«Dok-1 MAKS» siropi nizosida bolakalaylaning ‘xunini’ kim to’laydi? (2023/02/07)

Ushbu maqola kaminaga tegishli.

2022 yil Dekabr oyining so’nggi kunlarida turli viloyatlardagi bolalar shifoxonalarida «Dok-1 MAKS» preparati sabab 20 nafar bolakaylarimiz vafot etdi.

Avvalo, vafot etgan bolajonlarimizning oila a’zolariga ta’ziyamni bildiraman. Oila a’zolarining chekkan qiyinchiliklari va ruhiy iztiroblarini tasavvur qilish juda qiyin.

Masalaning huquqiy tomoniga qaytadigan bo’lsam, «Dok-1 MAKS» siropi nizosi bir necha murakkab huquqiy muammolarni yuzaga chiqardi. Bu mojaro ham katta fojea bo’lishi bilan birgalikda, bunday keyin shunday voqealarning kelib chiqmasligini oldini olishimiz uchun jamiyat va davlat o’laroq biz uchun katta dars hamdir. Mavzuga shu nazar bilan qaragan holda ba’zi muammolar va ularning yechimini ko’rib o’tsam.

Birinchi masala shu – vafot etgan bolakaylarimiz oila a’zolariga kompensatsiya – xalqchil tilda aytganda, “xun” masalasini kim gardaniga olishidir. Garchi, ba’zilar tomonidan bunday kompensatsiya bolakaylarimizni hayotga qaytarib bermasligi aytilib, qarshilik bildirilsada, jamiyatda bunday muammolarning qayta chiqmasligi uchun ham fuqarolik (moddiy) javobgarlikning aniqlanishi va amalga oshirilishi nihoyatda zarur deb hisoblayman. 

Nega xun puli vafot etganlar uchun to’lanishi kerak? Bu eng katta savol. Biz 1200 yildan ziyod foydalanib kelgan Islom huquqi – Shariatda ham diya puli diyah tizimi bo’lib, qasddan, adashib yoki boshqa sabablar tufayli inson umriga zomin bo’linganida marhum qarindoshiga ma’lum miqdordagi mablag’ to’langan. Islom shariati buni bozor narxlaridan kelib chiqqan holda juda mukammal ishlab chiqqanligi diqqatga sazovordir.

Eng qiziqarlisi, huddi mana shunday yurisprudensiya hozirda anglo-sakson huquqi davlatlarioda ham, romano-german huquqi davlatlarida ham taraqqiy etgan. Ushbu davlatlarda sudlar va davlat organlari inson sog’lig’iga yetkazilgan zararni juda daqiq o’rganib, nisbiy bo’lsada uning bozor narxidagi o’lchovini hisoblab beruvchi formulalarni ishlab chiqishgan. Chunki, marhum uzoq yillar yashashi, oilasiga g’amho’rlik qilishi, tengdoshlari kabi ma’lum miqdorda pul topishini bashorot qilish mumkin. Men istiqomat qiladigan Yaponiyada ham bu sohada sud amaliyoti juda rivojlangan. Agar bu yerda ehtiyotsizlik tufayli bemor vafot etadigan bo’lsa, uning oila a’zolari kasalhona yoki aybdor farmatsevtika korxonasiga nisbatan davolanish uchun sarflangan xarajatlar, yo’qotilgan foyda(marhumning umri davomida ishlab topadigan daromadi), janoza xarajatlari va ma’naviy zararni undirishga oid fuqarolik ishini qo’zg’atishadi.

  Sudlarda deyarli umumiy amaliyot shakllanganligi uchun xun pulini hisoblash qiyin emas. Xun – tovonning miqdorini hisoblash uchun alohida dasturlar ishlab chiqilgan bo’lib, butun Yaponiyadagi sudlar o’sha dasturdan foydalanadi. Xunning miqdori holatga qarab bir necha yuz mingdan bir necha million AQSh dollarigacha boradi. Ma’naviy zararning o’zi 200~250 ming AQSh dollari atrofida baholanadi.[1]

O’zbekistondachi? Garchi Fuqarolik kodeksining 985-moddasidan 1022-moddasigacha turli zararlarni qoplash masalasiga oid so’z ketsada, marhumni yo’qotganliklari tufayli uning qarindoshlari oladigan moddiy va ma’naviy zararlarni undirish va hisoblab chiqishda haligacha tizim aniqlashgan deb ayta olmaymiz. Fuqarolarimiz ham bunga ko’p ko’nikmagan, sudlarimizda ham bunday amaliyot kam uchraydi. Vaholanki, biz xun puli to’latishni – diyah institutini 1200 yildan ziyod eng rivojlangan huquqiy tizim asosida yashab, ko’rib kelganmiz. Hozir qonunchilik asosi bor, ammo uni qo’llashda juda oqsoqmiz. Shunday ekan, bu tizimni fuqarolarimiz – jabrlanganlar oila-a’zolari faollik bilan qo’llashi, ishlatishi va sud amaliyoti rivojlanishi lozim. Toki, insonlar bekorga, osongina vafot etmasin. Uning qadrining yuksakligi bilinsin.

 Endi esa «Dok-1 MAKS» siropi nizosiga qaytsak.

Bu yerda bosh mas’uliyatni shubhasiz importyor «Quramax Medical» MChJ olishi lozim. “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida”gi Qonunning 20-moddasi tovarning nuqsonlari tufayli yetkazilgan zarar uchun moddiy javobgarlikni importyor bo’lgan ijrochi, ya’ni bu yerda «Quramax Medical» MChJga yuklaydi.[2] Shuningdek, mulkiy ziyondan tashqari, aynan shu Qonunning 22-moddasi ma’naviy zarar uchun ham alohida javobgarlikni belgilaydi. Oliy Sud Plenum qarori ham ma’naviy zararni belgilashda har bir aniq holatda iste’molchiga yetkazilgan ruhiy va jismoniy azoblarning hajmi hamda xarakteriga asoslanish lozimligini takidlaydi.[3]

Agar bu masalada litsenziyasi sud tomonidan bekor qilingan «Quramax Medical» MChJ zararlarni to’lay olmasachi degan savol tug’iladi. Bu borada muhim nuqta shundaki,  bolakaylarning ota-onalari yoki vasiylari hisoblanmish qarindoshlari nafaqat importyor kompaniya, xatto tegishli davlat organlariga nisbatan ham (Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi,  Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi)ga nisbatan fuqarolik huquqiy javobgarlikni qo’zg’atishlari mumkin. Menimcha, qo’zg’atishlari lozim ham.

Xorijdan misol beradigan bo’lsak, bunday muammolar Yaponiyada ham yuz bergan. Yaponiya 1980-yillarda OITS va gepatit o’tkir zahatlanish nizolariga guvoh bo’ldi. Ayniqsa, gemofiliya kasallari va tug’ruq paytida ko’p qon yo’qotgan ayollarga nisbatan, yuqori harorat mavjudligi tufayli virusni nofaol holatga olib kelmagan fibrinogen nomli kimyoviy formula ishlatilganligi tufayli, juda ko’p sondagi OIV infeksiyasi, OITS va Gepatit C bilan kasallanganlar topiladi. Ushbu ishlar natijasida o’sha paytda Yaponiyaning Sog’liqni saqlash, mehnat va farovonlik vazirligining farmatsevtik moddalar bilan ishlash bo’limi boshlig’i mansab majburiyatlarini yetarlicha bajarmaganligi tufayli aybdor deb topiladi.

Jabrlanuvchilar farmatsevtik firmalar va davlatga nisbatan kompensatsiya undirish ishini qozg’atishadi. Bu yerda farmatsevtik firmalar va bemorlar o’rtasida zarar yetkazishdan kelib chiqadigan fuqarolik nizosi yuzaga kelgan. Biroq, bunday vaziyatlarda da’vogar bemorlar yoki ularning oila-a’zolari soha haqida yetarlicha bilim va tajribaga ega bo’lmasalar, yetarli miqdorda zararni qoplashni talab qila olmaydilar. Garchi OITS ishida bir guruh aloqador shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilgan bo’lsada, inson hayoti va sog’lig’i qaytib kelmaydigan ne’mat bo’lib, undan keyin huquqiy tarzda chora ko’rilsada, u juda chegaralangan bo’ladi. Aytish joizki, yuqoridagi kabi muammo yuzaga keltirgan dori turlarining iste’moli tufayli Gepatit C bilan kasallangan jabrlanuvchilarga moddiy yordam to’g’risida maxsus qonun 2008-yilda qabul qilindi. Ushbu moddiy yordamni qo’lga kiritish uchun esa ma’lum dori vositalaridan foydalanish orqali kasallikka chalinganligini bemorlar sudda isbotlashlari lozim.

Xun to’lash – kompensatsiya masalasining ipining uchi hatto Hindistongacha borib taqaladi. Aynan Hindistonning «Marion Biotech Pvt. Ltd» kompaniyasiga tegishli mazkur dori vositasi mamlakatimizga «Quramax Medical» MChJ tomonidan savdoga chiqarilgan. Shunday ekan, importyor va hind ishlab chiqaruvchi o’rtasida mahsulot sifati masalasi bo’yicha shartnoma bo’lishi juda tabiiy. Shunday ekan, hind ishlab chiqaruvchidan kompensatsiya undirish masalasini esa «Quramax Medical» MChJga qoldirgan ma’qul.

Ikkinchi muhim masala- bu muammoni o‘rganish materiallari asosida aniqlangan kamchiliklar va tibbiyot xodimlarining mas’uliyati masalasi Sog‘liqni saqlash vazirligining alohida Hay’at yig‘ilishida ko‘rib chiqilishi xabar berildi.[4] Mas’ullar ishtirokida o’rganishning boshlangani muhim signal. Biroq, ushbu hay’atga kimlar kiradi, ommaviy jamiyat vakillari ham kiradimi, u qachon o’zining yakuniy xulosasini beradi va u xulosa qanday tartibda ommaga ochiqlanadi, kabi masalalarni aslo ko’zdan qochirmasligimiz darkor. Chunki, masala faqatgina yopiq eshiklar ortida muhokama qilinib, omma oldida professional shaklda hisobot berilmas ekan, bizda bunday muammolarning kelib chiqishi takrorlanaveradi. Mas’ullar bunga jiddiy qarashi lozim.

Chunki, inson hayoti va sog’lig’i, shuningdek, kundalik hayotimizning xavfsizligini asrash yo’lida yomon natija kelib chiqqanidan keyingina fuqarolik va jinoiy javobgarlikka torttirishgina yetarli bo’lmay, bunday nizolarning kelib chiqmasligi uchun ma’muriy organlar tomonidan nazorat qilinadigan ma’muriy huquqiy tizim yetarlicha ishlashi talab etiladi. Oziq-ovqatlar va turar joylar xavfsizligi nuqtai nazaridan ham bir xil gapni aytish mumkin. Iste’molchlar nuqtai nazaridan fuqarolik huquqiy yechim yo’li albatta muhim hisoblanadi. Lekin, u bilan birga, litsenziyalash, hisobot berish, tekshirish kabi vositalar orqali ma’lumotni to’plash va tahlil qilish, ma’lumotni taqdim etish va e’lon qilish, chora ko’rish kabi usullar orqali jamiyat manfaatlarini qanday himoya qilish kerak degan vazifa, ma’muriy huquqning mavjudligini keraktiradigan muhim mavzu desak mubolag’a bo’lmaydi. 

Ohirgi uchinchi masala importyor kompaniya – «Quramax Medical» MChJ litsenziyasining juda tez muddat ichida, ya’ni 13 yanvar kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida bo‘lib o‘tgan sud majlisi davomida “QURAMAX MEDIKAL” MCHJning litsenziyasi bekor qilindi. Eng hayratlanarlisi esa, juda mujmal shaklda “qo‘llash uchun yaroqsiz dori vositalari muomaladan chiqarilib, yo‘q qilinishi belgilandi”. Bu esa haqiqiy ma’noda javobgar advokatining e’tirozlariga sabab bo’ldi. Haqiqatan ham, agar Quramax Medical kompaniyasi O’zbekistondagi eng yirik dori vositalarining importyorlaridan biri ekanligini inobatga olsak, qaror kelib chiqadigan xavfga nisbatan qay darajada proporsional degan muammo yuzaga chiqadi.

Bundan tashqari, qarorni ijro etuvchi davlat organi yuqoridagi mujmal jumlani o’ta keng talqin qilib, Quramax kompaniyasi import qilgan barcha yoki aksariyat dori vositalariga tadbiq etishi mumkin.  Bu esa yurtimizda sifatli dori vositalarining importi masalasida yetishmovchilikni yuzaga chiqarmaydimi? Chunki, sifatsiz dori vositalarini ishlab chiqarishda yurtimizdagi muammolarga o’xshash masala Yaponiyada ham yuz berib, bir necha kompaniyalar ishlab chiqarishni (vaqtinchalik) to’xtatganligi tufayli, hozirda muhim dori vositalari bo’yicha Yaponiyada ham ulkan yetishmovchilik yuzaga kelmoqda. Shunday ekan, bu masalada ehtiyotkorlik talab etiladi.

Xulosa o’laroq, importyor kompaniya va Sog’liqni saqlash vazirligi bolalarimiz vafoti munosabati bilan moddiy javobgarlikni olishlari lozim. Ayniqsa, importyor kompaniyadan uni yetarlicha undirish borasida jabrlanuvchilar oilalariga huquqiy yordam ham ko’rsatilishi kerak. Agar importyor kompaniya to’lovga noqobil bo’lsa(men unday deb o’ylamayman),  davlat alohida qonun qabul qilish yo’li bilan jabrlanuvchilarga moddiy kompensatsiya olish yo’llarini ochishi lozim deb hisoblayman.

So’zimning ohirida yana bir gap – barchaning nigohi sifatsiz dori vositasi tufayli vafot etganlarga qaratilgan. Undan foydalanib sog’lig’iga jiddiy shikast yetganlar nahot yo’q bo’lsa?! Javobgar kompaniya va davlat mas’ullari bunday jabrlanuvchilarga ham e’tibor qaratishlari zarurdir.


[1] https://www.m3.com/news/open/iryoishin/826316

[2] https://lex.uz/docs/-4704

[3] https://lex.uz/docs/-1449509

[4] https://kun.uz/uz/news/2022/12/27/jinoyat-alomatlari-mavjud-ssv-dok-1-maks-siropi-organish-natijalarini-malum-qildi

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *