Afg’on uchuvchilari olib qochgan harbiy uchoqlarni O’zbekiston Tolibonlarga qaytarishi shartmi? (2022/03/11)

Masalaning faktlari: 2022 yil boshidan Afg‘onistondagi Tolibon harakatining muvaqqat hukumati avvalgi tuzum qulashi chog‘ida O‘zbekiston va Tojikistonga olib chiqib ketilgan harbiy uchoqlarni qaytarish bo‘yicha ikki davlat bilan muzokaralarni boshladi.[1] 2021 yil avgust-sentabr oylaridagi rejim almashinuvi paytida, afg‘on uchuvchilari vatanlaridan qo‘shni Tojikiston va O‘zbekistonga 40 tadan ortiq harbiy uchoqlarni(Black Hawk vertolyotlari, PC-12 ayg’oqchi samolyotlari, Sovet davridagi Mi-17s) olib qochgan.[2] 2021 yilning 14−15 avgust kunlari Afg‘onistonning 22ta harbiy samolyoti va 24 ta vertolyoti O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tgani haqida xabar berilgandi.[3]  Tolibon muvaqqat hukumatidagi Mudofaa vazirligi, O‘zbekiston va Tojikiston hukumatlariga harbiy texnikalarni qaytarish bo‘yicha murojaat allaqachon berilganini, biroq hozircha ijobiy javob yo‘qligini aytgan. 11-yanvarga kelib esa Toliblar mudofaa vaziri jiddiy ohangdagi so’zlar bilan Tojikiston va O‘zbekistonni Afg‘onistondan olib chiqib ketilgan harbiy aviatsiya texnikalarini qaytarib berishga chaqirdi.[4]

Tolibon mudofaa vaziri mavlaviy Muhammad Yoqub afg‘on aviatsiya texnikalari Afg‘oniston boyligi hisoblanishi va O‘zbekiston va Tojikiston ularni qaytarilishi kerakligini ta’kidlab, “Tojikiston yoki O‘zbekistonda turgan samolyotlarimiz qaytarilishi kerak. Biz ushbu samolyotlarning xorijda qolishiga yoki ushbu davlatlar tomonidan ishlatilishiga ruxsat bermaymiz” degan.[5]

Aytish joizki, harbiy vertolyot va samolyotlar AQSh tomonidan Afg’onistonning oldingi hukumatlariga taqdim etilgan bo’lib, 2022 yil 19-yanvar kuni Pentagon matbuot kotibi Kirbi-ga ko’ra, ushbu texnikalar AQSh tan olmaydigan va haligacha inson huquqlarini ta’minlamagan Tolibon harakatiga taslim qilinmaydi.[6]

O’zbekiston hukumatining qiyin vaziyatda qolganligi aniq: bir tomondan AQSh bilan yaxshi munosabatlarni ushlash masalasi, ikkinchi tomondan esa hali ham rasmiy ravishda tan olinmagan bo’lsada, amalda juda faol diplomatik va iqtisodiy aloqalar rivojlanayotgan Tolibon harakati bilan munosabatlarni do’stona ruhda ushlab turish turibdi. Ayniqsa, O’zbekiston hukumati “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshavor” transafg‘on temiryo‘lini qurish loyihasini Tolibonlar bilan vazirlar darajasida muhokama qilishni allaqachon boshlab yuborgan[7] bir paytda, harbiy texnikalarni qaytarish masalasi rasmiy Toshkent uchun albatta katta bosh og’riqdan boshqasi emas.

Masalaning huquqiy tomoni: Ammo, biz iqtisodiy va siyosiy masalalarni bir chetga surib, Tolibon harakatining harbiy texnikalarni yurtlariga qaytarish masalasida xalqaro huquq me’yorlariga muvofiq qay darajada haqli ekanliklari masalasini ko’rib chiqsak. Bu yerda davlat va hukumatlarni tan olish va harbiy uchoqlarga taqdim etiladigan suveren immunitet huquqi masalasi ko’tariladi.

Suveren immunitet va harbiy uchoqlar

Avvalo, harbiy uchoqlarning suveren immunitet huquqi masalasini ko’rsak. Xalqaro odat huquqi, 1919 yildagi Parij konvensiyasi va 1944 yildagi Chikago konvensiyalariga ko’ra, bunday texnikalar ‘davlat uchoqlari’ sifatida qaralib, ularning xorij davlati tomonidan tekshirilishi va ko’zdan kechirilishi taqiqlangan.[8] Biroq, bunday texnikalar biror bir davlatning milliy hududiga ruxsatsiz kira olmaydi. Muammo shundaki, turli vaziyatlar tufayli bunday uchoqlar qo’shni yoki boshqa davlat hududiga kirib qoladi. Shunday vaziyatda, agar ular o’sha davlatning roziligisiz uning hududiga kirib borib qo’nsalar, suveren immunitet huquqidan mahrum bo’ladilarmi yoki yo’qmi degan savol yuzaga keladi. Aytish kerakki, bu borada xalqaro huquqda yakdil amaliyot mavjud emas.[9] Masala, boshqa davlat hududiga ruxsatsiz kirib qolgan harbiy uchoqlarni xavfsizlik nuqtai nazaridan tekshirish va ko’zdan kechirish, ularning ishini mahalliy sudlarga oshirish borasida ketmoqda.

Bu masalada aytish kerakki, xarbiy uchoqlarga mahalliy sudlar yurisdiksiyasi tadbiq etilmaydi. Ular o’zlarining davlatlariga qaytarilishi kerak. Ammo, uning ekipaji samolyotni xizmat vazifasidan tashqari vaziyatda chet el davlati hududiga olib kirgan bo’lsa, bunday holatlarga ichki qonunlarni buzganlik uchun bunday holatlarga nisbatan mahalliy sudlar yurisdiksiyasi tadbiq etiladi.[10]  

Harbiy uchoqlarni xavfsizlik nuqtai nazaridan tekshirish va ko’zdan kechirish masalasi es biroz tortishuvlidir. Misol uchun, 2001 yilda Xitoyning janubiy qismidagi Haynan oroliga kirib qolgan AQShning EP-3 harbiy uchog’ini Xitoy hukumati ko’zdan kechirganligi AQSh tomonining noroziligiga sabab bo’lsada, Xitoy tomoniga ko’ra, bunday uchoqlarning Xitoy hududiga ruxsatsiz kirishi mumkin bo’lmay, agar bunday vaziyat yuzaga kelsa, ularga nisbatan suveren immunitet huquqi tatbiq etilmaydi.[11] Bunga o’xshash masala SSSRdan Yaponiyaga 1976 yilda MiG-25 harbiy uchog’i orqali qochib o’tgan rus harbiysi muammosida ham yuz berib, Yaponiya tomonining SSSR harbiy uchog’ini ko’zdan kechirib tekshirishi SSSRning noroziligiga sabab bo’lgandi. 2016 yilda Turkiyadagi davlat to’ntarishi arafasida Gretsiyaga olib qochilgan Black Hawk vertolyoti esa tekshiruvdan so’ng Turkiyaga zudlik bilan qaytarilgan.[12] 1976 yildagi Mig-25 ishida[13]  va 2001 yildagi EP-3 ishida[14] esa samolyotlar parchalarga ajratilib, bir necha oydan keyin qaytarilgan. Xulosa o’laroq, ruxsatsiz uchib o’tgan harbiy uchoqlar doimo o’zining davlatiga qaytarilishi amaliyotda sobit bo’lgan.

Kichik eslatma: harbiy uchoqdan ko’ra, uning bortidagi harbiylarni vatanlariga qaytarish masalasi jiddiy siyosiy muammoga aylanishi bor bo’lsada, afg’on harbiy uchuvchilari bilan bunday muammo hozirda O’zbekistonda mavjud emas. Tolibon tomoni bilan munosabatlarining yomonlashuvini istamagan O’zbekiston hukumatining AQShga nisbatan tezkor talabiga muvofiq, afg’on uchuvchilari BAAdagi AQSh harbiy bazasiga 2020 yil Sentabr ortasidayoq jo’natib yuborilgan.[15] Bunday oqilona yo’l bilan, O’zbekiston tomoni Tolibonlar qattiq nafrat qilgan harbiy uchoqlar uchuvchilari muammosidan qutulib qoldi. 

Biroq muammo, afg’on harbiy uchuvchilari harbiy uchoqlarni Tolibon harakatini rasmiy tan olmaydigan O’zbekiston hududiga olib kelishganligida yotadi. Shunday ekan, bu masalani faqatgina suveren immunitetga oid huquq bilan hal etib bo’lmaydi.

Hukumatni tan olish va harbiy uchoqlar

Umumiy qoida o’laroq, rasmiy tan olingan(de jure) hukumatgina boshqa davlat hukumatiga qarshi o’sha davlat hududida joylashgan mulklarining qaytarilishini talab qila olishi mumkin.[16] Shunday ekan, birinchi o’rindagi savol shu – Tolibon harakatining amaldagi hukumatini O’zbekiston tan olganmi?  Ushbu savolga 2021 yil 21-oktabrdagi blog postimizda O’zbekiston Respublikasi va Afg’oniston Islom Amirligi o’rtasida aloqalar to’liq tiklanganligi,  xalqaro huquqiy nuqtai nazardan bunday holat, rasmiy Toshkentni Tolibon kuchlarini Afg’onistonning rasmiy hukumati deya tan olganini anglatishi mumkinligini, ammo, Rossiya kabi jahondagi boshqa davlatlarning Tolibonga nisbatan shartlarni qo’yishi oqibatida O’zbekiston tomoni Tolibon bilan munosabatni de jure, ya’ni to’la huquqiy holatga ko’tarmoqchi emasligini aytib o’tgandik.[17] Vaholanki, de facto – amalda O’zbekiton rasmiylari Qobuldagi Toliban harakati bilan xuddi tan olingan hukumatlar kabi jiddiy loyihalarni muhokama qilishda hozir ham qizg’in davom etishmoqda. Shunday ekan, rasmiy Toshkentning de jure tan olmasligi, Tolibon hukumatining harbiy uchoqlarga bo’lgan talab etish huquqining cheklanganligini anglatadi. Ya’ni, masalaning kirish joyidayoq, Tolibon harakati xalqaro huquqiy to’siqqa duch keladi.

Ammo, ikkinchi masala ham mavjud: agar Tolibon harakati Afg’onistonning rasmiy hukumati o’laroq tan olinsa, O’zbekiston tomonida harbiy uchoqlarni janubiy qo’shnisiga qaytarish majburiyati baribir vujudga keladimi? Boshqacha so’z bilan aytganda, bir mamlakatda rejim o’zgarishidan oldin chetga chiqib ketgan moddiy boylikka yangi rejimdagi xalqaro tan olingan hukumatning haqi qay darajada bo’ladi? Agar hukumat rasmiy tan olinsa, unda davlatga oid huquq va majburiyatlarni bajarish imkoniga ega bo’ladi va o’sha davlatning chet eldagi boyliklarini erkin ishlatish imkonini qolga kiritadi. Bu ham Afg’onistonning rasmiy tan olinadigan kelajakdagi hukumati (agar holat o’zgarmasdan davom etsa, bunda Tolibon harakati hukumatini ko’rishimiz mumkin) tashqariga olib chiqib ketilgan harbiy aviatsiya texnikalariga da’vo qila olishini anglatadi.

Bu masalada muhim joyi shundaki, agar O’zbekiston tomoni Toliblar hukumatini rasmiy tan olmasa, unda bunday majburiyat vujudga kelmay turaveradi. Shu bilan birga, xalqaro huquqiy qoida o’laroq, hech bir davlat boshqa bir davlat hukumatini majburan tan olishi shart ham emas. Bu har bir davlatning o’zining ichki ishi hisoblanadi. Shunday ekan, janubiy qo’shnilar hukumatini de jure tan olish masalasi rasmiy Toshkentning qo’lida.

Faqat bilib qo’yish lozimki, bir davlatning tan olinmagan hukumati o’sha davlatning chet eldagi boyliklarini umuman ishlata olmaydi deganini ham anglatmaydi. Agar chet el hukumatlarini bunga izn bersalar, hali rasmiy tan olinmagan bo’lsada, muayyyan bir harakat hukumati o’sha davlatning xorijdagi mulklaridan foydalana olishi mumkin. Misol uchun, hozirgacha hech kim AQShdagi Nyu-York banki va Jahon bankidagi jami 9 milliard $ miqdoridagi Afg’oniston davlatining moddiy zaxiralarini rad etganligi yo’q. Muammo, uni inson huquqlariga amal qilmaydigan Tolibonga qaytarish yoki qaytarmaslik masalasidir. 2022 yil 2-mart kuni esa Jahon Banki 1 milliard dollar miqdordagi pulni Afg’onistonga ba’zi shartlar asosida qaytarishga qaror qildi.[18] Shunday ekan, Tolibon harakati hukumatini rasmiy tan olmay turib ham, O’zbekiston tomoni siyosiy iroda o’laroq qochib o’tgan harbiy uchoqlarni istagan vaqtida Afg’onistonga qaytarishi mumkin. Albatta, siyosiy reallik holatida AQShning bosimi ostida bunday holat yuz berishi amalda juda qiyin.

Uchinchi masala esa quyidagicha: agar harbiy aviatsiya texnikalari Toliblarga qaytarilmasa, unda uni O’zbekiston armiyasi qo’llay oladimi? Siyosiy jihatdan O’zbekiston-AQSh o’rtasida bu masala hali hamon yechilmagan ko’rinadi. Ammo, nazariy jihatdan, AQShning biroz eskirgan ushbu texnikalarni uzoq Amerikaga qaytargandan ko’ra, O’zbekiston kabi ushbu hududdagi do’st davlatlarga ‘hadya’ qilib ketgan afzal. Bunga tarixdan misollar bor. 2015 yilda AQShning Afg’onistondan chiqib ketishining boshlanishi tufayli AQSh armiyasining 308 ta minadan himoyalangan zirhli avtomobillarini (Mine-Resistant Armor-Protected vehicles) O’zbekistonga hadya qilgani matbuotda shov-shuv ko’targandi.[19] Ammo, huquqiy o’laroq muammo shundaki, keyinchalik Afg’onistonda rasmiy tan olinadigan hukumat O’zbekiston hukumatidan Afg’oniston mulkini ruxsatsiz ishlatib yuborganligini ro’kach qilib tovon to’lashni talab qilishi mumkin. Faqat shuni ham ta’kidlash kerakki, O’zbekiston va Afg’oniston o’rtasida biror shartnoma bo’lmasa, harbiy aviatsiya texnikasini qanday darajada asrash yoki uni tamirlab saqlab turish bo’yicha O’zbekiston hukumati oldida biror majburiyat bo’lmaydi.

Unda harbiy uchoqlar masalasini qanday hal etgan ma’qul? Bu savolni hozircha Toshkent-Qobul-Vashingtondagilar jiddiy o’ylayotgan bo’lishlari kerak. Ammo, turli yechimlar mavjud. Shulardan biri, Tolibonning ushbu da’vodan voz kechishi, ammo bu haqiqatdan yiroq. Kim ham shunday jozibali texnikalardan voz kechardi? Ammo, AQShning bosimi ostida O’zbekistonning ham ushbu texnikalarni Tolibonlarga qaytarishi amri-mahol. Unda keyingi yechim sifatida, hukumatlarni shartli ravishda tan olish masalasi o’rtaga chiqadi: yangi hukumatlarni tan olishda tan oluvchi tomon ba’zi bir shartlarini qo’yish imkoniga ega bo’ladi. Misol uchun, 1933 yilda AQSh va SSSR o’rtasida imzolangan Ruzvelt-Litvinov bitimiga ko’ra, AQShning SSSR hukumatini tan olishi ba’zi moliyaviy da’volarni hal etilishi va SSSRning AQSh ichki ishlariga nisbatan zararli harakatlarni qilmasligi kabi shartlar evaziga yuz bergan. Yevropa Ittifoqining sobiq SSSR davlatlarini tan olishi ham xuddi shunday shartlar asosida bo’lganligini ta’kidlash zarur. Unday bo’lsa, O’zbekiston tomoni ham Tolibonlarga nisbatan Surxondaryo viloyatiga qochib o’tgan harbiy uchoqlarga nisbatan da’vo qilmaslik sharti bilan ularni tan olish shartini qo’yib, rasmiy Qobulni tan olishi mumkin. AQSh qarshilik qilmasa, harbiy texnikalar O’zbekiston armiyasida qolaveradi. Bu yog’i endi diplomatlarning ishi.


[1] https://kun.uz/uz/news/2022/01/05/tolibon-ozbekiston-va-tojikistondan-vertolyotlarni-qaytarish-boyicha-muzokaralarni-boshladi

[2] https://www.rferl.org/a/afghanistan-pilots-uzbekistan-release/31455659.html

[3] https://kun.uz/uz/news/2022/01/14/bu-munosabatlarimizga-tasir-qilmaydi-tolibon-vakili-ozbekiston-bilan-aviatsiya-texnikasi-boyicha-muammo-haqida

[4] https://kun.uz/uz/88306022

[5] https://www.voanews.com/a/taliban-demand-uzbekistan-tajikistan-return-dozens-of-afghan-aircraft/6392629.html

[6] http://tashkenttimes.uz/world/8209-u-s-aircraft-will-not-return-to-taliban-says-pentagon-press-secretary

[7] https://daryo.uz/2022/02/23/sardor-umurzoqov-kobulda-tolibon-rahbariyati-bilan-uchrashuvlar-otkazdi/

[8] https://digital-commons.usnwc.edu/cgi/viewcontent.cgi?article=1567&context=ils

[9] Kurozaki and others, Law of Armed Conflict and Interntional Security: A Practitioners’ Manual, Kobundo, 2021, p.133-134  

[10] https://core.ac.uk/download/pdf/147637917.pdf

[11] https://www.latimes.com/archives/la-xpm-2001-apr-04-mn-46596-story.html

[12] https://www.cnbc.com/2016/07/16/turkish-military-members-flee-to-greece-seek-asylum-after-coup.html

[13] https://www.bbc.com/future/article/20160905-the-pilot-who-stole-a-secret-soviet-fighter-jet

[14] https://sgp.fas.org/crs/row/RL30946.pdf

[15] https://www.rferl.org/a/afghanistan-pilots-uzbekistan-release/31455659.html

[16] M.Shaw, Internaitonal Law, 7th ed, Cambridge, p.333

[17] https://umirdinov.com/ozbekiston-qoshni-afgonistondagi-tolibon-hukumatini-tan-oldimi/

[18] https://www.reuters.com/world/asia-pacific/world-bank-board-backs-plan-shift-1-bln-frozen-afghan-trust-fund-source-2022-03-01/

[19] https://eurasianet.org/no-longer-under-sanctions-uzbekistan-gets-300-armored-vehicles-from-us

Taklif etiladigan maqolalar

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *