Ukraina bilan urushda Rossiyani O’zbekistonning qo’llab-quvvatlash majburiyati qayergacha? (2022/03/01)

Photo credit: ALEXANDER NEMENOV/AFP/Getty Images

Bu masala biroz chigalroq. Muhim fakt shundaki, O’zbekiston 2005 yil yoz oylarida AQShni Xonobod bazasidan chiqib ketishi uchun 6 oy muddat berib, uning xarbiy bazasini mamlakatdan chiqarib yuborgandi. Undan atiga 4 oy o’tib, Rossiya va O’zbekiston “Ittifoqchilik munosabatlari to’g’risidagi” shartnoma imzolab, uning 2-moddasida quyidagicha kollektiv xavfsizlikka kelishib olganlar:

2-modda: Biror davlat yoki bir guruh davlatlar tomonidan Tomonlardan biriga qarshi tajovuzkorlik harakati sodir etilsa, bunga ikkala Tomonga qarshi sodir etilgan tajovuzkorlik harakati deb qaraladi. Tomonlardan biriga qarshi tajovuzkorlik harakati sodir etilsa, boshqa Tomon Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustavining 51-moddasiga muvofiq kollektiv tarzda o‘zini o‘zi mudofaa qilish huquqidan foydalanish sifatida unga zarur yordam beradi, shu jumladan harbiy yordam, va shuningdek o‘z ixtiyorida bor boshqa vositalar bilan qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu modda asosida ko‘rilgan choralar to‘g‘risida Tomonlar zudlik bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik Kengashini xabardor qiladilar. Ushbu choralarni ko‘rayotganda Tomonlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustavining qoidalariga rioya qiladilar.

Bu modda bir necha jiddiy savollarni yuzaga keltiradi.

Birinchidan, Rossiyaning Ukrainaga qilayotgan xarbiy tajovuzini O’zbekiston qo’llab-quvvatlash majburiyatidami?

Javob: menimcha yo’q. Chunki, “Ittifoqchilik munosabatlari to’g’risidagi” shartnomaning preambulasida taraflar,Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustavining, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti asosiy hujjatlarining maqsadlari va prinsiplariga sodiqligini tasdiqla”shgan. Bundan tashqari, yuqoridagi 2-moddaning eng ohirgi jumalasida ham ular BMT Nizomini asos qilib olishlarini ta’kidlaganlar. Shunday ekan, Ukraina masalasida O’zbekistonning o’zining eng muhim ittifoqchisiga nisbatan neytral pozitsiya olib, xalqaro huquqni hurmat qilishga chaqirishini pozitiv baholash lozim.

Ikkinchidan, agar urush Rossiya hududlariga ko’chadigan bo’lsachi?

Javob: Bunda vaziyat anchayin chigallashadi va KXSHT a’zolari bilan bilan birgalikda O’zbekiston ham Rossiyaga amaliy yordam berishga huquqiy majburyati o’laroq chaqirilishi mumkin. Buni kelajakdagi vaziyat ko’rsatadi. Ammo, agressorni tiyib qo’yish va BMT Nizomiga hurmatni tiklash ma’nosida G’arb qo’shinlari Rossiyaga kiradigan bo’lsa, O’zbekistonning Rossiyaning himoyasiga borish majburiyati bo’lmaydi.  Chunki, O’zbekiston va Rossiyaning ittifoqchilik munosabatlari xalqaro huquqning eng muhim prinsiplariga tayanadi. Uni buzgan tarafga boshqa tarafning yordam berish majburiyati yuzaga chiqmaydi.  

Uchinchidan, G’arb sanksiyalari natijasida Rossiyaning zaiflashayotgan iqtisodiga yordam berish majburiyati O’zbekistonda yuzaga keladimi? Javob: 2004 yildagi Strategik sherikchilik va 2005 yildagi Ittifoqchilik munosabatlriga oid ikki muhim shartnomalarda ham O’zbekiston Rossiya bilan iqtisodiy aloqalarni maksimal ravishda yaxshilashga vadalashgan bo’lsada, shartnomalar preambulasida aytilganidek, BMT Nizomiga va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti asosiy hujjatlarining maqsadlari va prinsiplariga sodiqlik asosida harakat qilishi lozimligi sababli ham, bunday shartnomalarga zid harakatni amalga sohirib, sanksiyalar ostida qiynalayotgan Rossiya Federatsiyasiga O’zbekiston hukumatining moddiy yordam berish majburiyati yuzaga kelmaydi, deb o’ylayman.

Taklif etiladigan maqolalar

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *