Qirg‘iziston Issiqko‘ldagi 4 pansionatni O‘zbekistonga qaytaradi (18/08/2023)

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 2016 yilda natsionalizatsiya qilingan pansionatlar uchun O‘zbekistonga 40 mln dollar miqdorida kompensatsiya to‘lash imkoni yo‘qligi, shu tufayli tomonlar ijaraga berish bo‘yicha kelishganini aytgan.

Qirg‘iziston Issiqko‘l bo‘yida joylashgan to‘rt pansionatni 49 yilga O‘zbekistonga ijaraga beradi. Bunday qaror qabul qilinishiga rasmiy Bishkek AQShdagi xalqaro arbitraj sudida yutqazgani sabab bo‘lgan. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ma’lum qildi.

Qirg‘iziston Respublikasi sobiq bosh vaziri Temir Sariyevning qarori bilan 2016 yil aprelida O‘zbekistonning Qirg‘iziston hududidagi to‘rtta pansionati – «Oltin qumlar», «Rohat NBU», «Dilorom» va «Bo‘ston» milliylashtirilib, Qirg‘iziston ixtiyoriga o‘tkazilgandi. Shundan so‘ng O‘zbekiston hukumati mazkur holat yuzasidan AQShdagi xalqaro arbitrajga da’vo arizasi bilan chiqadi.

O‘zbekiston tomoni Temir Sariyevning harakatlarini sobiq SSSR davlatlari o‘rtasida 1992 yilda imzolangan bitimning buzilishi deya baholaydi. Bitimda sobiq sovet ittifoqi parchalanib ketganidan keyin boshqa davlat hududida qolib ketgan obektlardan foydalanish nazarda tutilgan.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning mahalliy «Kabar» nashriga bergan intervyusiga ko‘ra, tomonlar to‘rtta pansionatni o‘zbekistonlik investorlarga 49 yilga ijaraga berish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

«To‘rtta pansionat bo‘yicha quyidagilarni aytaman. 2016 yilda Temir Sariyev bosh vazir sifatida ularni tortib oldi, to‘g‘risini aytsam, bu ko‘proq populizmga o‘xshardi. O‘shanda arxiv hujjatlarini o‘rganish va bu obektlarning kelajagi haqida fikr yuritish kerak edi. Agar shunday harakat bilan xalqaro sudda yutqazib qo‘ymasligimizga kafolatlar bo‘lsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

O‘sha yili O‘zbekiston tomoni Vashingtondagi xalqaro sudga murojaat qilib, 65 million AQSh dollari miqdoridagi zararni qoplashni talab qilgan.

2017 yilda Sapar Isoqov O‘zbekiston tomoniga maktub yo‘llab, muammoni tinch yo‘l bilan hal qilish va to‘rtta pansionatni O‘zbekiston tomoniga qaytarish masalasini ishlab chiqishni taklif qilgan va da’voni qaytib olishni so‘ragan. Ammo O‘zbekiston tomoni da’vosidan voz kechmadi», dedi u.

Qirg‘iziston prezidentining qo‘shimcha qilishicha, sud joriy yilning may oyida Qirg‘iziston tomoni 40 mln dollardan ortiqroq mablag‘ to‘lashi kerakligi haqida qaror chiqaradi.

«Ularga bu summani to‘lashga imkonimiz yo‘q. Shu bois, O‘zbekiston tomoni bilan kelishib, ularni 49 yilga ijaraga berish bo‘yicha kelishuvga erishdik. Ushbu pansionatlar bugungi kunda shu qadar vayronaga aylanganki, omborxona deb atash mumkin.

Yaqin 15-20 yil ichida ularni modernizatsiya qilishga sarmoya kirita olmaymiz, chunki bizda juda ko‘p boshqa muhim kamchiliklar mavjud. Ularni tuzatmagunimizcha, pansionatlar haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Agar to‘rtta pansionatni sotsak, hech kim 4 million dollarga olmaydi, 40 million dollar haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi. To‘rt-besh yulduzli mehmonxonalar qurish 5-10 yilni oladi, shuning uchun hech bir davlat kiritgan investitsiyalari o‘rnini to‘ldirish kafolati bo‘lmasa, ko‘p pul sarflashga rozi bo‘lmaydi», dedi Japarov.

Bundan oldinroq Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat mulkini boshqarish davlat agentligi direktori Kanatbek Turg‘unbekov Issiqko‘ldagi «Dilorom» («Ene-Say») pansionati o‘zbekistonlik investorlarga foydalanishga topshirilishi mumkinligini aytgandi.

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripovning Qirg‘izistonga tashrifi doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi «Dilorom» pansionatiga tashrif buyurib, uni ko‘zdan kechirgan.

Qirg‘izistondagi 4ta pansionat haqida

«Oltin qumlar» pansionati «Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi» davlat aksiyadorlik jamiyatining filiali bo‘lgan. Boshqa ma’lumotga ko‘ra esa, u «O‘zbekiston temiryo‘llari» AJga tegishli bo‘lgan. Pansionat balansida 28,35 gektar yer maydoni bor. Majmua 68 ta ko‘chmas mulk obekti, jumladan 39 ta kottej va 4 ta korpusdan iborat.

«Dilorom» pansionati 1985 yilda Kara-Oy qishlog‘ida qurilgan. Qirg‘iston hukumati natsionalizatsiya qilishidan oldin uning egasi «Asakabank» hisoblangan. Pansionat yer maydoni 21,77 gektardan iborat.  

Majmua 75 ta ko‘chmas mulk obekti, jumladan 45 ta kottej, 4 ta korpus, suv havzasi, oshxona, tibbiy punkt, garaj, suv bosimi minorasidan iborat.

«Rohat-NBU» pansionatining muassisi O‘zbekiston tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki bo‘lgan. Pansionat Kara-Oy qishlog‘ida joylashgan bo‘lib, 19,05 gektar yerdan iborat va mahalliy qishloq mahkamasidan 2,7 gektar plyaj-bog‘ maydonini ijaraga oladi. Pansionatda 49 ta inshoot, jumladan, 7 ta kottej bor. 9 ta obekt kafe sifatida qo‘llanadi, 3 ta ma’muriy korpus mavjud. Qolgan 30 ta inshoot xizmat maqsadlari uchun omborlar va ofislar sifatida jihozlangan.

«Bo‘ston» pansionatiga «Sanoatqurilishbank» egalik qilgan. U Issiqko‘l viloyatining Ton tumanida joylashgan. 10,65 gektar maydonga ega.

Taklif etiladigan maqolalar

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *