Markaziy Osiyo bo’yicha tashqi davlatlar strategiyalari: Yevropa Ittifoqining yangi strategiyasi tanishtirilishi arafasidagi ba’zi mulohazalar

02/04/2019 sanasida Minbar.uz saytida chop etilgan maqola.

Markaziy Osiyo doimo kuchli davlatlar nazarida bo’lib kelgan va ularning deyarli barchasi ushbu mintaqa uchun o’zlarining strategiyalari ega bo’lishgan. Qo’lingizdagi kichik maqolada shunday strategiyalarning maqsadlari, o’ziga hosligi va yurtimiz uchun ularning ta’siri haqida so’z yurtimoqchiman. Ayniqsa, kechagina Evropa Ittifoqi tomonidan Markaziy Osiyo davlatlari bo’yicha yangi strategiyasining e’lon qilinishi arafasida bu masala yana ham dolzarbligini saqlab qolmoqda.[1] Aytish joizki, shu haftaning ohirida Bishkekda bo’lib otadigan Markaziy Osiyo tashqi ishlari vazirlari ishtirokidagi yig’lishda Evropa Ittifoqining ushbu strategiyani tanishtirishi kutilmoqda. Mintaqamizda strategik manfaatlarga eg davlatlar yoki tashkilotlarning bundya strategiyalarini bilishimiz ushbu davlatlar va tashkilotlarni aynan qanday masalalarga urg’u berayotganligi va qanday sohalarda biz bilan manfaatli hamkorlik olib bormoqchi ekanliklairni oldindan bilish va shuga ko’ra ular bilan hamkorlik qilishda juda ahamiyatli hisoblanadi. Nafaqat ular tomonidan bir tomonlama belgilangan strategiya, balki aynan shunday strategiya yoki tashabbuslarning milliy manfaatlarimiznig to’laligicha inobatga olingan holda shakllantirilishi ham muhim hisoblanadi. 

 Keling, avvalambor, Markaziy Osiyo mamlakatlari bo’yicha dunyo davlatlari qanday strategiya va tashabbuslar bilan chiqqanligini qisqagina ko’rib chiqsak.

AQSH

  2011 yillardan boshlab Qo’shma Shtatlar hukumati Markaziy Osiyo uchun Yangi Ipak Yoli tashabbusini o’rtaga tashladi.[2] O’sha paytdagi davlat kotibasi bo’lgan Hilari Klinton honim so’zi bilan aytganda, ushbu tashabbus muvaffaqiyatli amalga oshsa,

‘Turkman gaz konlari Pokiston va Hindistonning o’sib borayotgan energiya ehtiyojlarini qondirish va Afg’oniston va Pokiston uchun muhim tranzit daromadlarini ta’minlashga yordam berishi mumkin. Tojikiston paxtasi Hindistonning naqshli kiyimlariga aylanishi mumkin. Afg’onistonning mebellari va mevalari Ostonaning yoki Mumbay va undan tashqarida joylashgan bozorlarga bora oladi.’

 Biroq muammo shundaki, ushbu tashabbus o’z maqsadiga erishadigan moliyaviy asosga va AQSH hukumati ichida kuchli siyosiy madadga ega emas edi. Natijada u Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun kutilgan natijani bermadi. Shunday bo’lsada, O’zbekistonning dunyoga qaytdan ochilishi boshlangan 2016 yildan boshlab, AQSH hukumatining mintaqaga nisbatan tashqi siyosatida ham o’zgarishlar ko’rina boshladi. Ayniqsa, keying yillarda AQSHning yurtimizdagi turli sohalar bo’yicha yordam ko’rsatish loyihalarining ko’payishi kuzatilyapti.

Xitoy Agar Amerikaliklar Ipak Yo’li loyihasiga kerakli moliyaviy yordam ko’rsatmagan holda, uni falaj holatga olib kelishgan bo’lsa,[3] aynan o’sha paytda Xitoy Xalq Respublikasi (XXR) prezidenti Shi Jinping XXRning Bir Makon, Bir Yol tashabbusini dunyoga tanishtirdi. BMBY

tashabbusi XXRning multi-trillion dollarlik davlat rezervlariga tayangan holda, xitoylik ishlab chiqaruvchilarining mahsulot va xizmatlarini chet elga chiqargan holda XXRdan Gollandiyagacha davom etadigan quruqlikdagi Ipak Yoli Iqtisodiy Makonini qurishga harakat qilmoqda. Bunda asosiy masala – XXRdagi ortiqcha ishlab chiqarish kuchini qattiq infrastruktura loiyihalari vujudga keltirish orqali Evro-Osiyo davlatlariga eksport qilish hisobanlanadi. Uning moliyaviy tomonini ham XXR banklari qo’llab-quvvatlashadi. BMBY infrastruktura loyihalariga ko’priklar, temir yo’llari, tunnellar, elektr stansiyalari va suv omborlari kabi multi-million yoki multi-milliard dollarlik qurilishlar kiradi. BMBY juda katta tezlikda mintaqaning barcha davlatlari tomonidan qo’llab-quvvatlandi. Sababi esa juda oddiy edi: XXR inson huquqlariga oid ochiqdan-oichiq talab qo’ymadi va maqsadida jiddiy harakat qilgan holda, va’da qilingan mablag’ va texnologiyani o’z vaqtida taqdim etdi. 

 O’zbekiston BMBY ni boshidan boshlab qo’llab-quvvatladi. Shu paytgacha deyarli 1 milliard dollardan ortiq kreditlarni olib, Qamchiq dovonidagi tunnel vat temir yo’li kabi katta infrastruktura loyihalarni amalga oshirdi va oshirmoqda. Natijada BMBY ikki tomonning tashqi siyosatidagi asosiy masala holatiga keldi. Ushbu mavzuga aloqador muallifning Kun.uz dagi mufassal maqolasiga etiboringizni qaratishni istardim.[1]

Rossiya

 Rossiyaning Markaziy Osiyo uchun ahamiyati va Rossiya uchun Markaziy Osiyoning ahamiyati haqida gapirish ortiqcha. Rossiyaning Markaziy Osiyoga nisbatan eng muhim iqtisodiy strategiyasi bu – Yevro-Osiyo Iqtisodiy Ittifoqi(YOII) bolib, ushbu ittifoq orqali Rossiya Federatsiyasi mintaqa davlatlari bilan nafaqat erkin savdo va investitsiya munosabatlari, balki, bojhona ittifoqi darajasidagi chuqurlashgan integratsiyani ko’zlamoqda. Rossiyaning ushbu loyihani qattiq targ’ib etishi natijasida oldinlari mavjud bo’lgan Markaziy Osiyo erkin iqtisodiy hamkorligi yo’q bo’lib ketdi. Muammo shundaki, YOIIga mintaqada faqat Qozog’iston va Qirg’izistongina a’zo bo’lgan bo’lib, ikkisining kirishi ham har bir davlat uchun katta iqtisodiy zararlar keltirganligi haqida ma’lumotlar mavjud. Bundan tashqari, ushbu ittifoqqa kirish natijasida a’zo davlatlar o’zlarining tashqi iqtisodiy siyosatlarini shakllantirish imkonidan jiddiy ravishda mahrum bo’lishadi. Shu sababli ham hali a’zo bo’lmagan Tojikiston, Turkmaniston va O’zbekiston davlatlarining o’rinli havotirlarini tushunsa bo’ladi. 

Hindiston

 Hindiston ham Markaziy Osiyo hududini ham savdo-investitsiya, ham energetika sohasida muhim hamkorlardan biri sifatida ko’radi. Hindistonning ‘Markaziy Osiyo bilan bog’lanish’ (Connect Central Asia’ loyihasi mavjud bo’lsada, XXR kabi Hindistonning iqtisodiy cho’ntagi chuqur emas. Shu sababli, Hindistonning Markaziy Osiyoda katta muvaffaqiyatga erishayotganini etirof etish qiyin.[2]   Buning sabalaridan bir bu- Pokistonning Hindistonning o’z hududidan o’tishi uchun ruxsat etmasligi bo’lib, shu sababli Hindiston mintaqaga bevosita hududiy kirishning etishmasligi bu mintaqadagi Yangi Dehlining savdo manfaatlariga ziyon keltirmoqda. Biroq Markaziy Osiyo mintaqasida Qozog’iston va O’zbekiston boshchiligidagi mamlakatlar Hindistonni iqtisodiy rivojlanish yolida asosiy hamkorlaridan biri sifatida ko’rishga intilmoqda. Ham aholi, ham iqtisodiy jihatdan katta o’sish imkoniyatiga ega bo’lgan Hindistonga bunday yondashuvni o’rinli deb hisoblayman.

Yaponiya

 Yaponiya davlati ma’lum darajada XXRga raqobat qilish maqsadida Erkin va Ochiq Hind- Tinch okeani (Free and Open Indo-Pacific) tashabbusi bilan chiqqan.[1] Uning asosiy moljali Janubi-sharqiy Osiyo bo’lsada, ushbu tashabbus Markaziy Osiyoni ham qisman qamrab oladi. Markaziy Osiyoda Yaponiya o’zining Yaponiya Halqaro Hamkorlik Tashkiloti (JICA) grantlari, yenada beriladigan shartli qarzlari bilan ancha faol hisoblanadi.  Shunday bo’lsada, Yaponiyaning asosan Janubiy-sharqiy Osiyoga asosiy e’tiborini qaratgani, va Markaziy Osiyoda to’g’ridan-to’g’ri yapon investitsiyalarining o’ta ozligi faktorlari Yaponiyaning Markaziy Osiyodagi faoliyatini oqsatayotganligini qayd etish lozim.

 Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorligi (CAREC) mintaqa davlatlari o’rtasida iqtisodiy hamkorlikni rag’batlantirish maqsadida 1997 yilda tashkil etilgan bo’lib, Yaponiyaning kuchli ta’siri bolgan Osiyo taraqqiyot banki tomonidan tomonidan qo’llab-quvvatlangan tashabbusdir. CAREC transport va tranzit koridorlarini qo’llab-quvvatlaydi, savdoni osonlashtirish, a’zo davlatlar vazirliklari o’rtasida aloqa va maslahatlashuvlarni amalga oshiradi. Biroq, savdo va energetika rivojlanishidan tashqarida bir nechta yutuqlar mavjud xolos.

Turkiya

 Turkiyaning Markaziy Osiyo bo’yicha harakatlari 1990 yillar boshidan boshlangan. O’zbekistonning mustaqilligini dunyoda eng birinchi bo’lib tan olgan mamlakat sifatida Turkiya ushbu hudud mamlakatlari bilan Turk Birligi tashkilotini tuzib, shu forum orqali aloqalarni rivojlantirishga harakat qilmoqda. Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (Turkiy Kengash) 2009 yilda turkiy davlatlar o’rtasida har tomonlama hamkorlikni rag’batlantirish maqsadida tashkil etilgan hukumatlararo tashkilot sifatida tashkil etilgan. To’rt asoschi davlat – Ozarbayjon, Qozog’iston, Qirg’iziston va Turkiya.

 O’zbekiston Turkiya Respublikasining hududiy tashabbuslariga a’zo bo’lmasada, president Mirziyoyev paytidan boshlab Turkiya bilan aloqalarning keskin yaxshilanishi ko’zga tashlanmoqda. Turkiya davlati G20 kirgan, katta eksport salohiyatiga ega mamlakat bo’lib, kelajakda yurtimiz manfaati hizmat qiladigan shartlarda, Turkiya bilan erkin savdo va investitsiya bitimi tuzish ehtimoli ham yo’q emas.

Koreya

 Janubiy Koreya davlati Markaziy Osiyo mamlakatlarining asosiy savdo va investitsiya sheriklaridan biri. Uning ham o’z strategiyasi mavjud bolib, Prezident Mun Jae paytida Yangi Shimoliy Siyosat (New Northern Policy) sifatida tanishtirilgan. Yangi Shimoliy Siyosat Janubiy Koreya shimolidagi davlatlar bilan iqtisodiy va siyosiy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan. Aslida Koreayning Yangi Shimoliy Siyosati, haqiqatan ham ‘yangi’ bo’lmay, oldingi porezident Park paytida Evro-Osiyo tashabbusi sifatida tanishtirilgan. Bu strategiya Koreya yarim orolini turli temir yo’llari tizimini ishga solgan holda Markaziy Osiyo davlatlari bilan bog’lashni o’z oldiga maqsad qilgan. Shunday bo’lsada, bunday strategiyaning o’rtaga tashlanishi bilan O’zbekiston-Koreya o’rtasida katta burilish kuzatilgani yo’q. Aksincha, ikki taraf ham oldingidek, yaqin iqtisodiy aloqalarni olib borishda davom etmoqda.   Ko’rib turganingizdek, turli davlatlarning Markaziy Osiyo bo’yicha o’zlariga yarasha loyihalari mavjud bo’lsada, ko’lamining kengligi, doimiyligi va ochiqligi bilan ularning hech qaysisi quyida so’z yurtiladigan Evropa Ittifoqining Markaziy Osiyo davlatlaridagi strategiyasiga teng kela olmaydi.

Yevropa Ittifoqi

Yevropa Ittifoqi(EI) biz uchun bir necha sabablar tufayli muhim hamkor hisoblanadi. Bular, Yevropa Ittifoqining halqaro maydondagi o’ta kuchli siyosiy aktyor bo’lishi bilan bir qatorda, uning juda katta iqtisodiy bozor ekanligi va inson huquqlari boyicha dunyodagi eng oldingi orinlarda turishi va uni faol ravishda boshqa davlatlarda ham tadbiq etilishiga undashlari yotadi.

 Yevropa Ittifoqi Sovetlar tuzumi tarqaganidan keyin 1991 yildan 2007 yilgacha Markaziy Osiyo davlatlariga Mustaqil davlatlar hamdo’stligi uchun texnik yordam (TACIS)  dasturi ostida katta yordam ko’rsatdi. Ushbu dastur davlat korxonalarining qayta tuzish va rivojlantirish, ma’muriy islohotlar, ijtimoiy hizmatlar, ta’lim, va yadroviy havfsizlik kabi sohalarni qamrab olgan. Undan keyin esa TACIS tugatilib, ushbu dastur Yevropa Qoshnichilik Siyosati (European Neighbourhood Policy) ichiga kirib ketdi.

Aynan 2007 yilda EIning Markaziy Osiyo davlatlari uchun ilk strategiyasi e’lon qilingan. Shu yillar davomida EI bizning mamlakatimizda huquq sohasi, sog’liqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, qishloq hojaligi kabi turli sohalarda yordam ko’rsatdi. EIning 2014-2020 yillar orasidagi Markaziy Osiyo davlatlaridagi rivojlanish loyihalari uchun sarflaydigan mablag esa 1 milliard evrodan oshib ketadi. 2019 ga kelib esa EI o’zining yangi, ‘Evropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo: yanada kuchliroq sherikchilik uchun yangi imkoniyatlar’ (The EU and Central Asia: New Opportunities for a Stronger Partnership) nomi ostidagi Markaziy Osiyo strategiyasini e’lon qildi. Iyul oyi boshida esa EI uni Bishkekda Markaziy Osiyo tashqi ishlari vazirlariga tanishtirishilishi kutilmoqda. Evropa Ittifoqining keying 2-3 yil ichida Markaziy Osiyo hududlarida faoliyatining tezlashishi orqasida esa eng katta faktorlardan biri- XXR tomonidan ortaga tashlangan BMBY tashabbusining juda katta tezlikda oldinga ilgarilashi bo’lsa, boshqa tomondan esa shu paytgacha tashqi olamga yopiq holda bo’lgan O’zbekistonning yana ham faol, tashqariga ochiq va yon qo’shnilar bilan suv va chegara masalalari yuzasidan konstruktiv muloqotga kirishi yotadi desak mubolag’a qilmagan bo’lamiz.  

Hosh shunday ekan, EU ning yangi strategiyasi oldingisidan nimasi bilan ajralib turadi?

Avvalambor, EI strategiyasini yaxshi tushunish lozim: u halqaro bitim emas; huquqiy hujjat ham emas; Strategiya EIning Markaziy Osiyo bo’yicha kelajakda ko’zlagan maqsadlarini ifodalovchi siyosiy hujjat hisoblanadi. Shuning uchun ham huquqiy kuchi mavjud emas. Boshqacha soz bilan aytganda, EI strategiyasi hech qaysi tomon uchun huquqiy majburiyatni vujudga keltirmaydi. U EIning mintaqada erishmoqchi bo’lgan maqsadlarini bildirgan bayonnoma xolos.

Ikkinchidan, EI tomonidan e’lon qilingan qo’shma bayonotda Markaziy Osiyo boyicha strategiya quyidagi 3 sohani o’zining ustuvor yo’nalishlari sifatida qayd etilgan:

• Markaziy Osiyo davlatlarining ichki va tashqi sarosimalarni bartaraf etish qobiliyatini mustahkamlash va islohotlar uchun davlatlar qobiliyatlarini kuchaytirish yo’lidagi ‘bardoshlilikni oshirish yolidagi hamkorlik’;

• Iqtisodiy modernizatsiyani qo’llab-quvvatlash, Butunjahon Savdo tashkilotiga a’zo bo’lish, barqaror aloqa o’rnatish va yoshlarga sarmoya kiritish yo’li bilan ‘farovonlik uchun hamkorlik qilish’.

• Markaziy Osiyodagi mamlakatlar bilan hamkorlikni mustahkamlash, siyosiy muloqotni kuchaytirish va fuqarolik jamiyatining ishtirokining kuchayishi yo’lidagi ‘birgalikda yana ham yaxshi ishlash’ yo’nalishi.

Uchinchidan, EIning Qozog’iston bilan imzolangan Kengaytirilgan Sherikchilik va Hamkorlik kelishuviga o’xshash bitimni endi O’zbekiston va Qirg’iziston bilan ham tuzmoqchi. Ma’lumot uchun aytish kerakki, ushbu bitim Ozbekiston bilan allaqachon 1999 yilda tuzilgan bo’lsada, u allaqachon eskirgan bo’lib, keyingi 20 yildagi o’zgarishlarni e’tiborga olgan holda yangilashga ehtiyoj mavjud. Hozirda tomonlar muzokaralarning 2-doirasini yakunlab, yaqin kunlarda Bryusselda 3-doiraga tayyorgarlik ko’rishmoqda. Diplomatik doiralar ichida esa ushbu bitim bo’yicha muzokaralarning 2019 yil ohirigacha muvaffaqiyatli tugallanishi haqida fikrlar mavjud.

Eng ohirgi nuqta esa EIning XXR tomonidan o’rtaga tashlangan Bir Makon Bir Yo’l Tashabbusiga nisbatan barqaror, keng qamrovli va oldindan o’rnatilgan qoidalarga asoslanib, investitsiyalar va savdo-sotiqni rivojlantirishga qaratilgan yondashuvni ilgari surayotganligidir. Bu o’rinda, Evropa Ittifoqida Markaziy Osiyo davlatlarining XXR tomonidan taklif etilayotgan jozibador infrastrukura loyihalarning ko’r-ko’rona qabul qilinishi natijasida mintaqa mamlakatlarining multi-milliard dollarlik qarz botqog’iga botishi va XXRning siyosiy ta’siri ortib ketishi bo’yicha ma’lum darajadagi o’rinli havotirlari yotmoqda. EI uning o’rniga, ijtimoiy va atrof muhitni muhofaza qilishning yuqori andozalariga asoslangan va EIining ichki bozoridagi muvaffaqiyatidan ilhomlanib, fuqarolarga shaxsiy hayot huquqlarini kafolatlash orqali hayotning yuqori darajasiga erishish imkonini beruvchi yo’lni taklif etmoqda. Bu yo’lda esa, ‘barqaror bog’lanish’ (sustainable connectivity) konsepsiyasini ilgari surmoqda. Osonroq til bilan aytganda, XXRdan keladigan har bir katta loyihani shaffof tarzda, etarlicha soha mutaxassislari bilan muhokama qilish asosida qabul qilish lozimligiga e’tibor qaratmoqda.

Shu bilan birga, O’zbekiston sifatida EUning yangi strategiyasi boyicha nimalarga e’tibor berishimiz kerak?

   Birinchidan, eksportga yo’naladigan qishloq hojaligi sohasining rivojlanishi. EIning yangi strategiyasida markaziy o’rin oladigan soha bu – O’zbekistondagi qishloq ho’jaligi sohasining rivojlanishi bo’lishi kutilmoqda. O’zbekistonning qishloq hojaligi sohasidagi katta imkoniyatlarini hisobga olgan Ittifoqning ushbu sohaga katta miqdordagi mablag’lar sarflamoqchiligi ko’inib turibdi. Ittifoqning bunday siyosati biz uchun muhim natijalarni yuzaga keltirishi mumkin. Chunki, EI strategiyasi O’zbekistoning GSP+ imkoniyatlaridan foydalanishini ko’zda tutadi.

    Hozirda, Markaziy Osiyoda GSP+dan faqat Qirg’iziston foydalanadi xolos. GSP+ esa o’z navbatida 6000 dan ortiq turli hildagi mahsulotlarga nisbatan barcha turdagi bojlarni bekor qilishni nazarda tutib, Markaziy Osiyo davlatlari mahsulotlarining EU bozoriga hech qanday bojlarsiz kirib kelishiga imkon beradi. Ozbekiston esa hozirda GSP ning o’zidangina foydalanib, GSP+dan foydalana olmaydi. Natijada hali ham yuqori bojlar to’lagan holda Evropa davlatlariga eksport qilishda davom etmoqdamiz.

O’rta Osiyo mamlakatlaridan GSP/GSP+ rejimi boyicha Evropa Ittifoqi bozoriga eksport hajmi (binafsha rang GSP/GSP+ ni bildiradi)

Quvonarlisi shundaki, GSP+ tizimiga kirishimiz uchun EI tomonidan talab etiladigan 27 ta halqaro bitimlarning 26 tasiga O’zbekiston a’zo bo’lib ulgurdi. Eng ohirgi qolgan bitim bu – Kartahena Protokoli bo’lib, o’ylaymizki, hukumatimiz bu borada ham etarlicha ishlarni olib bormoqda. Bitimlarga a’zolik tugagandan keyin, EIning GSP+ tizimiga rasman a’zolik jarayoni boshlanishi lozim. Agar hammasi o’z ornida ketadigan bo’lsa, O’zbekistonning mahsulotlari 2020 yil ohirlarida narx jihatidan yana ham raqobatbardosh holatini ushlagan holda Evropa Ittifoqi davlatlari do’konlari rastasida yana ham ko’payishi mumkin.  Ha, shu o’rinda Brexit ning ushbu jarayonga ta’siri haqida to’xtalib otsak. Birlashgan Qirollik haqiqatan ham katta bozor va agar Buyuk Britaniyaning Evropa Ittifoqidan chiqib ketishi aniq bo’lsa, unda bizning tovarlarimiz uchun GSP (yoinki keyinchalik GSP+) rejimini Buyuk Britaniya hukumati tadbiq etishda davom etadimi degan amaliy jihatdan muhim savol tug’iladi? Evropa Ittifoqning GSP+ masalasiga mas’ul hodimlaridan shu masalani so’raganimizda, ularning ham Buyuk Britaniyaning Evropa Ittifoq siyostiga o’xshash siyosat yuritishini va katta o’zgarishni kutishmayotganligini eshitdik. Shunday ekan, hozirgi paytdagi xomaki hulosa shundan iboratki, agar O’zbekiston 27-bitimni ham ratifikatsiya qilib ijrosini taminlab, Evropa Ittifoqining GSP+ tizimiga muvaffaqiyatli ravishda qo’shila olsa, unda Brexit yuz beradigan taqdirda ham Buyuk Britaniya hukumatidan GSP+ ga oxshash rejimni kutishimiz mumkin.

O’zbekistonning GSP+ rejimidan foydalanishni boshlaydigan holatdagi foydasini ifodalagan grafik

Ikkinchi masala shundan iboratki, Evropa Ittifoqining yangi strategiyasi endigina e’lon qilingan bosqichda bo’lib, uning mufassal shakli hali ishlab chiqilmagan. Boshqacha so’z bilan aytganda, umumiy prinsiplar ishlab chiqilgan bo’lsada, har bir sohadagi hamkorlikning qanday usullar va mexanizm orqali amalga oshirilishi hali aniq belgilanmagan. Shu sababli ham, vaqtni g’animat bilgan holda EI tashkilotlari bilan yaqin aloqani ushlagan holda, yurtimiz uchun foydali loyihalarni tezkorlik va faol shaklda Evropa Ittifoqining tegishli organ va tadqiqot institutlariga taqdim etish lozim. Bu o’rinda Toshkentdagi EI delegatsiyasi va Bryusseldagi elchihonamiz katta ro’l o’ynashi mumkin.

Uchinchi e’tibor berilishi kerak bo’lgan masala esa, Evropa Ittifoqining hali hamon Markaziy Osiyodagi 5 mamlakatga bir iqtisodiy makon sifatidagi qarashi hisoblanadi. Garchi iqtisodiy va ijtimoiy hayotda, davlat boshqaruvida Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida allaqachon katta farqlar ko’zga tashlanib qolayotgan bo’lsada, EIning bunday qarashini O’zbekiston yangi imkoniyatlarga aylantira olishi mumkin. Chunki, Turkiston – umumiy uyimiz!, yoinki Markaziy Osiyo erkin iqtisodiy tashkiloti kabilar hozirgi kunda turli sabablarga ko’ra yo’qolib ketdi yoinki Rossiya kabi kuchli davlatlarning yana ham kuchliroq tashabbuslari doirasiga qo’shib olindi. O’zbekiston esa juda ham muhim siyosat yuritgan holda 2018 yildan boshlab ‘Markaziy Osiyo rahbarlarining norasmiy maslahatlashuv kengashini’ o’tkaza boshladi. Madaniyatimiz, dinimiz va tilimiz bir bolgan bu hududda bunday ajoyib tashabbus lozim edi va uni muvaffaqiyatli amalga oshirish va kelajkda EI kabi o’zaro kuchli integratsiyalashgan tashkilot darajasiga chiqara olish uchun hali ko’p vaqt va kuch talab etiladi. Shunday bo’lsada bu yilning Mart oyida ilk bor Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlarinig iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama etildi. Bu ham integratsiyalashishi uchun bir yangi bosqich. Misol uchun, Markaziy Osiyo uchun umumiy viza masalasi kabi qadamma-qadam ketish davlatlararo aloqani rivojlanishiga xizmat qiladi.

 Bu maqsadga erishish yo’lida dunyoning eng rivojlangan boshqaruv qoidalariga ega, eng insoniy prinsiplar asosida harakat etuvchi tashkilot sifatida bizning EIdan o’rganadigan va uning Markaziy Osiyo strategiyasidan unumli foydalanadigan tomonlarimiz ko’p. Rossiya va Xitoy kabi davlatlardan farqli ravishda kuchli ijro institusiyaviy tizim, shaffof va rivojlangan huquq tizimiga ega, shunigdek biz bilan chegaralari bo’lmagan EI bilan hamkorlik qilishimz va o’sha forumda ham Markaziy Osiyo integratsiyasining bosqichma-bosqich rivojlantirilib borilishi juda ham muhim. Chunki, EIning o’zi shunday bo’lishini juda ham hohlaydi. Shunday ekan, yuritmiz va mintaqa manfaatidan kelib chiqqan holda Evropa Ittifoqi- Markaziy Osiyo aloqalarini yana bir o’zaro foydali muloqot makoniga aylantira olishimiz bizga bog’liq.  

Ohirgi masala esa hali hamon O’zbekistonlik jurnalistlarning Brusselsda doimiy akkreditatsiyadan o’tmaganliklari masalasidir. Markaziy Osiyoda faqatgina Qozog’istonlik 3 ta tashkilot jurnalistlarining shunday maqomda ekanligi biz uchun achinarli holat hisoblanadi deb o’ylayman. Chunki, biz u erda mahalliy jurnalistimizni akkreditatsiyadan o’tkazmagunmizgacha, u erdagi siyosatchilardan intervyu olish juda ham qiyin kechishi aniq. Shunday ekan, bu sohadagi davlat tashkilotlari bu masalaga albatta e’tibor qaratishlari zarur deb hisoblayman.

Xulosa o’rnida

Albatta, Evropa Ittifoqi bilan bo’ladigan muloqotda Markaziy Osiyo davlatlari ko’proq tashabbus qabul qiluvchi taraf bo’lib, hali faol ravishda o’zlari tashabbusni o’rtaga tashlash darajasida emas. Shunday bo’lsada, Evropa Ittifoqining ham yurtimizdan oladigan va ular uchun manfaatli bo’ladigan tajribalari borligi shubhasiz. Bryusselda bo’lib, Evropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo’yicha mas’ul rahbarlari bilan bo’lgan suhbatda shunga amin bo’ldikki, keyingi paytda yurtimizdagi diniy qadriyatlarga bo’lgan bag’rikenglik va ekstremistik oqimlarga nisbatan ilmiy yondashuv natijasida qo’lga kiritilayotgan muvaffaqiyat Ittifoq rahbarlarining e’tiboridan chetda qolmagan. Va ular O’zbekistonning aynan shu nuqtada andoza (role model) qilib olish mumkin bo’lgan davlat sifatida qarab, bundan keyin ham tajribamizni yaqindan kuzatib borishlarini aytib o’tishgani biz O’zbekistonliklar uchun ko’p narsani bildiradi.

Taklif etiladigan maqolalar

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *