1986-yilda Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanida tug‘ilgan.
Toshkent davlat yuridik universitetidan bakalavr(2007), Nagoya universiteti Huquq fakultetida esa magistrlik (2009) va doktorantura(2012) yo‘nalishlarida o’qib, “Siyosiy Xalqaro Huquqshunoslik” bo’yicha fan doktorligini qo’lga kiritgan. Bundan tashqari, 2013-2014 yillar orasi London Universiteti Osiyo va Afrika tadqiqotlar kollejida (SOAS) mehmon tadqiqotchi, shu davr orasida Shotlandiyaning Dandi Universitetida mehmon xorijiy tadqiqotchi bo’lgan. 2014-2017 yillar orasida esa yana Nagoya Universitetiga qaytib, universitetning “Yuksak Tadqiqotlar Instituti” hodimi bo’lib faoliyat yuritgan. 2017 yil Aprel oyidan boshlab esa Yaponiyaning Nagoya iqtisodiyot universiteti huquq fakulteti professori sifatida ishlab kelmoqda.
Dr. Umirdinov mutaxassisligi xalqaro huquq va uning ichidagi xalqaro iqtisodiy huquq fani bo’lib, asosan investitsiya nizolari va xorijiy investorlar himoyasi, neft va gaz sohasining boshqarilishi, “Butunjahon Savdo Tashkiloti” masalalari, va Xitoyning “Bir Qamar Bir Yo’l” tashabbusiga doir ilmiy ishlar qilib keladi. Maqolalari Yaponiya, AQSh, Germaniya, Angliya, Hindiston, Turkiya va Vetnam davlatlaridagi nufuzli xalqaro jurnallarda chop etilgan. O’zbekistonda ham Kun.uz, Sof.uz, Xabar.uz, Gazeta.uz nashlariga doimiy ravishda ilmiy-ommabop maqolalari bilan chiqish qiladi. Jurnalistika sohasida 2019 yilda “XIV Oltin Qalam” mukofotining “Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi” nominatsiyasi g’olibi. O’zbekiston Respublikasining huquq tizimiga bag’ishlangan “Uzbek Journal of Legal Studies” – ilk bor ingliz va yapon tillarida chop etiladigan elektron jurnal asoschilaridan biri va bosh muharriri.
Yaxshi va eng zamonaviy ilmlarni o’z ichiga olgan kitoblarning yo’qligi – O’zbekistondagi ijtimoiy va aniq fanlarning rivoji oldidagi eng katta to’siq ekanligiga qattiq ishonadi. Shuning uchun, o’z sohasi bo’yicha Yaponiyaning ilg’or tajribasini tanishtirish niyatida mana bir necha yildirki, huquqshunoslikka doir kitoblarni tarjima qilib keladi.
Otasinining mirishkor bog’bon dehqon, suv mirobi va asalarichi ekanligidan, volidasining esa “Ona tili va adabiyoti” fanidan uzoq yillar Bog’dod tumanidagi 37-umumta’lim maktabida dars berib kelganligidan doimo faxrlanadi. Ikki ajoyib singillar va bir ukaning akasi, juda shirin to’rt jiyanning tog’asi va to’polonchi ikki farzand otasi.