25-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston-Rossiya hamkorligiga doir qator dolzarb masalalar muhokama qilindi. Xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi masalalar, shu jumladan Ukraina atrofida yuzaga kelayotgan vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi. Ushbu muloqotdan keyin esa rasmiy Kreml bergan ma’lumotlar ba’zi tushunmochiliklarni keltirib chiqardi.
Rossiya prezidentining matbuot xizmati bergan xabarga ko’ra,
“Donbassdagi tinch aholini himoya qilish, shuningdek Ukrainani demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilish maqsadida maxsus harbiy operatsiya o‘tkazilayotgani munosabati bilan voqealar rivojining borishi muhokama qilindi. Shavkat Mirziyoyev Rossiya tomonidan amalga oshirilayotgan harakatlarni tushunishini bildirdi”.
Shundan keyin, O‘zbekiston prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov 25 fevral kuni Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin o‘rtasida kechgan telefon muloqoti borasida ikkita tomonning rasmiy relizi bir-biridan farq qilishi bo‘yicha 26-fevral kuni rasmiy izoh berdi.
“Kechadan buyon mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari va blogerlaridan O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlarining yaqinda bo‘lib o‘tgan telefon muloqoti yakunlariga izoh berishimni so‘rab, murojaatlar kelib tushmoqda.
Shu munosabat bilan hamkasblarimizga quyidagilarni ma’lum qilmoqchiman.
Ikki tomonlama munosabatlarning keng ko‘lamli kun tartibida turgan dolzarb masalalardan tashqari, O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari Ukraina atrofida yuzaga kelayotgan vaziyat yuzasidan ham fikr almashdilar.
Rossiya Prezidenti davlatimiz rahbariga maxsus harbiy operatsiyani o‘tkazish to‘g‘risida qabul qilingan qarorning sabablari va shart-sharoitlari haqida ma’lumot berdi.
O‘zbekiston yetakchisi, o‘z navbatida, tomonlar vaziyatni hal qilishning o‘zaro maqbul yo‘llarini tez fursatda topishlari va uning yanada keskin tus olishiga yo‘l qo‘yilmasligiga umid bildirdi.
Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, O‘zbekiston bu masala bo‘yicha vazmin, neytral pozitsiyada.
Mamlakatimiz azaldan ham Rossiya, ham Ukraina bilan yaqin, do‘stona munosabatlarga ega. Biz keng mintaqamizda tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyot bo‘lishidan manfaatdormiz. Barcha bahs va kelishmovchiliklar faqatgina xalqaro huquq normalari asosida hal qilinishi lozim”.
Muallif izohi:
1. O’zbekiston bilan Rossiya o’rtasidagi shartnomaviy-huquqiy asos mavjudligi uchun ham O’zbekiston hukumatining biroz noqulay vaziyatda turganligini aslo unutmaslik kerak. Ikki davlat o’rtasidagi munosabatlar 2004 yil 16 iyunda imzolangan Strategik sheriklik to’g’risidagi shartnoma, 2005 yil 14 noyabrda imzolangan Ittifoqchilik munosabatlari to’g’risidagi shartnomaga asoslanadi. Ayniqsa, keyingi shartnomaning 2-moddasida shunday deyilgan:
Bundan tashqari ushubu shartnomaning boshida taraflar, “Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustavining, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti asosiy hujjatlarining maqsadlari va prinsiplariga sodiqligini tasdiqla“shgan.
2. Rossiya hozirda ham O‘zbekiston Qurolli Kuchlariga qurol va harbiy texnika yetkazib berish bo‘yicha eng yirik sherik bo‘lib qolmoqda. Shunday ekan, garchi O’zbekistonning strategik sherigi sifatidagi Rossiyani Ukraina bosqini masalasida passiv pozitsiya egallab, neytral holatda turishini xalqaro huquq nuqtai nazaridan ideal vaziyat bo’lmasada, prezident matbuot kotibi janob Asadovning eng ohirida “Barcha bahs va kelishmovchiliklar faqatgina xalqaro huquq normalari asosida hal qilinishi lozim” deya ta’kidlashi nihoyatda muhim bo’lib, O’zbekistonning an’anaviy pozitsiyasini takrorlaydi.
- Boshqa tomondan, Polshaning tegishli idoralari O‘zbekiston Respublikasining Ukrainadagi fuqarolariga Polsha davlat chegarasini vizasiz kesib o‘tishlariga rozilik berganligi va O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi xabariga ko‘ra, 26 fevral Toshkent vaqti bilan soat 20:30da 90dan ziyod O‘zbekiston fuqarolaridan iborat birinchi evakuatsiya guruhi Lvovdan “Krakovets” nazorat-o‘tkazish punkti yo‘nalishi bo‘ylab yo‘lga chiqqanligi ham xabar qilinmoqda.