Epidemiya qonuniyatlari va unga oid paradoks – yaponiyalik olim tahlili

Yaponiyadagi Iqtisodiyot, savdo va sanoat tadqiqot instituti (RIETI) katta ilmiy xodimi Sekizava Yoichi 9 aprel kuni e’lon qilingan maqolasida koronavirusga qarshi kurashning ba’zi nozik jihatlariga to‘xtalib o‘tgan.

Quyida yapon olimining «Epidemiyaning asosiy qonuniyatlari va unga oid paradoks» nomli maqolasini ba’zi juz’iy qisqartirishlar bilan o‘zbek tilida taqdim etamiz.

Yuqumli kasalliklar haqida gap ketganda, tushunish oson bo‘lgan asosiy qonuniyatlar bilan birga, umumiy ma’noda tushunish qiyin bo‘lgan paradokslar ham bor. Aftidan, mutaxassislar uchun oddiy bo‘lgan narsalar keng jamoatchilikka yetkazilmaganga o‘xshaydi. Shuning uchun ushbu maqola mutaxassislar va keng jamoatchilik orasidagi jarni bartaraf qilishga qaratilgan.

I. Epidemiyaga oid asosiy qonuniyatlardan nimalarni tushunishimiz kerak?

Epidemiyaning asosiy qonuniyatlari ikkita (garchi istisnoli holatlar ham bo‘lsa-da, tushunish oson bo‘lishi uchun ularni qoldirib ketsam):

Qonuniyat 1: Qisqa muddatda ko‘p insonlarga yuqadi.

Qonuniyat 2: Infeksiyani yuqtirib, so‘ng tuzalgach, eng kamida bir muncha vaqt qayta kasallanmaydi, boshqa insonlarga ham yuqtirmaydi (immunitet hosil qila oladi).

Asosiy qonuniyatlar shu ikkita, xolos.

Birinchi qonuniyatda, masalan, bemor bir kishi bo‘lsa va u bir haftada o‘rtacha 2,5 nafar odamga yuqtirsa, 10 haftadan keyin bemorlar soni quyidagicha ko‘payadi:

2,520 = 90 949 470 nafar

Shuning uchun buni haddan ziyod tez tarqalish deb atay olamiz.

Infeksiyaga qarshi kurashish qiyinchiligining asosiy sababi – bu yuqoridagi qonuniyatni yaxshi tushunmaslik yoki aksincha, uni to‘g‘ri tushungan holda haddan ortiq chora-tadbirlarni ko‘rishda ko‘rinadi.

Quyidagi 1-rasmda bir inson virusni yuqtirgani tasvirlangan. Bunda qora aylana – kasallikni yuqtirgan bemor, oq aylana esa hali uni yuqtirmaganlarni anglatadi.

1-rasm. Infeksiyaning boshlang‘ich davri

Bu holatda hali insonlar immunitet hosil qilishmagani uchun kasallik atrofga osonlik bilan tarqaladi. Biroz boshqacha ta’bir bilan aytganda, zombiga teginib ketsang, zombiga aylanib qolgandek, zombilar ketma-ket ko‘payishi natijasida undan qochish qiyinlashadi.

2-rasmda esa infeksiyaning ma’lum darajada rivojlangan holati ko‘rsatilgan:

2-rasm: Infeksiya allaqachon yoyilgan

Asosiy ikkinchi qonuniyat shu yerda ko‘rinadi. Kasallikka chalinib, so‘ng davolangan (yashil doiralar) odamlar soni ko‘payganda, yuqtirib olgan odamlarga virusni boshqalarga ham yuqtirish qiyinlashadi (bu yerda ko‘rsatkich belgilarda qizil X qo‘yilganlar yuqtirmaydi). Natijada infeksiyaning tezligi pasayadi.

Hech qanday choralar ko‘rilmagan taqdirda, yuqtirganlar soni keskin ko‘payib, keyin keskin pasayadi va epidemiya tezda barham topadi. Buning sababi – asosiy ikkinchi qonuniyatning mavjudligidir. Virusdan zararlanib, tuzalgan odamlar soni oshgani sayin, immuniteti bo‘lmagan odamlarga infeksiya yuqishi ehtimoli yanada pasayadi (2-rasmning yuqori chap qismidagi hali virus yuqtirmagan odam misoliga qarang), bu esa infeksiya tarqalishini sekinlashtiradi.

Va bu holat – kollektiv immunitet deya nomlanadi.

Aslida, Buyuk Britaniya avvaliga ko‘plab kishilarning koronavirus yuqtirib olishiga yo‘l qo‘yib berib, kollektiv immunitetni shakllantirish orqali epidemiyaga qarshi kurash strategiyasini tanlagan edi. Ammo kuchli tanqidlar yog‘ilishi va tibbiyot bemorlarning bunday tez o‘sishiga yetishmasligi bardosh bera olmasligi tufayli, rasmiy ravishda bo‘lsa ham hozircha ushbu tanlovdan voz kechildi.

Bilishimcha, jamoaviy immunitetni qo‘lga kiritish orqali yangi koronavirus bilan kurashishga urinayotgan yagona davlat bu – Shvetsiyadir. Ba’zi davlatlar, shu qatorda Yaponiya ham kollektiv immunitetni yuzaga keltirish bilan shug‘ullanishga urinayotganliklariga ishora qiluvchi ba’zi alomatlar bor.

Kollektiv immunitetga nafaqat infeksiya orqali, balki samarali va xavfsiz vaksiya orqali ham erishish mumkin. Vaksiya qachon tayyor bo‘lishini aniq bilmayman, ammo uning tayyor bo‘lishi uchun bir yildan bir yarim yilgacha vaqt kerakligi aytilmoqda.

Izolyatsiya devorini qurish

Favqulodda holat e’lon qilish kabi kuchli choralarni ko‘rishni odamlar orasiga devor qo‘yish orqali infeksiya tarqalishining oldini olishga o‘xshatsa bo‘ladi. Bu yerdagi devor tom ma’nodagi devor emas, balki odamlar orasidagi masofani saqlash – shaxsiy izolyatsiyani anglatadi. Buning eng qattiq ko‘rinishi – tashqariga chiqishni taqiqlash bo‘lib, odamlar orasiga devor ko‘tarish bilan barobardir.

3-rasmdagi chiziq mana shu devorni anglatadi. Ushbu devor to‘g‘ri o‘rnatilgan ekan, infeksiyaning tarqalishi to‘xtaydi.

3-rasm: Devor ko‘tarib, kasallik yoyilishining oldini olish

Shunday bo‘lsa-da, iqtisodiyotga yetayotgan ulkan zarar sababli ushbu devor yiqitilsa, haddan ziyod ko‘payish yana takrorlanadi.

Buning sababi – ko‘p odamlar immunitetga ega emasligida.

Qat’iy qilib aytganda, agar siz to‘liq devor o‘rnatib (izolyatsiya choralari), uni taxminan bir oy davomida ushlab tursangiz, undan keyin infeksiya yo‘q bo‘lib ketishi kerak. Ammo aslida devor mukammal bo‘lmasligi, bir oila ichidagi guruhda infeksiyalanish ro‘y berishi yoki bo‘lmasa chet eldan kirishning oldini olish mumkin bo‘lmagan holatlar tufayli haddan ziyod ko‘payish qayta boshlanishi mumkin.

Masalan, 3-rasmda bitta devor to‘liq qilinmagan qism bor (o‘ngdan pastda). Muammo shundaki, pastki o‘ng tomonda bitta devor ichidagi ikki kishi orasida infeksiya yuqishi ro‘y beradi.

Karantin bekor qilinganidagi holat 4-rasmda ko‘rsatilgan: Devor bo‘lgan paytda o‘rtadagi odam davolangan (yashil rangga o‘zgargan) va endi undan boshqaga infeksiya yuqmaydi. Lekin pastki o‘ng tomonda, bir oila ichida infeksiyalanish ro‘y berib, bu oila yangi infeksiyaning manbayi bo‘lib qoladi va o‘yin qaytadan boshlanib, haddan ziyod ko‘payish yuz beradi.

4-rasm: Devor yo‘qolib, haddan ziyod ko‘payishning takrorlanishi

Buning oldini olish uchun esa izolyatsiya devorini doimo joyida ushlab turish kerak bo‘ladi. Boshqacha qilib aytganda, odamlar o‘rtasidagi aloqani oldini olish uchun kuchli karantin choralarini uzoq vaqt davomida (vaksina yaratilgunga qadar) davom ettirish kerak.

Yoki, Buyuk Britaniya tajribasida ko‘ringanidek (ehtimol Xitoy ham shunday qilayotgan bo‘lishi mumkin), devor olib tashlanganidan keyin infeksiyalanish ko‘payib, bemorlarga qarash tibbiy imkoniyatidan oshib ketilgach, devorni qayta tiklash kerak bo‘ladi.

Yaponiya hukumati va viloyatlar rahbarlari yangi koronavirusga qarshi kurash choralarini tushunmasliklari mumkinligi ayni mana shu nuqtaga oid:

Choralar muvaffaqiyatli bo‘ldi, deya devorni olib tashlaganingizdan so‘ng, o‘yin yana boshlanadi.

Hozirda Yaponiyadagi favqulodda holat 6 maygacha belgilangan bo‘lsa-da, lekin agar u 7-may kuni olib tashlansa va odamlar erkin harakatlanishni qayta boshlasa, boshqa mamlakatlar misoliga ko‘ra, iyul oyi atrofida infeksiyaning «portlashi» ro‘y berishi mumkin.

Favqulodda vaziyat amal qilayotgan davrda karantin ostiga olinmagan bemor qolmasa, boshqa gap, lekin buni uddalash mumkinligiga, ochig‘i, ishonish qiyin.

 Devor qurishning ma’nosiz holati

Quyidagi 5-rasm yuqoridagi 2-rasm bilan deyarli bir xil, bu yerda ham virus tarqalmoqda va kollektiv immunitet shakllanmoqda, yagona farq esa bu – devor.

Devorning esa hech qanday ahamiyati yo‘q. Agar zararlangan odam (qora nuqta) ko‘cha-ko‘yda yursa va sog‘lom odamlar (oq nuqta) bilan aloqaga kirishsa, kasallik yuqishi mumkin, ammo shunda ham ko‘p emas.

5-rasm: Devor qurilsa ham, ma’nosiz holat

Ko‘pchilik bunday ahmoqona narsalar bo‘lishi mumkin emas, deb hisoblaydi, lekin bunday o‘ylash mutlaq to‘g‘ri emas. Iqtisodiy modellashtirish simulyatsiyasi orqali Buyuk Britaniyadagi odamlarning yarmidan ko‘pi allaqachon virusni yuqtirib bo‘lgan, degan xulosa kelingani hozirda katta munozaralarga sabab bo‘lmoqda.

Ushbu qarama-qarshilikning sababi shundaki, kasallik simptomlari ko‘rinmaydigan odamlar anchagina deya taxmin qilinsa-da, ularning aniq soni ma’lum emas. Uhandan Yaponiyaga qaytgan odamlar bo‘yicha tadqiqot natijasiga ko‘ra, koronavirusni yuqtirganlarning 30 foizida kasallik alomatlari ko‘rinmagan.

Diamond Cruise kemasida esa taxminan 18 foiz, Italiyadagi bir shaharda esa 50-75 foiz va Islandiyada 50 foiz bemorlarda alomatlar ko‘rinmagan, degan xulosalar mavjud. Bu esa bemorlar soni bo‘yicha qo‘limizdagi raqamlar haqiqatdan yiroqligini ko‘rsatadi.

Shu sababli, yuqtirganlarning haqiqiy soni noma’lum va 5-rasmga yaqin bo‘lish ehtimolini to‘liq rad etib bo‘lmaydi. Bu holatda turlicha nazariyalardan ham ko‘ra, bizga dalillar zarur. Va hozirda  butun dunyoda immun tizimi antitanachalarini tekshirishga nisbatan umidlar tobora ortib bormoqda. Masalan, Finlyandiyada fuqarolarni ushbu sinovdan yaqinda o‘tkazilishi haqida xabarlar tarqaldi.

II. Pandemiyaga oid paradoks nimada?

Endi esa, shu paytgacha qilgan tahlillarimga asoslanib, paradoks holatning borligini ochib bersam.

Paradoks 1: Qochishdan ko‘ra, infeksiyani yuqtirish yaxshiroq bo‘lishi mumkin

Bizning sezgi instinktimiz bizni har qanday kasallikdan qochishga undaydi. Ammo yuqumli kasalliklar borasida bunday ish to‘g‘ri bo‘lmasligi mumkin. Yuqumli kasalliklarning oldini olish uchun qochishni davom ettirish bizni juda ham charchatadi va biz qanchalik ko‘p qochsak, bizning kollektiv immunitetni hosil qilmasligimiz tufayli zaif holatimiz davom etadi.

Ushbu muammoning oldini olish uchun kasallikdan og‘ir ahvolga tushib qolishi yoki vafot etishi ehtimoli eng kam bo‘lgan (sog‘lom va baquvvat) odamlarning virus bilan kasallanishiga ruxsat berish strategiyasi ishlab chiqiladi.

Buyuk Britaniyada o‘rtada to‘xtab qolgan davlat strategiyasi bunga yaqin bo‘lgan. Bunda, tibbiy zaxiralar tugab qolish ehtimolini yo‘q deb faraz qilsak, shaxsiy izolyatsiya choralari faqatgina xavf guruhidagi odamlar (yoshi katta yoki jiddiy surunkali kasali bor insonlar)ga nisbatan joriy etiladi.

Shuningdek, davlat sog‘lom ijtimoiy va iqtisodiy faoliyatini davom ettira olishi uchun, yuqtirsa-da ahvoli og‘irlashmaydigan insonlarga kasallikni tezroq yuqtirib, kollektiv immunitetni hosil qildirish – butun davlat uchun uzoq muddatda foydali bo‘lishi mumkin.

Covid-19`ga kelsak, keksa yoshdagi va surunkali kasalligi bo‘lgan odamlarda jiddiy kasallanish va o‘lim darajasi yuqori. Bu – 1918 yildagi ispan grippidan tubdan farq qiladi – yuz yil oldingi pandemiyada ko‘plab yoshlar vafot etgan. Bundan tashqari, aniq ma’lumotlar yo‘q bo‘lsa-da, ehtimol aynan ko‘plab yoshlar asimptomatik (ya’ni kasallik alomatlari ko‘rinmaydi) bo‘lishi mumkin. Agar shunday bo‘lsa, unda yoshlarning kasallanishi va o‘lim darajasi hozirgi taxmin qilinganidan ham past bo‘lishi mumkin.

Koronavirusdan hatto yoshlar ham ehtiyot bo‘lishlari kerak, degan da’volar bor bo‘lsa-da, menimcha, ehtimollik darajasi nuqtayi nazaridan kelib chiqib o‘ylashimiz kerak. Yoshlar yo‘l-transport hodisalarida, o‘z joniga qasd qilishda, gripp va shamollashda ham o‘lishadi. Men «Yoshlar ham koronavirusdan vafot etmoqda!» kabi ma’lumotlar bilan yoshlarni qo‘rqitgandan ko‘ra, buning haqiqiy ehtimollik darajasidan bahs qilishni istardim.

Masalan, men hozir uydan ishlayapman va ko‘chaga kam chiqyapman. Buning sababi, ish joyimdan shunday ko‘rsatma bor. Lekin agar men kasallikni yuqtirib olsam, sun’iy nafas oldirish jihozidan foydalana olmasligim ehtimoli ham bor. Shubhasiz, Yaponiya va Germaniyada o‘lim darajasi pastligiga koronavirusdan og‘ir ahvolga tushgan barcha bemorlar ushbu apparat bilan taminlangani asosiy sabab ekanini inkor qilolmayman.

Agar infeksiyalangan va jiddiy kasallikka chalinganlar soni ko‘payib ketsa, sun’iy nafas oldirish moslamasidan foydalana olmaydiganlar soni ham ortib, odatda o‘lmaydiganlar ham o‘la boshlaydi va natijada qurbonlar soni va o‘lim darajasi keskin oshadi. Yaponiyada deyarli shovqin qilinmayapti, lekin bu moslamaning yetishmasligi Yevropa va Amerikada katta muammo bo‘layotgani rost.

Yuqoridagilarni hisobga olib, men kabi o‘rta yoshli erkaklar va hatto keksa odamlar uchun infeksiyadan qochishning oqilona sababi bor. Ammo agar vaksiya ishlab chiqarish yoki keng miqyosli kollektiv immunitet hosil qilish orqali virusga qarshi himoyaga erishilmasa, hozirgi holatni yaxshilash amrimahol va infeksiyadan qutulish qiyin. Shuning uchun ham yangi koronavirus uchun tibbiy zaxiralar imkoniyatlarini tezda oshirishimiz muhim, shundagina biz xotirjamlik bilan yangi virusni yuqtira olish vaziyatiga o‘ta olamiz.

Paradoks 2: Izolyatsiya choralari qanchalik kuchli bo‘lsa, bu choralar shuncha uzoq davom etadi

Bu – ko‘pchilik o‘ylayotgan fikrning mutlaqo aksi. Odatda, odamlar sabr qilsak, pandemiya tez o‘tib ketadi, deb o‘ylashadi, ammo yuqumli kasallikda bunday bo‘lmaydi. Qancha ko‘p izolyatsiyada yaxshi sabr qilganingiz sari, sabr qilishni shuncha ko‘p uzoq davom ettirish kerak bo‘ladi.

Albatta, insonlarni TO‘LIQ izolyatsiya qilib tashlash – boshqa gap, lekin yangi koronavirus bilan bog‘liq holatda biz bu vaqtni allaqachon boy berganmiz.

Kuchli izolyatsiya choralari odamlarning immunitetini kuchaytirishga to‘sqinlik qiladi, shuning uchun vaksina ishlab chiqilishi va ko‘p odamlar emlab chiqilishini kutishga to‘g‘ri keladi. Ungacha karantin choralarini bekor qilib bo‘lmaydi. Bundan tashqari, bu nafaqat mamlakatdagi odamlar o‘rtasidagi aloqa bilan cheklanib qoladi, balki chet eldan kelgan odamlar ham diqqat bilan kuzatilishi talab etiladi. Bu uzoq muddatdagi sezilarli bir yukdir.

Covid-19 bilan kurashishda «so‘nggi 1-2 hafta juda muhim» yoki «hozir muhim muddatdir» degan so‘zlarni ko‘p marta eshitdim, ammo haqiqat shundaki, vaksina paydo bo‘lgunga qadar har kunimiz doimo muhim vaqt bo‘lib qolaveradi.

6-rasm bu holatni qisqacha tasvirlagan. Agar kuchli choralar uzoq vaqt davom ettirilsa, yuqtirgan odamlarning soni ko‘paymaydi (6-rasmda uni ko‘rish qiyin, chunki u X o‘qiga to‘g‘ri keladi va yashil chiziq bilan deyarli bir xil), lekin dastlab kuchli choralar ko‘rilgan bo‘lsa ham, orada choralar biroz bo‘shashtirilsa (binafsharang), bo‘shashtirilgan choralar boshidanoq amalga oshirilgan holatga nisbatan (qizil) pandemiyaning yuqori cho‘qqiga ko‘tarilishi vaqti faqat keyinga siljiydi xolos. Natijada bo‘shashtirilgan choralar boshidanoq amalga oshirilgan holatdan unchalik farq qilmay qoladi.

6-rasm. Chora-tadbirning kuchliligiga ko‘ra infeksiyalanishning cho‘qqisiga chiqishi
Ko‘k – hech qanday chora-tadbir qo‘llamaslik. Qizil – qat’iy bo‘lmagan choralar ko‘rish. Yashil – qat’iy choralar ko‘rish. Binafsharang – avvaliga qat’iy chora ko‘rib, keyin choralarni yumshatish.

Dunyo bo‘ylab dala shifoxonalariga o‘xshash karantin hududlari qurilmoqda, lekin ularning katta qismi to‘liq yozgi-qishki konditsionerlar bilan taminlanishini kutish qiyin. Agar odamlarning sabr-toqati tugab, infeksiyaning eng yuqori cho‘qqisi jazirama yozning qoq o‘rtasi yoki qishning chillasi kabi eng noqulay vaqtga to‘g‘ri kelsa, bu biz uchun og‘riqli bo‘ladi.

Qat’iy choralar saqlanib qoladigan muddat (grafikda yashil) ichida kasallikni davolaydigan dori yoki vaksina ixtiro qilinsa, ajoyib bo‘lardi, lekin bu xuddi qimorga o‘xshaydi va bunday vaksinalar kashf etilishida qatnashmaydigan fuqaro sifatida mening yaxshilikka umid qilishdan boshqa ilojim yo‘q.

Maqola so‘ngida

Ushbu kichik maqolam mutaxassislar va oddiy odamlarning pandemiya haqidagi o‘y-fikrlarini to‘ldiradi, deb umid qilaman. Aslida, men mutaxassislar butun manzarani keng omma nuqtayi nazaridan tushunarli qilib izohlab berishlarini istardim.

Sekizava Yoichi,
Yaponiya Iqtisodiyot, savdo va sanoat tadqiqot instituti (RIETI) katta ilmiy xodimi.

Yapon tilidan Alisher Umirdinov tarjimasi.

Taklif etiladigan maqolalar

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *