2020 sentabrda esa Shveytsariya hukumati 2012 yilda Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan hisobraqamlardagi mablag‘lardan 131 million dollarga teng aktivlarni O‘zbekistonga qaytarishga rozilik bergandi.
2022 yil fevraliga kelibgina Shveytsariya va O‘zbekiston muzokaralarida siljish bo‘ldi: tomonlar qaytarilgan mablag‘larning O‘zbekiston xalqi farovonligi uchun ishlatilishini nazorat qilib borish maqsadida BMT shafeligida xalqaro trast fondi tuzishga kelishishgandi.
O‘zbekiston birinchi prezidentining qizi va uning jinoiy sheriklari noqonuniy ravishda orttirib, Shveytsariyada legallashtirgan 131 mln dollar O‘zbekiston xalqiga qaytariladi. Bu pullar ijtimoiy sohaga yo‘naltirilishini Shveytsariya tomoni va BMTning trast fondi nazorat qiladi.
2022 yil 16 avgust kuni Shveytsariyaning Bern shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Shveytsariya Konfederatsiyasi o‘rtasida “O‘zbekiston Respublikasi va Shveytsariya Konfederatsiyasi o‘rtasidagi Shveytsariya Konfederatsiyasi hududida konfiskatsiya qilingan noqonuniy orttirilgan aktivlarni O‘zbekiston Respublikasi aholisining manfaatlarida qaytarish yo‘llari to‘g‘risida”gi bitim imzolandi.
Bitimni O‘zbekiston nomidan adliya vaziri Ruslanbek Davletov va Shveytsariya nomidan mamlakat prezidenti Inyatsio Kassis imzoladi. Bitimni imzolash marosimida BMTning Ko‘p-sheriklik trast jamg‘armasi ofisi ijrochi koordinatori J.Topping ishtirok etdi.
“Bitim noqonuniy orrtirilgan taqriban 131 mln AQSh dollariga (taqriban 1,4 trln so‘m) teng aktivlarni O‘zbekistonga qaytarishni, noqonuniy orttirilgan aktivlarni qaytarishning asosiy prinsiplari, mexanizm va maqsadlarini belgilaydi”, – deya aniqlik kiritgan Adliya vazirligi.
Restitutsiya BMTning Ko‘p-sheriklik trast jamg‘armalari tizimiga kiruvchi “Uzbekistan Vision 2030” ko‘p-sheriklik trast jamg‘armasi orqali amalga oshiriladi.
Jamg‘arma tegishli funksiya va vakolatlarga ega bo‘lgan quyidagi ma’muriy-tashkiliy tuzilmaga ega:
- Yuqori darajadagi strategik qo‘mita (O‘zbekiston va Shveytsariyadan bir nafardan yuqori martabali vakil) – jamg‘arma faoliyati bo‘yicha strategik qarorlar qabul qiladi.
- Boshqaruv qo‘mitasi (O‘zbekiston, Shveytsariya va BMTdan bir nafardan vakil) – jamg‘armaning operatsion faoliyati, shu jumladan loyihalarni ko‘rib chiqish va tasdiqlash bo‘yicha to‘liq konsensus asosida qarorlar qabul qiladi.
Bundan tashqari, tashkiliy tuzilma tarkibiga jamg‘arma faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiruvchi va o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida va ish haqisiz amalga oshiradigan O‘zbekiston va Shveytsariya fuqarolik jamiyati vakillaridan hamda xalqaro nohukumat tashkilotlaridan iborat Fuqarolik jamiyati maslahat kengashi ham kiradi.
Boshqa tomondan esa, 2022 yil iyul oyi ohirida Shveytsariya sudi Gulnora Karimova mansabdor shaxs bo‘lmagan, degan xulosaga keldi. Ushbu g‘alaba unga Shveytsariyada muzlatilgan 303 mln dollarlik (293 mln frank) mablag‘larini qaytarib olish imkonini berishi mumkin.
Bu uning telekommunikatsiya shartnomalari evaziga “pora” olgani haqidagi da’volar isbotlanmaganligini anglatadi.
Ta’kidlanishicha, Gulnora Karimova mansabdor shaxs bo‘lmagan ekan, uning pora olish jinoyati bilan ayblanishi noqonuniy hisoblanadi. Ushbu g‘alaba Karimovaga Shveytsariyada muzlatilgan 303 mln dollarlik (293 mln frank) mablag‘larini qaytarib olish uchun huquqiy asos yaratishi mumkin.