SkyPower Global mojarosi – Investor O‘zbekiston rasmiylarini tamagirlikda aybladi (2023/2/1)

Aytish kerakki, investor bundan oldin ham Amerika Ovozi axborot agentligiga 2020 yilda shu masalada katta intervyu bergandi. Kun.uz nashri uni qayta yuzaga olib chiqdi.

“Biz narxni tushirib, ko‘proq energiya taklif qilsak ham ish siljimadi. Aminmanki, ular nimadir kutyapti”, deya O‘zbekiston hukumati rasmiylarini tamagirlikda aybladi kanadalik investor. U quyosh elektr stansiyasi bo‘yicha shartnoma bekor qilinsa, sud orqali O‘zbekistondan 1,4 mlrd dollar undirishi mumkinligini aytdi. Kun.uz manbasiga ko‘ra, energotizim rahbariyatidan bu masalada OAVga izoh bermaslik bo‘yicha topshiriq bo‘lgan.

Kanadaning “Skypower Global” kompaniyasi direktori Kerri Adler O‘zbekistonda quyosh elektr stansiyasini qurish loyihasiga hukumatdagi ayrim amaldorlar to‘sqinlik qilayotganini aytmoqda.

“Skypower Global” Kanada kompaniyasi bo‘lib, qariyb 30 yildan beri quyosh elektr stansiyalarini qurish bilan shug‘ullanadi. Asosiy hissadorlari – amerikaliklar.

2018 yilda prezident Shavkat Mirziyoyev BMTdagi uchrashuvda kompaniyani O‘zbekistonda quyosh elektr stansiyasi qurishga taklif qilgan. O‘sha yili “Skypower” Toshkent, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida quyosh fotoelektr stansiyalarini qurishi bo‘yicha prezident qarori ham qabul qilingan.

Kompaniya va hukumat o‘rtasida tuzilgan shartnomaga ko‘ra, “Skypower” 1 KVt quyosh energiyasini 6 sentdan sotishiga kelishilgan, ammo O‘zbekiston tomoni keyinchalik narxni tushirishga uringan.

Kompaniya direktori Kerri Adler BBC o‘zbek xizmatiga bergan intervyusida aytishicha, kompaniya avvaldan kelishilgan narxni tushirishga ham tayyorligini bildirgan, lekin o‘zbek rasmiylari shunda ham imkon bermayapti. Investor hukumat vakillarini tamagirlikda ayblamoqda.

Adlerning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytgacha AQSh Davlat departamenti, Kanada tashqi ishlar vazirligi hamda Kanada va AQSh elchilari O‘zbekistonga “Skypower”ga bo‘layotgan to‘siqlar haqida kamida 6 marta murojaat qilishgan.

“Hukumatning yuqori mansabdorlari tamagirlik qilgani videoga yozib olingan”

— Hozirda “Skypower” loyihani ilgari surish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilyapti. O‘zbekiston energiya tanqisligidan qiynalayotganidan afsusdaman. 4-5 yil avval oilam bilan qishning o‘rtasida elektrsiz qolgan edik. Shunday ekan, sovuqda havo yana soviydimi deb o‘tirish oson emas. “Skypower” bu loyihani amalga oshirish uchun qattiq harakat qilyapti, lekin bizga bog‘liq bo‘lmagan voqealar yuz berdi. Kovid pandemiyasi va undan keyin kiritilgan cheklovlar dengiz orqali yuklarning kechikishi, logistika muammolariga sabab bo‘ldi. Ukrainadagi urush tufayli esa uskunalarning kechikishi davom etmoqda. Bularni nazorat qilish qiyin, ammo nazorat qilish mumkin bo‘lgan ishlar bor. U ham bo‘lsa, hukumatning ish samaradorligi.

Hukumatdagi ba’zi unsurlar boshidanoq bu loyihamizga to‘sqinlik qilib, uni kechiktirib kelishyapti. Prezidentning yaxshi niyati va insoniyligi, barcha investorlar himoyalanishini aytganiga qaramay, biz duch kelgan voqelik boshqacha bo‘ldi. O‘zbekiston hukumatidagi ba’zi shaxslar bizni mavhum sharoitda qoldirishdi.

Hukumatning yuqori mansabdorlari bizga tamagirlik qilayotgani videoga yozib olingan. Shartnoma shartlarini o‘zgartirmasak, loyihani yana kechiktirishni aytganlari yozib olingan. Ular atayin bu fitnani qilishyapti. Nega ular O‘zbekiston xalqiga bu qadar zarur energiyani bermayapti?

— Ular nega bunday yo‘l tutyapti deb o‘ylaysiz?

— Shimoliy amerikalik investor sifatida qattiqqo‘l me’yorlarga bo‘ysunamiz. Korrupsiyaga qarshimiz, har bir ishimiz shaffof. Ba’zilar u yerdagi korrupsion sxemaga aralashar, ammo biz bunday qilmaymiz.

Prezidentning shaxsan o‘zi BMTda o‘tgan uchrashuvda meni chaqirib, “Skypower”ni O‘zbekistonga taklif qilgan. “14 kun ichida yetib kelinglar”, deb ta’kidlagan. U nafaqat loyiha uchun yer, balki himoya ta’minlanishini kafolat qilgan.

— Siz korrupsiyaga shama qildingiz, O‘zbekiston rasmiylari bevosita yoki bilvosita pora so‘ragan hollar bo‘ldimi?

— Agar bevosita shunday talab bo‘lsa, biz bu haqda xabar berardik. Boshidanoq hukumatga bunday talablar bo‘lmasligini aytganmiz. Qayta-qayta eshityapmanki, bizning muammolarga O‘zbekistonda o‘tmishda qo‘llangan qoidalarga bo‘ysunmaganimiz sabab bo‘lmoqda. Korrupsiya O‘zbekistonda keng tarqalganidan xabarim bor, ammo boshidanoq 1 dollar ham ortiqcha bermaymiz deb kelishganmiz.

6 oy davom etgan muzokaralarda adolatli shartlarga kelishganmiz. Biz yetkazib beradigan elektr uchun narxlarni mustaqil iqtisodiy komissiya jahon bozoridagi o‘rtacha narx deya ma’qullagan va prezident hatto farmon ham chiqargan.

— Siz ehtimoliy korrupsiya bir sabab deyapsiz, yana qanday sabablar bo‘lishi mumkin? Loyihangiz nafaqat kechiktirilgan, balki butunlay yopiladi deya ogohlantirilganmi?

— Avvaliga bu loyihani yoqtirmasliklariga sabab uning narxi deb o‘ylagandim. O‘zbekistonga 1000 MVt quyosh energiyasini ishlab chiqarib, mlrd dollardan ortiq sarmoya kiritamiz deya kelishganimizda, biz u yerga borgan birinchi kompaniya edik. Shartnoma orqa xonalarda emas, rasmiy tashriflar chog‘ida imzolangan. Shartnoma biznes munosabatlari uchun muqaddas hisoblanadi, lekin biz kelganimizdan so‘ng O‘zbekiston tender e’lon qila boshladi.

Tenderlar boshqacha ishlaydi. Unda kompaniyaga Jahon banki kafillik qiladi, bu biz O‘zbekiston hukumatidan olgan kafolatdan ancha kuchliroq. Shunday holatda ba’zi kompaniyalar kelib biznikidan pastroq narx taklif qilgan. Ehtimol, bizning muammolarimizga shu narxlar sabab bo‘ldi.

2 yil davomida bizga to‘siqlar bo‘lganidan keyin “gap nimada o‘zi?” deb so‘radik. Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosariga aytdim: “Siz 6 sentga rozi emasmisiz, keling, men 3,75 sentga tushiraman va deyarli 2 barobar ko‘proq energiya ishlab chiqaraman”, dedim. “O‘ylab ko‘rishimiz kerak” dedi-da, yo‘q bo‘lib ketdi. Tasavvur qiling, men yuz minglab uylarni yoritadigan 1000 MVt energiya yetkazib beraman deyapman va narxini tushiryapman.

Agar loyihamizga shunchalik to‘sqinlik qilishmaganida hozir O‘zbekistonda kamida 300-400 ming xonadonda elektr bo‘lardi. Ularda odamlar bolalari bilan sovuqda o‘tirmasdi. O‘zimning 6 nafar farzandim bor, ularga tok yo‘q deb aytish qanday og‘irligini tasavvur qila olmayman.

— “Skypower” kompaniyasi 2012 yilda Kanadaning Ontario hududi va Energetika vazirligi qarori ustidan sudga shikoyat qilgan. Lekin sud arizangizni rad etgan. O‘shanda sudya shunday degan ekan: “O‘yin o‘rtasida o‘yin shartlarini o‘zgartirish adolatsiz ko‘rinishi mumkin, ammo hukumat dasturlari bilan ishlayotganingizda o‘yin dasturi shunday”. Siz shartnoma biznes uchun muqaddas deyapsiz, ammo hukumatlar xalq manfaatlaridan kelib chiqib shartnoma shartlarini o‘zgartirishi adolatdan emasmi?

— 2012 yilda Ontarioda bo‘lib o‘tgan ishga to‘xtalsam. O‘shanda hukumat ko‘proq quyosh energiyasini ishlab chiqarish uchun dehqonchilik yerlarini ham iste’molga bera boshlagan. “Skypower” va yuzlab kompaniyalar fermer yerlarini sotib olgan yoki ijaraga olgan. Natijada fermerlik yerlari kamaya boshladi. Shunda hukumat fermerlik yerlari quyosh energiyasi uchun ishlatilishiga cheklov o‘rnatdi. “Boshqa yerlar ishlatilsin, bo‘lmasa oziq-ovqat sanoatiga salbiy ta’sir qiladi” deya qaror chiqarilgandi. “Skypower” 40 gektardan yuzlab yerlarni egallagandi. Lekin men o‘sha qarorni qo‘llab-quvvatlayman.

O‘zbekistondagi ish esa butunlay farqli. Bu yerda gap fermerlik yerlari emas, energiya haqida ketyapti. Hukumat investor bilan shartnomaga imzo chekkan. Investorning himoyasini kafolatlagan. O‘zbekiston necha mlrd tashqi qarz oldi va qancha haqiqiy tashqi investitsiyani jalb qildi. Agar prezident xalq farovonligi uchun qayg‘ursa va xorijiy investitsiyaga ishonsa, u bunday mavqega ega deb o‘ylayman: u hukumat ishiga to‘siq bo‘layotgan yovuz kuchlardan voz kechishi kerak. Biz shartnomani imzolagan kundanoq to‘siqlarga duch kelganmiz.

— Siz Mirziyoyevga ishonaman deyapsiz, u bo‘layotgan ishlardan xabardor bo‘lsa kerak. Nega o‘zi aralashib sizga yordam bermaydi?

— Mirziyoyev xabardorligiga ishonchim komil emas. U mamlakatda qayg‘urishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p. U qo‘l ostidagilarga tayanadi va ular prezidentga yolg‘on ma’lumot bersa, ishonishga majbur.

Agar shartnoma noqonuniy tarzda bekor qilinsa, biz arz qilamiz. Britaniya qonunlarida belgilangan, biz 1,4 mlrd dollardan ko‘proq kompensatsiya talab qilishga haqlimiz. Agar shartnomani bekor qilishga urinishsa, biz ochiq sudda uni muhokama qilamiz. Bu 4-5 yilga cho‘zilmaydi, tez bo‘ladi. Barcha dalillar bor – yozma hujjatlar, audio, videomateriallarda uning ma’muriyatidagi shaxslar narxni tushirishga urinib tamagirlik qilgani aks etgan.

Biz narxni tushirib, ko‘proq energiya taklif qilsak ham ish siljimadi. Nimani kutishyapti – janob Kerri dollarga to‘la chemodanlar bilan kelishinimi? Bunday bo‘lmaydi. Aminmanki, ular nimadir kutyapti.

Tasavvur qiling, biz qurilish uchun yerni o‘zimizning hamkor kompaniya bilan tayyorlay boshladik. Ular hamkorlarimizga chiqib: “Agar “Skypower” bilan ishlasangiz, O‘zbekistonda boshqa ishlay olmaysiz”, deb aytishgan.

Iyul oyida Covid-19 va urush tufayli yarimo‘tkazgichlar tanqisligi yuzaga keldi deya xat yozsak, qanday javob oldik deng?! “Siz Ukrainada urush va Covid-19 tufayli yarimo‘tkazgichlar tanqisligi bo‘lishini oldindan bilishingiz kerak edi”, deyishdi. Men qanday qilib chiplar uchun muhim bo‘lgan neon gazi ishlab chiqariluvchi Mariupol vayron qilinishini bashorat qilishim mumkin? Bu ahmoqlik-ku? Qizig‘i, “urush tufayli kechikishim mumkin”, deb aytgan boshqa investorlarga qo‘shimcha vaqt berishgan, bizga esa yo‘q.

— Sizga ma’lum, O‘zbekistonda elektr tarmoqlari juda eskirgan. Butun tarmoq va infratuzilma islohotga muhtoj. Hukumat aholiga energiyani 2 sentdan, biznesga 4 sentdan sotadi. Demak, u sizdan 3,75 sentdan sotib olganda ham iste’molchilarga 2 sentdan sotib zarar ko‘radi. Bu shunday subsidiya tizimi. Siz shu hali isloh qilinmagan tizimga aralashib qolgansiz va ular uchun qimmat quyosh energiyasi sotmoqchi bo‘lyapsiz, shunday emasmi?

— Bu fikrga to‘liq qo‘shilmayman. O‘tgan hafta O‘zbekiston tender o‘tkazib xitoyliklar bilan shartnoma tuzdi. Bittasida 4 sentdan yuqoriroq, yana biri 3 sent va yana biri 3 sentdan pastroq narxga kelishildi. Men hukumat rahbarlari bilan qanday ishlash kerakligini bilaman, ko‘plab davlat rahbarlari bilan ishlaganman; ko‘plab rivojlangan davlatlar rahbarlari energiya narxlari balandligi tufayli ularni aholisiga subsidiyalashga majbur. Aholiga arzon elektr yetkazib berish hukumatning qarori, bu undan-da arzonroq elektr sotib olishi kerakligini anglatmaydi.

O‘zbekistonga kelsak, u xorijga katta foyda bilan sotayotgan gazdan keladigan daromad evaziga o‘z aholisiga beradigan energiyani arzonroqqa sotyapti. Ba’zi davlatlar bunday daromadsiz ham energiyani subsidiyalaydi. Biz narxni bozor narxida kelishganmiz, vaqt o‘tib bu narx tushsa ham hukumat uni tushira olmaydi. Misol uchun, Ispaniya hukumati shamol va quyosh energiyasi stansiyalarini qurgan kompaniyalarga narxni tushirishni aytgan, ammo sud hukumatning bu talabini rad etdi. Barcha kompaniyalar kelishilgan narxni saqlab qoldi, ular orasida O‘zbekistonda ishlayotgan “Masdar” kompaniyasi ham bor.

Biz O‘zbekistonga aytdikki: “Mayli, sizlarda elektr energiyasi tanqisligi yuzaga kelgan, bozor narxida kelishgan bo‘lsak-da, narxni tushiramiz va ko‘proq energiya ishlab chiqaramiz”. Javob-chi? ”O‘ylab ko‘ramiz, sizga keyinroq bog‘lanamiz”.

— O‘zbekistonda quyosh energiyasini rivojlantirishda qanday imkoniyat bor?

— Barcha tadqiqotlarimiz agar to‘g‘ri boshqarilsa, salohiyat kattaligini ko‘rsatdi. To‘g‘ri, tongda va kechqurun quyosh charaqlamaydi. 100 yillik tarixingizga qarab yiliga qancha quyoshli kun bo‘lishini hisoblashingiz mumkin. NASA shunday ma’lumotlarni chop etib boradi. Biz barcha xalqaro loyihalarda undan foydalanamiz. Quyosh charaqlamaydigan kunlarda gazdan foydalaniladi.

O‘zbekistonda 30 ming MVt quyosh energiyasini olish salohiyati bor. Oxirgi rejada ular 7-8 mingga intilyapti. Agar to‘g‘ri boshqarilsa, undan 3-4 karra ko‘p energiya olish mumkin.

O‘zbekistonda birorta ham oila elektrsiz o‘tirishi kerak emas. Prezident Oliy Majlisga nutqida barcha litsenziyalar ko‘rib chiqilib, samarasiz ishlayotganlari bekor qilinishini aytdi. Siz shartnomani bekor qilishdan oldin, haqiqiy vaziyatni o‘rganing, faqat vazirlaringizga quloq tutmang. Kompaniyalarni eshiting, chunki sizga barcha haqiqatlarni aytishmayapti.

Bizga 23 dekabrda shartnomamiz bekor qilinishini aytishgan. Qurilish uchun zarur bo‘lgan texnik shartlarni yillarki davom etgan muzokaralardan keyin 2022 yil oktyabr oyida berishdi. Tarmoqqa qanday ulanishimiz ko‘rsatilgan muhim hujjatni 2 oy oldin berishdi.

Prezident Mirziyoyev anglashi kerak: men u tarafdaman, boshqa kompaniya bo‘lganida allaqachon bosh olib chiqib ketgan va Parijda sudda o‘tirgan bo‘lardi. Biz yo‘qotilgan daromadning 10 foizini hisoblab, 1,4 mlrd dollar kompensatsiya olishimiz mumkin. Bu qanday uyatli hol bo‘ladi O‘zbekiston uchun. Ham energiyasiz qoladi, ham katta tovon to‘laydi. Chunki ba’zi amaldorlar prezidentning siyosatini qo‘llab-quvvatlamaydi.

***

Kun.uz investorning iddaolari yuzasidan Energetika vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligidan izoh olishga urindi, ammo buning imkoni bo‘lmadi.

Kun.uz’ning hukumatga yaqin manbasiga ko‘ra, Energetika vazirligi rahbariyati “Skypower” masalasi yuzasidan OAVga hech qanday izoh bermaslik bo‘yicha topshiriq bergan.

Ma’lumot uchun, bu – “Skypower” direktorining hukumatdan norozi bo‘lib birinchi chiqishi emas. U 2020 yilda ham loyihasiga to‘siqlar bo‘layotgani haqida gapirgan. 2022 yil 23 dekabrga kelib esa u bilan shartnoma bekor qilinishini aytishgan.

Manba: Kun.uz

Taklif etiladigan maqolalar

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *