Afg‘oniston O‘zbekistondan temiryo‘l qatnovini to‘xtatib qo‘ydi. Muammo nimada? (2023/02/05)

Bu mavzuda Kun.uz quyidagi mufassal maqolani e’lon qildi.

Afg‘oniston importining teng yarmiga yaqin qismi Hayraton orqali o‘tadi. Ayni paytda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida temiryo‘l orqali tashuvlar to‘xtab qolgan. Natijada gumanitar inqiroz sharoitida yashayotgan afg‘on xalqi uchun zarur xalq iste’mol mollari yuklangan ikki mingdan ortiq vagonlar chegaradan o‘tolmay turibdi.

Joriy yil 1 fevralidan O‘zbekistondan Afg‘onistonga temiryo‘l qatnovi vaqtincha to‘xtatildi. «O‘zbekiston temiryo‘llari» bunga ikki davlat o‘rtasida tuzilgan shartnoma o‘z vaqtida bajarilmagani sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 2022 yil 26-30 dekabr kunlari Termiz shahrida o‘tkazilgan ikki tomonlama muzokaralar davomida 2023 yil 1 fevraliga qadar Afg‘oniston hududidagi texnik ishlar bosqichma-bosqich Afg‘on temiryo‘llari ishchilari tomonidan amalga oshirilishi bo‘yicha «Harakatlar rejasi»ga kelishilgan.

Shuningdek, «O‘zbekiston temiryo‘llari» tarkibiga kiruvchi «So‘g‘diyona Trans» ShK va Afg‘oniston temiryo‘l boshqarmasi o‘rtasida tomonlar bajaradigan ishlar ro‘yxati belgilangan va 27 yanvarga qadar yangi shartnoma imzolanishi ko‘zda tutilgan. Biroq Afg‘oniston temiryo‘l boshqarmasi kelishilgan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshira olmayotgani sababli 1 fevraldan qatnovlar vaqtincha to‘xtatilgan.

«O‘zbekiston temiryo‘llari» holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berishicha, yangi shartnoma shartlari Afg‘oniston temiryo‘llari boshqarmasi rahbari tomonidan yangidan sharhlanishi va mahalliy OAVda O‘zbekiston tomonini ayblashga harakat qilinayotgani tushunarsiz vaziyatni yuzaga keltirmoqda.

«Afg‘oniston tomonidan Hayraton stansiyasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan texnik ishlar belgilangan muddatda bajarilmagani to‘g‘risida hech qanday tushuntirish berilmayapti.

Hayraton stansiyasiga yetkazib berilgan vagonlarni bo‘shatish va qaytarish ishlarini tashkil etish uchun Afg‘oniston temiryo‘l boshqarmasi «Mansur Fatih» kompaniyasi bilan shartnoma imzolagani to‘g‘risida ma’lumot tarqatilgan. Ushbu tashkilot stansiyada kelishilgan muddatda ishlarni tashkillashtirishga ulgurmagan», deyiladi «O‘zbekiston temiryo‘llari» bayonotida.

«Hayraton – Mozori-Sharif» temiryo‘l liniyasi haqida

Uzunligi 75 km, loyiha qiymati 129 mln dollar bo‘lgan «Hayraton – Mozori-Sharif» temiryo‘li «O‘zbekiston temiryo‘llari» tomonidan 2010 yil noyabr oyida qurib bitkazilgan. Uni boshqarish va texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini 2011 yil dekabridan beri «O‘zbekiston temiryo‘llari» AJ shu’ba korxonasi «So‘g‘diyona Trans» amalga oshirib kelmoqda. O‘tgan 12 yil davomida Afg‘oniston temiryo‘llari loyihadan 315 mln dollar qiymatida daromad olgan. Bundan tashqari, ushbu temiryo‘l liniyasi orqali Afg‘onistonga bir necha ming tonnalab gumanitar yordam, oziq-ovqat, neft, bug‘doy, metall va xalq ehtiyoji uchun boshqa zarur tovarlar va sanoat mahsulotlari yetkazib berilgan.

Afg‘oniston import va eksportining asosiy qismi, shuningdek, gumanitar yuklarning salmoqli qismi ham aynan Hayraton orqali o‘tadi.

Shartnoma muddatini uzaytirishga nima to‘sqinlik qilmoqda?

Termizdagi uchrashuv davomida ikki taraf tuzilgan shartnoma muddatini 2023 yilning 31 dekabriga qadar uzaytirish yuzasidan muzokaralar olib borgan va kelishuv loyihasi ishlab chiqilgan. Ammo bugungi kunga kelib quyidagi bir qancha omillar yangi shartnoma imzolanishiga to‘sqinlik qilayotgan bo‘lishi mumkin:

  • Afg‘oniston texnik guruhi vakillari shartnoma shartlarida xalqaro temiryo‘l tashuvlari normalariga to‘g‘ri kelmaydigan bandlarni kiritishga urinishi;
  • xalqaro huquq normalari buzilishi;
  • yuk va vagonlar butligini saqlash, ularni sug‘urtalash yuzasidan O‘zbekiston tomoni kiritgan bandlarni olib tashlash talabi;
  • shartnoma bandlarida keltirilgan narx va stavkalarni oxirgi muddati tugagan shartnoma darajasidan ham pastga tushirish.

Qolaversa, Afg‘oniston temiryo‘llarining xalqaro temiryo‘l tashkilotlariga to‘liq a’zolik huquqi yo‘qligi inobatga olinsa, barcha moliyaviy va xuquqiy mas’uliyat «O‘zbekiston temiryo‘llari» zimmasida saqlanib qolayotganini ham e’tiborga olish lozim.

Ayni paytda ikki davlat o‘rtasida temiryo‘l orqali tashuvlar to‘xtab qolgan. Bundan nafaqat o‘zbekistonlik yoki boshqa xorijiy davlatlar tadbirkorlari, balki birinchi galda afg‘on xalqi, afg‘on tadbirkorlari va pirovardida ushbu davlatning o‘zi zarar ko‘rmoqda. Xususan, gumanitar inqirozni boshidan o‘tkazayotgan afg‘on xalqi uchun zarur xalq iste’mol mollari yuklangan 2000 (ikki ming)dan ortiq vagonlar chegarada turib qolgan.

Afg‘onistonlik tadbirkorlar ham agar temiryo‘l ochilmasa, mamlakatdagi tovarlar narxi keskin oshib ketishi mumkinligini aytishmoqda.

Afg‘oniston tomoni boshqa kompaniyalar bilan ham muzokaralar olib borayotgan bo‘lishi mumkin

Ijtimoiy tarmoqlarga sizdirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘oniston tomoni «So‘g‘diyona Trans» o‘rniga qozoq va ukrain kompaniyalari bilan muzokaralar olib bormoqda.

Xususan, o‘tgan yil oxirida O‘zbekiston qurgan va xizmat ko‘rsatib kelgan «Hayraton – Mozori Sharif» temiryo‘lini boshqarish huquqi Qozog‘istonning «Mansur Fatih» kompaniyasi ixtiyoriga o‘tgani haqidagi xabarlar chiqqandi.

Afg‘oniston temiryo‘llari boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Baxtulrahmon Sharafat bu borada izoh bergandi.

«Biz shu paytgacha «So‘g‘diyona Trans» ShK kompaniyasiga 15 million dollar to‘lab kelardik va ular Hayraton portidagi 22 kilometr yo‘lga xizmat ko‘rsatardi. Yangi kompaniya esa 106 kilometr yo‘lga xizmat ko‘rsatadi. Afg‘oniston tomoni ularga yiliga 4,1 million dollar to‘laydi», deya uning so‘zlarini keltirgandi Tolo News.

«O‘zbekiston temiryo‘llari» esa ushbu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qilgandi

Taklif etiladigan maqolalar

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *