalar majburiy mehnat 1%ga tushirilmagunga qadar olib tashlanmadi. Ya’ni, xalqaro huquqqa, ayniqsa, inson huquqlariga amal qilinishiga oid talablar tobora kuchayib bormoqda. Bunday sanksiyalaraga yana ilinib qolmaslik uchun xalqaro huquqqa jiddiy amal qilish va uning mexanizmlarini to’g’ri tushunishimiz darkor.

Xuddi shuningdek, hozirgi O’zbekiston ham tamoman boshqacha: u borgan sayin xalqaro hamjamiyatga yaqinlashib bormoqda. Hozirgi kunda nafaqat ichki siyosat, balki tashqi siyosat masalalari ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, Rossiya-Ukraina o’rtasida davom etayotgan urushda Rossiyani qo’llab-quvvatlovchi uchinchi davlatlarga ham sanksiyalar qo’llanilishi haqida AQSh tomonininig tahdidi yangramoqda. Xususan, Belarus Respublikasi Ukrainadagi urushni qo’llab quvvatlagani uchun 24-fevraldayoq 24 nafar shaxslar va tashkilotlarga nisbatan AQSh tomonidan sanksiyalar qo’llangan.[20] Bizning eng yirik savdo va investitsiya hamkorimiz bo’lgan Rossiya munosabatlarda bunga juda jiddiy e’tibor qaratish zarur.


[1] https://www.ilo.org/europe/info/news/WCMS_839591/lang–en/index.htm

[2] https://www.ilo.org/dyn/normlex/en/f?p=1000:11300:0::NO:11300:P11300_INSTRUMENT_ID:312250

[3] https://www.ilo.org/global/about-the-ilo/newsroom/news/WCMS_838396/lang–en/index.htm

[4] https://www.cottoncampaign.org/news/cotton-campaign-ends-its-call-for-a-global-boycott-of-cotton-from-uzbekistan

[5] https://www.ohchr.org/sites/default/files/Documents/Publications/GuidingPrinciplesBusinessHR_EN.pdf

[6] https://www.ilo.org/moscow/projects/WCMS_704979/lang–en/index.htm

[7] https://kun.uz/uz/57591565?q=%2F57591565

[8] https://kun.uz/uz/news/2022/03/10/ozbek-paxtasiga-qoyilgan-global-boykot-olib-tashlandi

[9] https://www.ilo.org/global/about-the-ilo/newsroom/news/WCMS_838396/lang–en/index.htm

[10] https://lex.uz/docs/-4708436?ONDATE=23.01.2020%2000#-4708479

[11] https://daryo.uz/2021/04/14/klaster-manfaatdorlik-degani-manfaatdorlik-bor-joyda-osish-boladi-ayniqsa-qishloq-xojaligida/

[12] https://www.ilo.org/moscow/projects/WCMS_704979/lang–en/index.htm

[13] https://www.cottoncampaign.org/about

[14] https://www.uzbekforum.org/cotton-campaign-ends-its-call-for-a-global-boycott-of-cotton-from-uzbekistan/

[15] https://www.wilsoncenter.org/event/the-jackson-vanik-amendment-and-us-russian-relations

[16] https://t.me/iqtisodchi_kundaligi/1925

[17] https://www.uzreport.news/politics/uzbekistan-urges-us-to-remove-jackson-vanik-trade-restrictions

[18] https://www.hrw.org/news/2009/10/27/uzbekistan-eu-fails-human-rights-victims

[19] https://www.hrw.org/news/2009/10/27/uzbekistan-eu-fails-human-rights-victims

[20] https://home.treasury.gov/news/press-releases/jy0607

Taklif etiladigan maqolalar

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *