Cotton Campaign koalitsiyasi O‘zbekiston paxtasiga boykotni bekor qildi. Mazkur qaror 2021 yilda mamlakatda paxta yig‘im terimida bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmagani munosabati bilan qabul qilindi. Ilk bor o‘zbek paxtasiga 2009 yilda boykot e’lon qilingandi.
Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi o‘zbek paxtasiga boykot tugatilganini e’lon qildi, deya xabar berdi Bandlik va mehnat vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.
Mazkur qaror «Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbek forumi» tomonidan 2021 yilda paxta terimida o‘tkazilgan mustaqil monitoring natijalariga asosan qabul qilingan. Hisobotda hukumat tomonidan tashkil qilinadigan majburiy mehnat holatlari aniqlanmagani qayd etilgan.
2009 yilda Cotton Campaign o‘zbek paxtasiga boykot e’lon qilgan edi. O‘shandan beri 331 ta brend va riteyler kompaniyalari, jumladan, Adidas, Zara, C&A, Gap Inc., H&M, Levi Strauss & Co., Tesco va Walmart kabilar o‘zbek paxtasiga nisbatan boykotga amal qilish majburiyatini olgan.Узнать больше“Gazeta.uz”da reklama
«So‘nggi 12 yil davomida yuzlab kompaniyalarni o‘zbek paxtasidan voz kechishga undaganimizdan so‘ng, biz O‘zbekiston paxtasiga nisbatan boykotga amal qilish majburiyatini bekor qilish vaqti kelganini e’lon qilishdan mamnunmiz, — dedi Responsible Sourcing Network bosh direktori va Cotton Campaign asoschilaridan biri Patrisiya Yurevich. — Endi kompaniyalar o‘zlari mehnat huquqlariga amal qilinishini baholashlari va O‘zbekistondan paxta sotib olish bo‘yicha qaror qabul qilishlari kerak».
«O‘zbek forumi» hisobotida qayd etilishicha, paxta terimi mavsumi tizimli majburiy mehnatsiz o‘tkazilgan bo‘lsa-da, kuzatuvchilar mahalliy hokimiyat tomonidan majburlash va aralashish holatlari, shuningdek, ayrim majburiy mehnat holatlarini aniqlashgan. Bundan tashqari, dalalarda monitoring qilish va salohiyatni oshirish bilan shug‘ullanadigan mustaqil guruhlarda ro‘yxatdan o‘tish, erkin faoliyat yuritishning chegaralangani rivojlanishga to‘siq bo‘lmoqda.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston yangi zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan korxonalar orqali, mahsulot ishlab chiqarish zanjirida shaffoflik va kuzatuvni taklif qiluvchi paxta-to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib berish uchun jozibador mamlakatga aylanish salohiyatiga ega.
Cotton Campaign O‘zbekistondan mahsulot sotib olishda manfaatdor bo‘lgan barcha brendlarni ishlab chiqarishning barcha bosqichlarida, jumladan paxta fermalari, to‘qimachilik fabrikalari va ishlab chiqarish korxonalarida mehnat va inson huquqlariga rioya etilishini ta’minlash uchun sinchkovlik bilan tekshirishga chaqirdi. Shuningdek, majburiy mehnatning oldini olish, monitoring qilish, shikoyatlar yo‘llash va qoidabuzarliklarni bartaraf etish uchun ishonchli va mustaqil mexanizmlar mavjudligini ta’minlash zarur hisoblanadi.
«Biz Prezident Mirziyoyevning davlat tomonidan majburiy mehnatga barham berish va O‘zbekiston paxta sektorini isloh qilish uchun zarur bo‘lgan tarixiy islohotlar tashabbusi va amalga oshirishdagi rahbariyatini yuqori baholaymiz, — dedi Cotton Campaign asoschilaridan biri, AQSh davlat kotibining demokratiya, inson huquqlari va mehnat bo‘yicha yordamchisi sobiq o‘rinbosari Bennet Friman. — Endi biz O‘zbekiston hukumatini fuqarolik jamiyati uchun maydon ochishga va global brendlarni jalb qiladigan hamda mehnat va inson huquqlarini himoya qiladigan mas’uliyatli mas’uliyatli yetkazib beruvchilar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun zarur bo‘lgan qulay muhitni yaratishga chaqiramiz».
Cotton Campaign inson va mehnat huquqlari bo‘yicha xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari, mustaqil kasaba uyushmalari, brend va riteylerlar, mas’uliyatli investor tashkilotlari, ta’minot zanjiri shaffofligi guruhlari va akademik hamkorlarning global koalitsiyasidir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro mehnat tashkiloti O‘zbekiston 2021 yilgi paxta yetishtirish hamda yig‘im-terim mavsumida bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berganini ma’lum qilgan edi. Xususan, 2021 yilda terimchilarning 99 foizi ixtiyoriy, taxminan bir foizi esa bevosita yoki bilvosita majburlash orqali ushbu jarayonga jalb etilganini ma’lum qilgan. Terimchilarning uchdan ikki qismini xotin-qizlar tashkil etadi.
Manba: https://www.gazeta.uz/oz/2022/03/10/cotton-campaign/