Rasm manbasi: kun.uz
2021 yil 21 Oktabr
Afg’oniston Tolibon kuchlarining nazorati ostiga o’tganiga endigina 2 oydan salgina oshgan bo’lsada, dunyodagi ko’pchilik davlatlar ushbu hukumatni tan olishga shoshilayotganlari yo’q. Oktabr oyining 11-kuni AQSh va Tolibon vakillari Dohada ko’rishib, uning yakunida AQShning Afg’oniston xalqiga moddiy yordam ko’rsatishi e’lon qilindi. Biroq, AQSh hukumati bunday muzokaralarni Afg’oniston boshqaruvidagi Tolibon kuchlarini ushbu davlatning rasmiy hukumati deya tan olmasliklarini bildirishdi.[i] Yaqinda Rossiyaning prezidenti Vladimir Putin ham Toliblarni Afg’onistonning rasmiy hukumati deya tan olishga shoshilmaslik lozimligini aytib chiqdi.[ii] Shunday bo’lsada, AQShdan boshqa yirik davlatlar orasida Tolibon vakillari bilan faol muzokaralar ketayotganligi faktini hisobga olish zarur. Bunday vaziyatda O’zbekiston hukumati bilan Kobuldagi Tolibon vakillari o’rtasidagi faol diplomatik siyosat xalqaro huquqiy nuqtai nazardan yurtimiz Tolibonlarni Afg’onistonning rasmiy hukumati sifatida tan olinishini anglatadimi? Chunki, bunday faktning tasdiqlanishi har ikki davlat uchun ma’lum bir huquq va majburiyatlarni keltirib chiqaradi.
Bunda, xalqaro huquqdagi hukumatlarni tan olish qoidalarini ko’rib chiqishimiz lozim. Avvalo, davlat sifatida Afg’onistonning mavjudligini (garchi amaldagi hukumat o’zgarsada) hech kim rad qila olmaydi. Chunki, hukumatlarning turli yo’llar bilan o’zgarishi yuridik shaxs sifatidagi Afg’onistonning “DAVLAT” sifatida maqomiga ta’sir ko’rsatmaydi. Masalan, Myanmadagi hokimiyat to’ntarishi oqibatida Aung San Suu Ki jamoasining qamoqqa olinishi Myanmaning davlat sifatidagi maqomiga(obro’siga emas) ta’sir qilgani yo’q.
Ikkinchidan, biror bir davlatdagi hukumatga kelgan yangi kuchni hukumat sifatida tan olish har bir davlatning o’z ichki masalasi hisoblanib, Tolibon kuchlarini rasmiy hukumat sifatida tan olish bo’yicha xorij davlatlarining majburiyati mavjud emas. Ammo, hukumat sifatida tan olinish uchun amaldagi kuchlarning o’sha davlatni amaliy jihatdan boshqarib, davlatning rasmiy ma’noda vakilligini yurita olish istagi va diplomatik qobiliyati borligi talab etilishini unutmaslik darkor.
Uchinchidan, bir mamlakat ichidagi konstitutsiya yoki asosiy normalarga qarshi chiqib, kuch ishlatish, ya’ni zo’ravonlik bilan amaldagi hukumatni ag’darish yo’li bilan hokimiyat tepasiga kelgan kuchlarni tan olmaslik nazariyasi 20 asr boshida ilgari surilgan(Tobar doktrinasi). Biroq, bunday yondashuv o’sha davlatning ichki ishlariga aralashishni keltirib chiqaradi deya Meksika hukumatining boshqa bir Estrada doktrinasi ham mavjud bo’lib, unga ko’ra hukumatni tan olishni butunlay bekor qilish zarur. Natijada bu borada yagona va izchil qarashni xalqaro huquq sohasidan aniqlash qiyin bo’lib, ular davlatlarning tashqi siyosiy an’analariga ko’ra farqlanadi. Misol uchun, 20 asr 70-yillari oxirlaridan boshlab Buyuk Britaniya va AQSh kabi davlatlar hukumatlarni tan olish amaliyotini bekor qilishgan. Lekin bu global amaliyot darajasiga ko’tarilmay, bir qism davlatlardagina qo’llanilmoqda. Chunki, Tolibon kuchlarining Kobuldagi hukumatni amalda egallaganlaridan keyin O’rta Osiyo va G’arb davlatlarining baralla “hukumatni tan olishda ba’zi shartlar bajarilishi lozim”ligini ayta boshlashi qurolli yo’l bilan kelgan yangi kuchning rasmiy hukumat sifatida tan olinishiga doir xalqaro huquqiy amaliyot hali-hamon mavjudligini ko’rsatib turibdi. Xulosa o’rnida, hukumatni tan olish bo’yicha xalqaro huquqda yagona amaliyot bo’lmasada, davlatlar yangi hukumatlarni xoh ochiq , xoh yashirin ma’noda qaysidir xatti-harakatlar orqali tan olishlarini bildiradirlar.
Xo’sh, unda O’zbekiston hukumatining Tolibon kuchlari bilan aloqasini qanday baholasak bo’ladi? So’nggi 2 oy ichida Kobul va rasmiy Toshkent orasida bo’layotgan faol diplomatik qatnov bizga nimani anglatadi?
Shu paytgacha, ikki tomonlama aloqalardagi muhim nuqtalar quyidagi xronologik tartibda yaqqol ko’rinadi:
- 2021 yil 8 sentabr kunidayoq O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy bayonot bilan chiqib, quyidagilarni ma’lum qilgandi[iii]:
O‘zbekiston Afg‘onistonda muvaqqat Hukumat tuzilganini olqishlaydi.Umid qilamizki, mazkur qaror mamlakatda keng ko‘lamli milliy kelishuvga erishilishi hamda mustahkam tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishi tomon ilk qadam bo‘lib qoladi. Afg‘onistonning yangi davlat idoralari bilan konstruktiv muloqot va amaliy o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligimizni bildiramiz. |
- 2021 yil, 18 sentabr:O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “SHXT-KXSHT” formatidagi uchrashuvdagi nutqi[iv]
Янги ҳокимиятни тан олиш жараёнига кириш учун шароитлар яратиш мақсадида Афғонистон ва унинг атрофидаги вазиятнинг ривожланишига нисбатан ШҲТ ва КХШТнинг умумий стратегик ёндашувини ишлаб чиқиш ғоятда муҳимдир.Учинчи. Янги ҳукумат билан мулоқот у ўз зиммасига олган мажбуриятларнинг бажарилишига яраша амалга оширилиши лозим. Булар қаторида – халқаро террорчилик ташкилотларига раҳнамолик қилмаслик; Афғонистон ҳудудидан учинчи мамлакатларга қарши фойдаланишига йўл қўймаслик; инсон, шу жумладан хотин-қизлар ва миллий озчиликларнинг асосий ҳуқуқ ва эркинликларига риоя қилинишини таъминлаш. Айни пайтда янги ҳокимият қўшма лойиҳаларни амалга оширишда хавфсизликни кафолатлаши шарт. |
- 2021 yil, 18 sentabr: O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisida so’zlagan nutqi[v]
Бугун ушбу мамлакатда янги воқелик рўй берди, ҳокимият тепасига янги кучлар келди. Бу – амалга ошиб бўлган факт. Шу муносабат билан Афғонистондаги вазиятга, шунингдек, мамлакатнинг янги ҳокимияти билан мулоқотни ривожлантиришга доир ўзаро келишилган ёндашувларни ишлаб чиқиш зарур. Хусусан, давлат бошқарувида афғон жамиятининг барча қатламларидан кенг сиёсий вакилликка эришиш; минтақада экстремизмнинг кўпайишига ва радикал мафкура экспортига, Афғонистон ҳудудидан қўшни давлатларга қарши бузғунчи ҳаракатлар учун фойдаланилишига йўл қўймаслик; инсоннинг, шу жумладан хотин-қизлар ва миллий озчиликларнинг асосий ҳуқуқ ва эркинликларига риоя этилишини таъминлаш; кенг кўламли гуманитар инқироз, қочоқлар оқимининг ўсишининг олдини олиш, ижтимоий муаммоларни ҳал этишда ушбу мамлакатга кўмакни давом эттириш муҳимдир. Бу борада Афғонистоннинг хорижий банклардаги давлат активларига нисбатан қўлланган музлатишни бекор қилиш имкониятини кўриб чиқиш лозим. |
- 2021 yil 27 sentabr kuni Termiz shahrida Surxondaryo va Balx viloyatlari hokimlari boshchiligida O‘zbekiston va Afg‘oniston chegaraoldi hududlari boshqaruv idoralari vakillaridan iborat ishchi guruhlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.[vi]
Tadbir afg‘on tomonining iltimosiga binoan Afg‘onistonga import mollarini tranzit tashuvi bilan bog‘liq masalalarni hal etish maqsadida tashkil etildi. Muloqot dastavval eng zarur xalq isteʼmol tovarlari – oziq-ovqatlar, dori-darmon, tibbiy anjomlar, kiyim-kechak va yoqilg‘i xususida bordi. |
- O‘zbekistonning Afg‘onistondagi elchisi Yodgorxo‘ja Shodmonov boshchiligidagi delegatsiya bugun, 2 oktabr kuni Kobulda “Tolibon” tashqi ishlar vaziri v.b. Amirxon Muttaqiy bilan uchrashdi.[vii]
Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlar, xususan, Mozori Sharif va Qobul aeroportlarini rekonstruksiya qilish masalalari muhokama qilingan. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasida aviaqatnovlarni tiklash masalasida ham ijobiy suhbat bo‘lgani qayd etilgan. |
- 7 oktabr: O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya 7 oktyabr kuni Afg‘oniston Islom Amirligi Tashqi ishlar vaziri v.b. Mavlaviy Amir Xon Muttaqiy bilan uchrashuv o‘tkazdi.[viii]
Abdulaziz Komilov Afg‘oniston Islom Amirligi tez kunlarda xalqaro hamjamiyatda o‘zining mustahkam o‘rniga ega bo‘lishi va O‘zbekiston savdo, tranzit va energetika sohasida o‘z zimmasiga olgan majburiyatlariga sodiq qolishini ta’kidladi. «Tolibon» rasmiysi Mozori Sharif aeroporti rekonstruksiyasi va boshqa yordamlar uchun O‘zbekiston tarafiga minnatdorchilik izhor etgan. |
- 7 oktabr: O‘zbek tili va madaniyati Afg‘onistonning yangi hukumati davrida ham rivojlanishda davom etadi – Abdulaziz Komilov[ix]
Til masalasi bilan birgalikda xavfsizlik masalasi ham tilga olingan. Tashqi ishlar vazirimizga ko’ra, «Avvalambor, biz afg‘on birodarlarimizdan kuchli va aniq kafolatlarni oldik. Birinchidan, ular «hech qachon Afg‘oniston zaminidan O‘zbekistonga qandaydir xavf, qandaydir tahdid chiqishiga yo‘l qo‘ymaymiz» degan va’dani berishdi. |
- 8 oktabr: «O‘zbekistonning afg‘on yo‘nalishida pinhona kun tartibi yo‘q» – Abdulaziz Komilov[x]
«O‘zbekistonda afg‘on yo‘nalishida qandaydir pinhona yoki mavhum ma’noli kun tartibi yo‘q. Bizning nuqtayi nazarimiz aniq-ravshan, harakatlarimiz shaffof va amaliy mazmunga ega. O‘zbekiston Afg‘onistonning tinch va mustaqil davlat sifatida qaror topishidan manfaatdordir. Afg‘on zamini mintaqa mamlakatlari va xalqaro xavfsizlik uchun bundan buyon tahdid solmasligi kerak. Barqaror, tinch va farovon Afg‘oniston ko‘p millatli afg‘on xalqining hamda xalqaro hamjamiyatning manfaatlariga javob beradi. Afg‘oniston Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik mustahkamlanishi uchun to‘siq emas, balki ko‘prik bo‘lmog‘i lozim. Bunga xalqaro hamkorlarimiz bilan birgalikda bundan keyin ham ilgari surishni niyat qilayotgan transafg‘on transport-kommunikatsiya loyihalari ko‘maklashadi», – dedi Abdulaziz Komilov «Yangi O‘zbekiston» gazetasiga bergan intervyusida. |
- 16 oktabr: Afg‘oniston Islom Amirligi hukumati rahbarining o‘rinbosari O‘zbekistonga keldi[xi]
“Delegatsiyalarga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va Afg‘oniston Islom Amirligining Muvaqqat hukumati rahbari o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdul Salam Hanafiy boshchilik qildilar. Muzokaralar chog‘ida turli vazirlik va idoralar vakillari savdo-iqtisodiy aloqalar, chegara xavfsizligini ta’minlash, energetika, xalqaro yuk tashish va tranzit sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, ta’lim va gumanitar sohadagi aloqalarni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi”, deyiladi xabarda. Qayd etilishicha, infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga, xususan, “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish tarmog‘i hamda “Termiz – Mozor-Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘lini qurishga alohida e’tibor qaratildi.“Uchrashuvlar natijasida muhokama qilingan masalalar bo‘yicha bir qator ikki tomonlama kelishuvlarga erishildi. |
Bundan ko’rinadiki, rasmiy Toshkent eng birinchilardan bo’lib Tolibonlarning muvaqqat hukumatini qo’llab chiqdi. Gumanitar hamkorlikni yo’lga qo’ydi va tashqi ishlar sohasidagi eng yuqori lavozimli kishisi – tashqi ishlar vazirini Kobulga yo’lladi.
E’tiborli tomoni shundaki, o’zining milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda, O’zbekiston Respublikasi qo’shni Afg’onistonga qanday hukumat kelishidan qat’iy nazar, ma’lum bir shartlar asosida, hamkorlik qilishga doimo tayyorligini izchillik bilan izohlab kelmoqda. Bundan tashqari, rasmiy Toshkent va Tolibon kuchlari nafaqat o’tkinchi loyihalar, balki, uzoq muddatga mo’ljallangan infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga, xususan, “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish tarmog‘i hamda “Termiz – Mozor-Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘lini qurishga alohida e’tibor qaratishmoqda.[xii] Chunki, O’zbekiston qo’shni davlatning yangi hukumatini Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik mustahkamlanishi uchun to‘siq emas, balki ko‘prik sifatida ko’rmoqda.[xiii] Shunday ekan, taraflarning vaqtinchalik favquloddagi ishlardan ko’ra uzoq muddatli loyihalar tomon yo’nalishi va o’zaro savdo va energetika masalalarini muhokama qilishlari O’zbekiston hukumatining Tolibon kuchlarini Afg’onistonning rasmiy hukumati sifatida de facto to’la tan olib bo’lganligini bildiradi.
Hatto bunday ishga O’zbekiston diplomatlari hali Toliblar Kobulni egallamay turiboq tayyorgarlik boshlashgandi. Bu esa eng pragmatik yo’l hisoblanadi.[xiv] O’zbekistonning eng katta maqsadlaridan biri bu – ichki tinchlik va barqarorlikka erishgan Afg’oniston orqali Pokistonning iliq suvli Hind okeaniga ulangan transport korridori loyihasini amalga oshirishdir. Buni hatto oktabr oyi boshida AQShning Foreign Affairs jurnali uchun bergan maqolasida Pokiston davlati Bosh vazirining xavfsizlik masalasi bo’yicha yordamchisi ham alohida ta’kidlab o’tdi.[xv]
Biroq, Rossiya kabi kuchli hamkorlarning “oyoq tirashi” O’zbekistonning ham ehtiyotkorona harakat qilishga undayotgani ko’rinib turibdi. Misol uchun, O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev 20-Oktabr kuni Moskvadagi xalqaro anjumanda quyidagi shartlarni eslatib o’tdi[xvi]:
«Men biror mamlakat o‘zining yaqin hamkorlari bilan kelishmagan holda shunday qaror qabul qiladi deb o‘ylamayman. Xususan, hozircha men yangi hukumatni tan olish imkoniyatini ko‘rmayapman. Men o‘ylaymanki, bu xalqaro hamjamiyatning asosiy ishtirokchilari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi» «Tolibon» Doha kelishuvida o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini bajarishi, afg‘on jamiyatining barcha siyosiy kuchlari vakillari ishtirokida hukumat tuzilishi, inson huquqlari va ayollarning fundamental huquqlari ta’minlanishi, mamlakat hududidan boshqa davlatlarga tahdid va terrorchilik maqsadlarda foydalanilmasligi kerak» |
Xulosa o’rnida, O’zbekiston Respublikasi va Afg’oniston islom Amirligi o’rtasida rasmiy aloqa to’liq tiklangan va xalqaro huquqiy nuqtai nazardan bunday holat, rasmiy Toshkentni Tolibon kuchlarini Afg’onistonning rasmiy hukumati deya tan olganini anglatadi. Ammo, bu holatni O’zbekiston tomoni de jure, ya’ni to’la huquqiy holatga ko’tarmoqchi emas. Chunki, agar rasman tan olish sodir bo’lsa, o’z-o’zidan Toshkentdagi Afg’oniston elchixonasi ishlariga, O’zbekistonda yashayotgan afg’onlar hayotiga va shuningdek, Afg’oniston tuproqlarida turli faoliyat bilan shug’ullanayotgan O’zbekiston fuqarolari uchun muhim huquqiy o’zgarishlar yuz berishi mumkin. Albatta, hali to’la yechilmagan muammolar ham bor: bularga Tolibon hukumati oldingi hukumat tomonidan O’zbekiston bilan imzolangan barcha xalqaro shartnomalarga rioya qiladimi, Afg’onistonda shariat qoidalari bo’yicha hal qilingan qarorlar endi O’zbekiston sudlarida tan olish va ijro etishga qaratilishi qanday kechadi kabi huquqiy savollar hali to’laligicha o’z yechimini topganicha yo’q. Tolibon hukumati oldida, bundan keyin nafaqat O’zbekiston, balki, butun dunyo davlatlari tomonidan tan olinishi va ichki iqtisodiyotni tiklash kabi juda qiyin muammolar turibdi.
[i] https://www.reuters.com/world/asia-pacific/taliban-delegation-ends-discussions-with-us-delegation-doha-2021-10-10/
[ii] https://kun.uz/uz/news/2021/10/15/putin-tolibonni-tan-olishga-shoshilmaslikka-chaqirdi
[iii] https://mfa.uz/uz/press/news/2021/ozbekiston-respublikasi-tashqi-ishlar-vazirligi-rasmiy-vakilining-bayonoti—30262
[iv] https://president.uz/uz/lists/view/4623
[v] https://president.uz/uz/lists/view/4622
[vi] https://mfa.uz/uz/press/news/2021/ozbekiston-respublikasi-tashqi-ishlar-vazirligining-matbuot-uchun-xabari—30409
[vii] https://kun.uz/uz/news/2021/10/02/ozbek-elchisi-tolibon-tashqi-ishlar-vaziri-bilan-uchrashdi
[viii] https://kun.uz/uz/news/2021/10/07/abdulaziz-komilov-kobulda-tolibon-rasmiylari-bilan-uchrashdi
[ix] https://kun.uz/uz/news/2021/10/08/ozbek-tili-va-madaniyati-afgonistonning-yangi-hukumati-davrida-ham-rivojlanishda-davom-etadi-abdulaziz-komilov
[x] https://kun.uz/uz/news/2021/10/08/ozbekistonning-afgon-yonalishida-pinhona-kun-tartibi-yoq-abdulaziz-komilov
[xi] https://kun.uz/uz/news/2021/10/16/termiz-shahrida-ozbekiston-afgoniston-muzokaralari-bolib-otdi
[xii] https://mfa.uz/uz/press/news/2021/termiz-shahrida-bolib-otgan-ozbekiston-afgoniston-muzokaralari-togrisida—30610
[xiii] https://kun.uz/uz/news/2021/10/08/ozbekistonning-afgon-yonalishida-pinhona-kun-tartibi-yoq-abdulaziz-komilov
[xiv] https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-58969684?fbclid=IwAR35OP04RwceTPkX3_vjETOBXGdczLw934mAJKVNNnHVTj0NnlwyHgcj9so
[xv] https://www.foreignaffairs.com/articles/afghanistan/2021-10-07/how-pakistan-sees-afghanistan
[xvi] https://kun.uz/uz/news/2021/10/20/ismatulla-ergashev-tolibon-hukumatini-tan-olish-shartlarini-eslatdi