Dunyo hodisalarini endi yaxshi tushinishimiz lozim: Brexit, AQSH-Xitoy Savdo Urushi, Rossiyaga kiritilgan sanksiyalar yurtimiz uchun nimani bildiradi?

urdu.az

Ko’p narsani. Chunki bularni barchasining bizning hayotimizga bilvosita(indirectly) ta’siri bor

Rossiya va G’arb sanksiyalari

Keling Rossiyaga kiritilgan halqaro sanksiyalarni tahlil etaylik. Xalqaro sanktsiyalar davlatlar yoki tashkilotlarga qarshi milliy xavfsizlik manfaatlarini, xalqaro huquqni va xalqaro tinchlik va xavfsizlikka tahdidlardan himoya qilish maqsadida mamlakatlar, ko’p tomonlama yoki mintaqaviy tashkilotlar tomonidan diplomatik sa’y-harakatlarning bir qismi bo’lgan siyosiy va iqtisodiy qarorlar hisoblanadi. Misol sifatida, iqtisodiy, savdo, diplomatik, madaniy va boshqa cheklashlar qo’llanilishi mumkin. Iqtisodiy sanksiyalar Rossiyaning Qrim yarim orolini halqaro huquq me’yorlariga zid ravishda egallab olganligi sababidan kiritilgan. Shu va boshqa omillar tufayli Rossiya iqtisodiyoti 2-ming yillikning 2-o’nligida kuchli rivojlanish yo’liga tusha olmayapti. Rossiyaning o’zi esa tabiiy qazilmalariga qaram davlat maqomidan chiqib keta olmay qoldi. Buning natijasida esa, Rossiyalikalar daromadi ko’p oshmay, mamlakatda doimiy turg’unlik holati yuzaga kelmoqda. Ho’sh bularning O’zbekistonga nima ta’siri bor dersiz. Albatta ta’siri bor. Millionlab migrant ishchilarimizning Rossiyadan uylariga jo’natadigan pul o’tkazmalarida katta o’zgarishlar boshlandi. Oldinlari oyiga 1000 dollargacha topayotgan migrantlar, endi zo’rg’a 300-400 topadigan va uyiga ham shuncha kam jo’natadigan bo’ldi. Bu degani- migrant oilasidagi insonlarning sotib olish qobiliyati ham pastladi deganidir. Bundan tashqari, Rossiya aholisining ham sotib olish qobiliyati pasayganligi yoki eng kamida o’smayotganligi uchun ham Rossiya bozoriga mo’ljallangan turli mahsulotlarning yurtimizdan eksportida ham o’zgarishlar kuzatiladi.

Shunday bo’lsada, ikki davlat rahbariyatining konstruktiv diplomatiyasi natijasida 2018 yilning ozida O’zbekiston-Rossiyaning o’zaro savdosi oldingi yilga qaraganda  21.2 %ga o’sgan. Ikki tomon hozirgi savdo aylanmasini yaqin yillarda 2 baravarga kopaytirib, 10 milliard AQSH dollariga yetkazishmoqchi. O’zbekistonda g’arb davlatlari sanksiyalari ostida qiynalayotgan Rossiya bozorini ushbu imkoniyatdan foydalanib yanada kengroq zabt etish imkoniyati mavjud. U erdagi millionlab hamyurtlarimiz ham ikki davlat o’rtasidagi ko’prik sifatida bunga o’z hissalarini qoshadi degan umiddaman. Shunday bo’lsada, Rossiyaning G’arb bilan yana aloqalari normallashadigan paytda rus bozoridagi raqobat qaytadan keskinlashadi va o’zbek mahsulot va hizmatlarining u erdagi barqaror mavjudligi (sustainable presence) ham hozirgi imkoniyatdan bizning qay darajada foydalana olishimizda deb oylayman.Bundan tashqari, EvroOsiyo Iqtisodiy Ittifoqini president Putin paydar-pay yangi  savdo sheriklari bilan bog’lash harakatida ekanligini ham aslo unutmaslik lozim. Shu sababdan ham, bundan keyin Rossiya Federatsiyasi va G’arb munosabati qanday traektoriyada rivojlanadi, degan savolni yaqindan kuzatib borish katta investor yoki siyosatchilar uchungina emas, balki o’rta aholi qatlami uchun ham muhim hisoblayman

BREXIT

Brexit yani, Buyuk Britaniya va Irlandiya Birlashgan Qirolligining Evropa Ittifoqidan kutilmaganda chiqib ketishi masalasi. Kamina 2016-yil May oyi ohirlarida Londonga ilmiy safar bilan borganimda liberal London shaxridagi o’sha yerlik do’stlarim Brexitning xom hayol ekanligini baralla aytishar, ammo boshqa tomondan akademiklar orasida allaqachon havfsirash boshlangan edi. Natijada aholining 51% Evropa Ittifoqidan chiqishga ovoz berdi va hozirda Tereza Mei hukumati Angliya Parlamentini Evropa Ittifoqi bilan kelishilgan Brexit bitimini ratifikatsiya qilishga chorlasada, shu paytgacha bo’lgan ikki marta urinishi chippakka chiqdi. Endi esa Buyuk Britaniyani keyingi Mart oyi ohirida Evropa Ittifoqidan hech qanday shartnomalarsiz ajrab chiqishi kabi xavfli noaniqlik kutib turibdi.

Brexit natijasi nima bo’lishini mutahassislarga qoldirsakda, Brexit natijalarining O’rta Osiyo mintaqasiga ta’siriga nigoh tashlasak. Agar Britaniya Evropa Ittifoqidan chiqib ketsa, shunday bo’ladigan ham korinadi, shu paytgacha Evropa Ittifoqi va O’zbekiston o’rtasidagi munosabatlar Buyuk Britaniyaga tadbiq etilmay qoladi. Bu masala hozirda yurtimiz va Yevropa Ittifoqi o’rtasida muzokalari davom etayotgan xalqaro iqtisodiy sherikchilikka oid bitim loyihasiga ham birdek taalluqli.  Albatta 2020 yilgacha o’tish vaqti bo’lsada, Buyuk Britaniya kabi muhim va katta bozor bilan aloqalarimizni qaytadan ko’rib chiqishimiz lozim. Unda o’zaro tovarlar va hizmatlar savdosi bo’yicha bojlarni kamaytirish asosiy ahamiyat kasb etadi deb hisoblayman. Albatta Britaniya bilan iqtisodiyotimiz ko’p bog’lanmagan va u erda juda ko’p sondagi O’zbekistonlik migrant ishchilarni ham topish qiyin. Asosan, o’qimishli va yaxshi britaniyalik shirkatlarda ishlayotgan vatandoshlarimizni kuzatamiz. Shunday bo’lsada, Yevrobondlarni chiqargan joyimiz London bo’lib, bizning turli sohalarimizga ham salmoqli investitsiya halqaro London moliyaviy markazi orqali kirib keladi. Shunday ekan, bundan keyin Birlashgan Qirollik bilan bo’ladigan halqaro iqtisodiy munosabatlarimizni qanay shaklda olib borishni qayta ko’zdan kechirish vaqti yaqinlashmoqda.

 Kichik hulosa ornida aytsam, Evropa Ittifoqi kabi ideal ko’ringan davlatlar ittifoqidan Ikkinchi Jahon Urushi g’olibi hisoblangan Buyuk Britaniya chiqib ketmoqda. Buyuk Britaniya chiqib ketganidan keyin aloqalarni yana normallashtirish uchun Ittifoq va Qirollik o’rtasidagi yangicha halqaro huquqiy aloqalarning tashkil etilib, joy-joyiga tushguncha bir qancha muddat ketishi aniq. Ushbu muddat davomida EvroIttifoq liderlari sifatida Fransiya va Germaniya hatti-harakatlarini yaqindan kuzatishda davom etishda katta foydalar bor deb o’ylayman.

AQSH-Xitoy Savdo Urushi

 Keling endi AQSHning “ajoyib” prezidenti janob Donald Tramp va uning Xitoyga nisbatan iqtisodiy bosimlari haqida fikr yuritsak. Janob Tramp asli siyosatdon emas. Ko’chmas mulk magnati. Ahloqi ham unchalik maqtovga sazovor emas. Ammo shunday bo’lsa-da hammani hayron qoldirib, nomzod Hilari Klintonni enggan holda AQSH prezidentligiga saylandi. Janob Trampga katta shuhrat keltirgan chora-tadbirlaridan biri bu uning Xitoyga nisbatan shafqatsizlarcha va xalqaro iqtisodiy huquq qoidalarini mensimagan holda Xitoy mahsulotlariga nisbatan bojlarni keskin oshirishi bo’ldi. AQSH o’zining ichki ishlab chiqaruvchilarining manfaatlarini ko’zlagan holda 200 milliard dollarlik Hitoy mahsulotlariga baland bojlarni joriy qildi. Bularning sababi esa AQSH hududidagi ishsizlikning ortishi, iqtisodiy manfaatlarning ko’zlagan holda ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning Xitoy va unga yaqin joylarga ko’chishi, Xitoy bilan raqobatda ko’plab Amerikan kompaniyalarning xonavayron bo’lishi, AQSH va Xitoy o’rtasida savdo defitsiti (tovar aylanmasidagi bir tomon eksportining ortib ketishi) ning bir necha yuz milliard dollarga etishi va Xitoyga investitsiya kiritgan AQSH kompaniyalariga nisbatan Xitoyning o’sha kompaniyalarning yuksak texnologiyalarini Xitoy hududiga transfer qilishga majburlashi sabab bo’ldi desak mubolag’a bo’lmaydi. Albatta, janob Trampning ko’plab qarorlari (yuqori mansabdorlarni tez-tez almashtirishi, fikrini tez-tez o’zgartitishi, Rossiya bilan shubhali aloqasi, Twitterda mashhurligi, Yaqin Sharq dunyosini ko’p bezovta qilishi) mantiqiy aql bilan qabul etish qiyin bo’lsada, AQSHning o’rta va quyi qatlami aholisining ehtiyojlarini to’g’ri sezgan holda, Xitoyda bosim ostidagi AQSH kompaniyalarini o’ylashi tahsinga sazovor. Bu holatni 2018 yil yoz oylarida poytaxt Vashingtonga borib u erdagi o’rta qatlam AQSH fuqarolari bilan gaplashganimda ham yaqqol sezdim.

Tramp fenomenoni va Brexit dunyo aholisini yurib borayotgan yo’lini qaytadan o’ylashga majbur etmoqda. O’taketgan savdo liberalizmning o’rta va quyi aholi qatlamlarini e’tiborga olmaslik kabi shafqatsiz sifatlarini ham ko’rsatmoqda. Buning natijasida nafat dunyo iqtisodiyoti, balki Butunjahon Savdo tashkiloti kabi mukammal ko’ringan halqaro iqtisodiy tashkilotning ba’zi muhim institutlari ham falaj holga kelib qolmoqda. Misol uchun janob Trampning BST sudyalarini tayinlash yoki muddatini cho’zishni orqaga surishi, BST ning nizolarni hal etish tizimining oz funksiyalarini ado etish imkoniyatidan tez orada mahrum etadi. Bundan tashqari, janob Tramp jamoasi NAFTA (Shimoliy Amerika Erkin savdo Bitimi)ni va KORUS(Koreya-Amerika Erkin Savdo Bitimi)ni ham ozgartirdi va 2019 dan boshlab Yaponiyani ham ikki tomonlama savdo bitimi tuzishga majburlamoqda. Asosiy maqsad AQSH ning biznes olami manfaatlarini oldinga surish va AQSH manfaatlarini kuchaytirishdan iborat.

Xo’sh, AQSH-Xitoy Savdo Urushining bizga nima aloqasi bor? Nima uchun biz u haqida ham bosh qotirishimiz lozim yoinki nega havotirlanishimiz kerak? AQSHning o’z bozoriga eksport qilinayotgan Xitoy mahsulotlariga nisbatan 200 milliard dollarlik bojlarga qo’shimcha ravishda yana qo’shimcha bojlarni kiritishi Xitoyni qo’rqitib yubordi va ikkala taraf ham 2018 Dekabr oyida 90 kun ichida muammoli masalalar yuzasidan kelishuvga erishish bo’yicha kelishishdi. Bunday kelishuv orqasida Xitoy bozori bilan allaqachon kuchli tarzda integratsiyalashib bo’lgan AQSH bozoridagi turg’unlik holatining ta’siri ham sabab bo’lganligi aniq. Chunki, 2019 yil boshidan jahon bozorlaridagi aksiyalar ikki gegemon o’rtasidagi savdo urushi natijasida yuzaga kelayotgan dunyo mamlakatlari iqtisodiyotlarning sekinlashuvidan jabr ko’rishni boshladi.

AQSH va Xitoy barcha masalalarni 100 kun ichida hal etish uchun o’tgan yil oxirida bir qarorga kelishsa-da, bu murakkab iqtisodiy masalalarni tezlik bilan hal etish qiyinligi aniq. Shuning uchun ham 2019 yil 1 Mart kuniga belgilangan muddat poyoniga yetsada, hali aniq echim ko’ringani yo’q. Shuning uchun ham taraflarning yana bir oyga ushbu muddatni uzaytirgan holda, muzokaralarni davom ettirishlarini e’lon qilishi ajablanarli holat emas.

Bu holat O’rta Osiyo davlatlariga ham birdek taalluqli. Chunki, Xitoy bizdan tabiiy gaz va neft va boshqa mahsulotlarni xarid qiladi. Agar Xitoyning AQSH bilan savdo urushi to’xtamasa, bu o’z o’zidan Xitoyda ishlab chiqarishning sekinlashuvini bildiradi. Chunki, Xitoy va AQSH savdo oboroti 600 milliard dollar bo’lib, har yili Xitoy AQSH bozoriga qiymati 400 milliarddan dollardan ziyod mahsulotni eksport qiladi. Yani, AQSH Hitoy uchun dunyodagi eng katta bozor. Boshqa tarafdan Xitoy bizning ham eng katta savdo o’rtoqlarimizdan hisoblanadi. Shunday ekan, AQSH bilan davom etayotgan savdo urushidan jiddiy zarar ko’radigan Xitoyning Orta Osiyo mamlakatlaridan tabiiy mahsulotlar import qiluvchi Hitoyning tezligi pasayishi, harid narxlarni pastlatishi yoki umuman to’xtatishi yoki bo’lmasam hozir qurilishi ketayotgan D gaz quvurini umuman bitirmasligi ham mumkin. Albatta bu holatda havotirlanishga o’rin bo’lsada, boshqa tomondan Xitoyning 2013 yilda o’rtaga tashlagan Bir Qamar Bir Yo’l tashabbusi doirasida O’zbekiston ham o’z ulushini olishga harakat qilishi, Xitoy bilan o’zaro manfaatli savdo va investitsiya aloqalarini yuritishi lozim. Bizning eng katta savdo sheriklarimizdan biri bo’lgan va eng katta xorijiy investorimiz sifatida yaqin qo’shnimiz Xitoyning tashqi siyosatini izchil kuzatishda foydadan o’zgasi mavjud emas. 

Yaqin Sharq va Uzoq Sharq

 Keling Osiyodagi boshqa savdo sheriklarimiz bilan holatimizni korib chiqaylik. Afsuski, Eron va Turkiya kabi Osiyoning kuchli iqtisodlarida ham holat maqtaladigan tarzda emas. AQSH hukumati Eron bilan tuzilgan olti tarafli Yadroviy Bitimdan chiqdi va Evropa Ittifoqini ham qiyin ahvolga solib quydi. Eronga nisbatan sanksiylar qaytadan kirtildi. Bu esa Eron Islom Respublikasi iqtisodiyotini yana boshi berk ko’chaga olib kirishdan o’zgasi emas. Turkiya hukumati esa o’sib borayotgan tashqi qarz va muhojirlar tufayli yuzaga kelayotgan ichki notinchlik va iqtisodiy holatning yomonlashuvi kabi katta muammolar qarshisida turibdi. Bu esa Turkiyaning yaqin muddat ichida horijga juda katta miqdordagi investitsiyalar amalga oshirishi qiyinligini, uning ichki bozorining esa sotib olish qobiliyati keskin oshmasligini bildiradi. Garchi Turkiya Jumhuriyati bilan aloqalarimiz qaytadan normallashgan bo’lsada, ichki muammolari bilan o’rtanayotgan Usmonli Turk avlodlaridan juda katta investitsiyani kutish kamina fikricha biroz qiyin. Erkin savdo sohasida esa ancha imkoniyatlar bor va o’tgan yili Turkiyaning bizda etishtirilgan acchiq qalampirlarni millionlab dollarga sotib olishi bunga yorqin misol. Aytish joizki, Turklar jon deb biz bilan erkin savdoga doir xalqaro bitim tuzishlari mumkin, faqat bunda ham ichki ishlab chiqaruvchilar nuqtai nazaridan yaxshilab o’ylab qadam qo’yishni to’g’ri degan bo’lardim. Bu masalada, Iordaniya va Turkiya o’rtasida tuzilgan erkin savdo bitimi muammolarini esga olish kifoya.   

Shu sababli, AQSH bilan orasi yomon bo’lmagan mamlakatlar bilan iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashda foydalar bor. Misol uchun Hindiston bozori anchagina katta, va garchi muhofazakor (konservativ) ruhda bo’lsada, O’zbeksiton tovarlari uchun haridor topilishi mumkin. Keyingi tanlov Uzoq Sharqdagi Yaponiya va Janubiy Koreya hisoblanadi. Garchi, Janubiy Koreya va yurtimiz o’rtasidagi tovar aylanmasi katta bo’lsada, bu holatda ham koreyslarning biz bilan bo’ladigan savdodan olayotgan saldosi plyusda turganligini unutmaslik kerak. Yaponiya bilan esa katta savdo aylanmamiz mavjud emas. Misol uchun, Tasqi Ishlar Vazirligimiz ma’lumotlariga qaragnda, 2017 yilning Yanvar-Oktabr oylari orasidagi O’zbekiston-Yaponiya o’rtasidagi o’zaro savdo hajmi bor yo’g’i 140 million AQSH dollari bolib, oshandan Yaponiyaga bizning eksportimiz 5 million AQSH dollarini tashkil etgan holos. Statistika Qo’mitasi ma’lumotlariga ko’ra, 2018 yilga kelib ham Yaponiyaga eksportimiz 13 million dollardan osha olmay, o’zaro savdo nisbati 52×1 ni tashkil etgan. Yiliga salkam 600 milliard dollarlik mahsulot import qiluvchi gigant Yapon bozoriga 13 million dollarlik eksport qilishimiz bu bizning eksport imkoniyatlarimizni etarlicha ishlatmaganligimiz va yapon bozori qoidalarini yaxshi o’zlashtirmaganligimizdan kelib chiqqan natijadan o’zgasi bo’lmasa kerak. Shunga qaramay, Yaponiya bozori o’ta katta bo’lib, unda hali ochilmagan imkoniyatlar beqiyos. Agar Janubiy Koreya va Xitoy bilan savdomizni qiyoslasak, Yapon bozori O’zbekistonlik tadbirkorlar uchun katta imkoniyatlarni beradi.

Demak,

  • O’zbekistonning eng katta 2 bozori (Xitoy va Rossiya) AQSH bilan qarama-qarshilik natijasida o’sishdan to’xtamoqda. Eron esa iqtisodiy sanksiyalar bilan tiklana olmayapti.
  • Xitoy va Rossiyaning qitisodiy o’sishdan to’xtashi yoki osha o’sishning pasayishi ham bizning tovarlarga nisabtan talabni pasaytiradi. Shu sababdan ham bizga yangi, muqobil, va qo’shimcha bozorlar kerak.
  • Yangi bozorlar uchun yangicha ruhdagi chuqurlashtirilgan savdo bitimlarini tuzish va Butunjahon Savdo tashkilotiga kirish ahamiyatli bo’ladi.
  • Yuqoridagilarga erishish uchun esa Erkin Savdo Bitimlari va Butunjahon savdo tashkiloti bo’yicha alohida va uzoqni ko’zlagan strategiya ishlab chiqishimiz zarur. Bunday strategiyani ishlab chiqish va uni hayotga uzoq muddatda tadbiq etish uchun bizga halqaro iqtisod va uning huquqini(savdo investitsiya, moliya, soliq kabi)  yaxshi o’zlashtirgan kadrlar kerak. Ularni esa universitetlar va ular qoshidagi yoki mustaqil ilmiy tadqiqot markazlari etishtiradi. Ming afsuski, bunday tadqiqot markazlari yurtimizda juda kam va bir ikkisi istisno, aksariyatining faoliyati sust va shaffof emas. Zudlik bilan tashkil etish va mavjudlarining faoliyatlarini jonlantirish lozim.  

Xulosa o’rnida

Eksport qiymatini 2019 yilda 18 milliardga oshirishni ko’zlayotgan O’zbekistonimiz uchun ushbu raqam erishsa bo’ladigan raqammi? Eksport bozorlarimizni yanada kengaytirish va diversifikatsiya(turlilashtirish) qilish uchun bizda yana qanday imkoniyatlar bor? Agar shimol, yoki sharqqa qarab kengaya olmasak, janub va g’arbda bizga yana qanday egallanmagan bozorlar qolgan? Misol uchun, 2019 da tuzilishi kutilayotgan O’zbekiston-Evropa Ittifoqi iqtisodiy hamkorlik bitimi bu borada yurtimiz tadbirkorlari uchun qanday imkoniyatlar tashkil etadi? Bu kabi savollarga albatta javob topishimiz zarur. Oldinlari dunyo davlatlari bilan uncha ishimiz bo’lmasdi. Beg’amroq edik. Endi esa agar chet elga eksport tovarlarimizni oshirib, xizmat ko’rsatishni rivojlantirmoqchi bo’lsak va yurtimizni kelajagini shunda ko’radigan bo’lsak, dunyo davlatlarida nimalar yuz berayotganini to’g’ri va aniq tahlil etib borishimiz darkor. Chunki globallashib, huddi bir qishloqdek holatga kelgan Er sharidagi har bir saylov, va har bir katta iqtisodiy  o’zgarishning bizning eng chekka qishloqdagi dehqon yoki biznesmen cho’ntagiga bilvosita ta’sir qilishi kuchayib boradi. Bundan endi qochib ketish qiyin.

Taklif etiladigan maqolalar

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *