Afg‘oniston O‘zbekistondan elektr ta’minoti shartnomasiga amal qilishni so‘radi (2023/1/23)

Afg‘oniston TIV rahbari vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaqiy O‘zbekistonni shartnomada ko‘rsatilgan miqdorda elektr yetkazib berishga chaqirdi. «Ta’minot uzib qo‘yilgan, xalq muammolarga duch kelmoqda», — deydi u. O‘tgan haftada elektr yetkazish texnik nosozlik tufayli uzilgani ma’lum qilingandi.

Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaqiy 22 yanvar, yakshanba kuni O‘zbekistonni Kobul va Toshkent o‘rtasida imzolangan shartnomada ko‘rsatilgan miqdorda elektr energiyasini yetkazib berishga chaqirdi, deb yozmoqda TOLOnews.

Muttaqiy qishning sovuq kunlarida O‘zbekiston elektr ta’minotini to‘xtatganini tanqid qildi.

«Ular Da Afghanistan Breshna Sherkat`ga bizga 400 megavattdan ortiq energiya yetkazib berishni va’da qilgan. Mamlakat bu va’dalariga sodiq qolishi kerak. Ular hozir elektr ta’minotini uzib qo‘ygan, xalq esa muammolarga duch kelmoqda», — deydi u.

Kobul aholisi kuchli sovuqda so‘nggi bir necha haftada davom etayotgan elektr ta’minotidagi uzilishlardan xavotirda ekanini bildirgan. Aholining so‘zlariga ko‘ra, elektr energiyasi 24 soat ichida bir soat atrofida berilmoqda.

O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr yetkazib berishni tiklaydi (2023/1/25)

Energetika vazirligi Afg‘onistonga issiqlik elektr stansiyalari uchun yonilg‘i tanqisligi sababli elektr energiyasi yetkazib berish to‘xtatilganini tasdiqladi. 25 yanvardan qo‘shni mamlakatga elektr eksportini tiklash rejalashtirilmoqda.

Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaqiy 22 yanvar kuni O‘zbekistonni Kobul va Toshkent o‘rtasida imzolangan shartnomada ko‘rsatilgan miqdorda elektr energiyasini yetkazib berishga chaqirgandi. Bunga javoban O‘zbekiston tomoni 25 yanvardan boshlab Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib berish qayta tiklanishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

14 yanvar sanasidan respublika hududida havo haroratining keskin pasayishi oqibatida issiqlik elektr stansiyalarida yonilg‘i ta’minotida muammolar, ya’ni yonilg‘i tanqisligi va turli nosozliklar paydo bo‘lgan. Shuningdek, respublika iste’molchilarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib berish vaqtinchalik to‘xtatilgandi.

«Ushbu fors-major holati haqida Afg‘oniston energetika tashkiloti ogohlantirilgan», — deyiladi xabarda.

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» mamlakatda ishlab chiqarilgan va ichki iste’molga mo‘ljallangan elektr energiyasi eksportga yo‘naltirmasligini qayd etdi.

Hukumatlararo kelishuvga muvofiq amalga oshiriladigan elektr energiyasi import amaliyotining bir qismi Afg‘onistonga (imzolangan shartnomalarga muvofiq) eksport qilinadi.

Afg‘oniston elektr energiyasini O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston va Erondan import qiladi. O‘zbekistondan import qilinadigan elektr Kobul, shuningdek, Parvon, Kapisa, Panjsher, Nangarhor, Lag‘mon, Logar, Paktiy, Xost, Maydon Vardak, G‘azni va Bag‘lon hududlarini elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.

Manba: Gazeta.uz

Taklif etiladigan maqolalar

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *