AQSh Rossiyaga qarshi sanksiyalar Markaziy Osiyo uchun iqtisodiy salbiy ta’sir ko‘rsatishini tushunadi, shu bois ularni yumshatish va kamaytirish uchun barcha sa’y-harakatlarini qiladi, dedi AQSh davlat kotibi. U MOda savdoni diversifikatsiya qilish va ish o‘rinlari yaratish uchun $25 mln ajratilishini ma’lum qildi.
AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 28 fevral kuni Ostonada Markaziy Osiyoning beshta davlati tashqi ishlar vazirlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv (S5+1 formati) yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalarning Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlariga ta’siri haqida izoh berdi (video).
Dunyo bo‘ylab o‘nlab davlatlar Rossiyaga nisbatan joriy etilayotgan sanksiyalar, shuningdek, eksport nazorati «o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmagan».
«Mamlakatlar ularni Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirgani tufayli joriy etish uchun birlashdi. Uning tajovuzkorligi nafaqat Ukrainaga, balki Birlashgan Millatlar Tashkiloti nizomining xalqaro tizimi asosida yotgan tamoyillarga — hududiy yaxlitlik, mustaqillik, suverenitet xartiyasiga — Markaziy Osiyo davlatlari uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan tamoyillarga ham qarshi qaratilgan», — deya ma’lum qild u.
AQSh va boshqa davlatlar tajovuzni to‘xtatish, qo‘shinlarni olib chiqish va Ukraina suverenitetini tiklash uchun Rossiyaga maksimal bosim o‘tkazishga harakat qilmoqda, dedi Entoni Blinken.
«Biz sanksiyalarga rioya etilishini diqqat bilan kuzatib boryapmiz va bir qator davlatlar, jumladan, S5 bo‘yicha hamkorlarimiz (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston) bilan iqtisodiy ta’sirlar haqida doimiy ravishda muhokama qilyapmiz. Chunki biz yaxshi bilamizki, Rossiyaning bu tajovuzkorligi nafaqat Ukraina va nafaqat men aytib o‘tgan tamoyillar uchun, balki butun dunyo mamlakatlari, jumladan, Markaziy Osiyo uchun ham o‘ziga xos tarzda haqiqiy oqibatlarga olib keldi», — dedi u.
Vashington kompaniyalarga sanksiyaga uchragan Rossiya firmalari bilan aloqalarni to‘xtatish va ularning savdo aloqalarini diversifikatsiya qilish uchun vaqt berish maqsadida litsenziyalar beryapti, dedi AQSh davlat kotibi.
«Biz bu jarayon vaqt talab etishini, buni birgina harakat bilan amalga oshirib bo‘lmasligini tushunamiz… Biz mintaqani mustahkamlash va Markaziy Osiyoda yashovchi xalqlar hayotini yaxshilash uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz. Jumladan, yangi savdo yo‘llaridan foydalanish va korxonalarga faqat bitta davlatga ortiqcha ishonib qolmaslik, shuningdek, xususiy sektor investitsiyalarini jalb qilish uchun yangi eksport bozorlarini topishga yordam berish orqali», — deya qo‘shimcha qildi Entoni Blinken.
Davlat kotibi AQSh mintaqani mustahkamlash va Markaziy Osiyoda yashovchi odamlar hayotini yaxshilashga hissa qo‘shayotganini ta’kidladi.
U Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun o‘tgan yilning sentabr oyida savdo yo‘llarini diversifikatsiya qilish va ish o‘rinlari yaratish uchun ajratilgan 25 mln dollardan tashqari yana 25 mln dollar ajratilishini ma’lum qildi.
«Biz Rossiya agressiyasining salbiy oqibatlaridan xabardormiz va ularni minimallashtirish, yumshatish hamda Markaziy Osiyodagi hamkorlar uchun turli yangi imkoniyatlar yaratish uchun qo‘limizdan kelganini qilmoqdamiz», — dedi AQSh Davlat departamenti rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh rasmiylari ingliz tilini o‘rgatish, elektron to‘lov tizimlarini ishlab chiqish va qaytgan mehnat muhojirlarini o‘qitishda ham yordam berishni rejalashtirmoqda.