Oʻzbekiston va Tojikiston prezidentlarining qoʻshma bayonotiga qisqacha ilmiy sharh

                                                                                                                

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan 10 iyun kuni rasmiy tashrif bilan Tojikistonga keldi. Bunda qanday xalqaro huquqiy masalalar ko’tarildi deb o’ylaysiz?

Avvalo, tashrif juda ko’tarinki ruhda o’tganligi kuzatildi va muzokaralar so’nggida ikki tomon prezidentlari tomonidan qo’shma bayonot imzolandi. Ammo, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti veb saytida ham, yurtimizning Tashqi Ishlar vazirligi saytida ham ushbu qo’shma bayonot maytni negadir berilmadi. Faqatgina Sputnik saytida uning to’liq matni e’lon qilindi.

Ushbu sharhimda Prezidentning Tojikistonga tashrifi davomida imzolangan 26 ta banddan iborat Qo’shma bayonot[1] ichidagi bir necha muhim nuqtaga e’tiboringizni qaratsam:

  1. Markaziy Osiyodagi muloqot platformasi haqida

Matn: Muvaffaqiyatli rivojlanib borayotgan oʻzbek-tojik munosabatlari Markaziy Osiyo hududida yangi hamkorlik muhiti yaratilishiga xizmat qiladi. Shu sababli hududdagi davlatlar rahbarlarining Konsultativ uchrashuvlari hamda turli darajadagi tashqi siyosiy uchrashuvlarini davom ettirish maqsadga muvofiq boʻladi.

Tomonlar 2021 yilda oʻzaro kelishilgan vaqt va joyda Markaziy Osiyo davlat rahbarlari uchrashuvini oʻtkazish muhim ekanini qayd etishdi.

Sharh: Qo’shma bayonotning 3-bandi Markaziy Osiyodagi integratsiyalashuvda o’zbek-tojik integratsiyasi hal qiluvchi rol o’ynashi yozilib, O’zbekiston tomonidan taklif qilinib boshlangan hududdagi davlatlar rahbarlarining Konsultativ uchrashuvlarining o’tkazilishi Tojikiston tomonidan qo’llab-quvvatlangan. 2021 yilda ushbu platforma yig’ilishini o’tkazishga ham kelishilgan. Bunday muloqot platformasining yanada mustahkamlanishi Markaziy Osiyodagi O’zbekiston tashabbusining barqaror shaklda davom etishini bildiradi.

  • Savdo va investitsiya masalasida

Matn: Savdo–iqtisodiy sohada hamkorlik qilish koʻp qirrali oʻzbek-tojik munosabatlarining eng muhim yoʻnalishlaridan hisoblanadi.

Oʻzbekiston va Tojikiston bosh vazirlari rahbarligi ostida tashkil qilingan savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya – iqtisodiy hamkorlikning samarali mexanizmidir.

Hukumatlararo komissiyaning soʻnggi yillardagi samarali faoliyati savdo va investitsion sohalarda munosabatlarning izchil faollashuviga olib keldi.

Tomonlar ikki tomonlama savdo hajmi sezilarli darajada oʻsgani, ishlab chiqarishning turli sohalarida kooperatsion aloqalar chuqurlashgani va ikki davlat iqtisodining mavjud zahiralari ishga tushirilganini qayd etishdi.

 Davlat rahbarlari oʻzaro savdoda qulay sharoitlar yaratish va mavjud toʻsiqlarni olib tashlash va uning tarkibini kelajakda ham diversifikatsiya qilish masalalari muhim vazifa boʻlib qolayotganini qayd etishdi.

Bu borada tomonlar manfaatdor kompaniyalar orasida uzoq muddatli va oʻzaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish va kelgusi yilda oʻzaro savdo miqdorini 2 baravar oshirishga kelishib olishdi.

Sharh: Yuqorida qo’shma bayonotning 5-6 bandlari keltirildi. Oʻzbekiston va Tojikiston bosh vazirlari rahbarligi ostida tashkil qilingan savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya – iqtisodiy hamkorlikning samarali mexanizmi ekanligi e’tirof etilgan. O’zaro savdoni 2 baravar ko’paytirish rejasi qo’yilgan. Oʻzbek-Tojik Investitsion kompaniyasi tashkil etilgan. Hududlararo investitsion forumlar tashkil qilinishi boshlandi.

  Ikki tomon aloqalarining o’ziga xos jihati shundaki, ikki hukumat, ayniqsa O’zbekiston tomoni iqtisodiy tashabbuslarni olib chiqishda juda ham faolligi ko’rinadi.[2] 2017 yilda tovar ayirboshlash 70 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilda, murakkab pandemiya yilida ushbu ko‘rsatkich ilk bor 500 million dollarga yetdi. Shunday bo’lsada, O’zbekiston tarafi bunday ko’rsatkichdan qoniqmay, o’zaro savdoni 1 milliard AQSh dollaridan oshirmoqchiligi ko’rinib turibdi. Markaziy Osiyoda aholisi eng tez suratlarda o’sayotgan davlat Tojikiston ekanligini inobatga olsak, oldinga qo’yilgan maqsadning anchagina realligi ko’zga tashlanadi.

  Bundan tashqari, ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlar yumshoq huquq (soft law) shaklida rivojlanayotganligini kuzatish mumkin. Taraflar chuqurlashtirilgan iqtisodiy bitimga hali kelganlaricha yo’q. Uning o’rniga har bir soha bo’yicha alohida bitim yoki kelishuvga erishishni ma’qul ko’rayotganlari kuzatilmoqda. Bu ham iqtisodiy integratsiyalashuvning yana bir usuli bo’lib (patchwork style), qo’llab-quvvatlanishi lozim deb hisoblayman. Bunga misol o’laroq, ikki tomonlama muzokaralar paytida Prezident Mirziyoyevning  tovar ayirboshlashda kelgusi yilda uni ikki barobarga ko‘paytirish uchun yangi «o‘sish nuqtalari»ni topishda “erkin savdo rejimidan istisnolarni bekor qilish va notarif to‘siqlarni bartaraf etish masalalarini kelishishni tez fursatda yakunlash”[3]ning muhimligini ta’kidlaganiga alohida e’tibor berish zarur. O’zbekiston Respublikasi asosan savdo aloqalarini rivojlantirishga e’tibor berayotgani yaqqol ko’rinib turibdi.

 Ma’lumot o’rnida, O’zbekiston ham, Tojikiston ham EvroOsiyo Iqtiodiy Ittifoqiga a’zo emaslar. Tojikiston hatto kuzatuvchi ham emas. Ammo, Tojikiston bizdan oldin jahon Savdo tashkilotiga kirib ulgurgan. Shunday ekan, Tojikiston bilan ikki tomonlama chuqurlashtirilgan savdo bitimini tuzishda O’zbekiston uchun katta manfaatlar bo’lishi mumkin. Investitsiyalarni himoyalash bitimi esa allaqachon tuzilgan va u hozir amalda.[4]

 Bundan tashqari, uchinchi mamlakatlar bozoriga birgalikda chiqish taklifi ham bu safar yangicha fikr sifatida taklif qilindi. Balki, o’zbek va tojik tadbirkorlari qo’shni Afg’oniston, Pokiston va tojik do’stlarimiz alohida aloqaga ega Eron Islom davlatiga birgalikda kirishlari mumkin. Rossiya bozorida ham shunday harakat qilish imkoniyati mavjud. Bunday platforma hozirda dunyoda Xitoy tomonidan rivojlangandan davlatlarga nisbatan keng qo’llanilmoqda.

  • Transport va transport kommunikatsiyalar sohalari

Matn: Prezidentlar transport va transport kommunikatsiyalar sohalarida oʻzbek-tojik munosabatlari strategik ahamiyatga ega ekanini va ularni rivojlantirish ikki davlat manfaatlariga javob berishini qayd etishdi.

Tomonlar kelajakda ham Markaziy Osiyoni hududda samarali tranzit koridoriga aylantirish boʻyicha harakatlarni davom ettirishga kelishib olishdi.

Ikki davlat shaharlari orasida avtobus, temiryoʻl va aviaparvozlarni yoʻlga qoʻyish, Oʻzbekiston va Tojikiston orasida yuk, yoʻlovchi va sayyohlar oqiminig oshishiga olib kelishi qayd etildi.

Sharh: Garchi Tojikiston davlati O’zbekiston uchun dunyo bozorlariga chiqishda asosiy tranzit vazifasini o’tamasada, tojiklar uchun O’zbekiston orqali Rossiya va Qozog’istonga chiqish ayniqsa muhimdir. O’tgan oylardagi Qirg’iziston bilan yuz bergan chegara muammolari Tojikistonning O’zbekistondan o’tadigan tranzit yo’llaridan foydalanishga yanada undashi aniq.

   Shu bilan birgalikda, O’zbekistonning ham Tojikiston ichidagi tranzit yo’llarga ehtiyoji mavjudligini tan olish lozim. Buni Prezident Mirziyoyev tomonidan ikki mamlakatlarning “tranzit salohiyatidan samarali foydalanish, shaharlar o‘rtasidagi havo qatnovlarini kengaytirish va avtobus qatnovlarini tiklashni taklif” etganidan ham ko’rish mumkin.[5]Ayniqsa, vodiy viloyatlaridan poytaxt Toshkent va vohadagi viloyatlarimizga dovonni avtobusda oshib o’tib bo’lmaydi. Shunday ekan, Sirdaryo viloyatigacha poyezdda yoki avtobusda bemalol Tojikiston ichidan oson va qisqa yo’l bilan aylanib o’tish mumkin. Bu yo’llar sobiq Sovet Ittifoqi zamonida va mustaqillik yillarimizning bir qismida ochiq edi, undan keyin yopildi. Bundan albatta unumli foydalanish lozim. Ammo, hozircha ushbu kelishuvlar qanday amaliy natija beradi, noma’lum. Natijani bundan keyin kutish lozim.

   Dushanbe va Toshkent orasidagi parvozlarning doimiy ravishda davom etishi ham ikki tomonlama aloqalarning mo’tadil tutishda zarur hisoblanadi. 

  • Chegaralarni demarkatsiya qilish

Matn: Davlat rahbarlari 2018 yilning 9 mart kuni Dushanbeda imzolangan oʻzbek-tojik chegarasining alohida uchastkalari toʻgʻrisidagi shartnomaning imzolanishi tarixiy ahamiyatga ega deb qayd etishdi. Davlat chegaralarini demarkatsiya qilish borasida konstruktiv dialogni davom ettirish muhim ahamiyatga ega.

Sharx: Albatta, shartnoma imzolaganligi diqqatga sazovor. Shu bilan birga, chegara masalasidagi muloqotni konstruktiv(foydali) ravishda davom ettirish lozimligining ta’kidlanishi shuni ko’rsatmoqdaki, hali bu borada yechilmagan yoki oxiriga yetkazilmagan masalalar mavjud.

  • Suv va gidrotexnik inshootlar masalasida hamkorlik

Matn: Oʻzbekiston va Tojikiston Markaziy Osiyo suv va energetika boyliklarini oʻzaro manfaatli asosda foydalanish tarafdori boʻlishdi. Ushbu maqsadda uzoq muddatli samarali hamkorlik mexanizmlari ishlab chiqiladi. Tomonlar Tojikiston Respublikasida gidroenergetika loyihalarida birgalikda ishtirok etishga kelishib olishdi.

Sharh: Ushbu qism xalqaro huquqiy nuqtai nazardan anchagina muhim. Chunki Rog’un GESi va Amudaryo suvlaridan foydalanish bo’yicha O’zbekiston haligacha Tojikiston bilan huquqiy qoidalar asosida bitimga kelishgani yo’q. O’zbekiston hukumati oldin hukumat paytidagi Rog’un GESiga qarshi turishga oid status quo ni o’zgartirdi, ammo uni aynan qanday kelishuv asosida o’zgartirganligi[6] yoinki qanday sabablarga ko’ra o’zgartirganligi hali aniq emas.[7] Yuqoridagi matn ushbu masalaga biroz bo’lsa ham oydinlik kiritdi.

Avvalo, ushbu matn orqali Tojikiston tomoni ham O’zbekistonning suv manbalariga bo’lgan manfaatini tan olmoqda. Shuningdek, suvdan foydalanishda ikki davlatning ham manfaatlari e’tiborga olinganligi ta’kidlanyapti. Bunda, Tojikiston suvni faqat o’zining manfaatiga mos keladigan sharoitlardagina bo’lishishga roziligini ko’rsatsada, “o’zaro” iborasining qo’llanishi O’zbekiston tomonining ham manfaatlari inobatga olinishini bildiradi. Bu juda muhim nuqtadir.

Keyingisi esa energetika boyliklari, ya’ni energiya ishlab chiqaruvchi to’g’on va dambalarni qurish va foydalanishda ikki davlat manfaati inobatga olinishi ko’rsatilgan. Qo’shma bayonot matni shuni ko’rsatadiki, hali bunday mexanizm ishlab chiqilmagan. Tomonlar kelajakda o’zaro kelishish uchun kelishishgan, xolos. Ikki tomonlama aloqalar yaxshi paytida bunday aniq mexanizm mumkin qadar barvaqt ishlab chiqilishi lozim.

Shuningdek, Tojikiston tomoni O’zbekiston tomoniga o’z hududidagi gidroenergetika loyihalarida ishtirok etishga ruxsat berdi. Bu nuqta ham g’oyat muhim, chunki bu orqali u yerda to’planib, foydalaniladigan suv va energetika manbalarini yurtimiz manfaati yo’lida qo’llash eshigi bizga ochiladi. Xususan, Zarafshon daryosi havzasida gidroelektr stansiyalar qurish bo‘yicha Tojikiston va O‘zbekiston hukumati o‘rtasidagi bitim imzolanishi ham bu borada ilk qadamlardan biri bo’ldi.[8] Ba’zi fikrlarga ko’ra, iqtisodiyoti juda ham o’xshash ikki davlat o’rtasidagi bir-birini to’ldirivchi savdo aloqalarining (trade complementaries) rivojlanishida elektr energiyasining savdosi katta rol o’ynashi mumkin.[9]

  • Insonparvarlik yordami

Matn: Koronavirus pandemiyasi vaqtida amalga oshirilgan oʻzbek-tojik hamkorligi oʻzaro doʻstlik va qoʻllab-quvvatlashning yuqori prinsiplarini namoyish etdi.

Tojikiston prezidenti Oʻzbekiston prezidentiga 2020 yilda oʻz vaqtida tibbiy buyumlar, asbob-uskuna va mobil tibbiy muassasa koʻrinishida yetkazib berilgan insonparvarlik yordami uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

Sharh: Garchi hali hamon rivojlanayotgan davlat maqomida bo’lsa ham O’zbekistonning turli davlatlarga, xususan qo’shni tojik va qirg’iz elatlariga pandemiya davrida bunday yordamlarni amalga oshirishi uning mintaqadagi nufuzini oshirishga xizmat qilishi tabiiydir. Prezident Mirziyoyev davridagi xalqaro aloqalardagi eng ko’zga ko’rinarli qadamlardan biri ham aynan tashqi gumanitar faoliyatda faollikning kuzatilishi bo’ldi desak, mubolag’a bo’lmasa kerak.(Lekin bu borada Sardoba fojiasi paytidagi Tojikistonning yordamini ham unutmaslik zarur) Tashrif davomida Tojikistonning Xatlon viloyatining Ko‘bodiyon tumanidagi tibbiyot majmuasi O‘zbekiston tomonidan qurilganligi,  ushbu 250 o‘rinli zamonaviy ko‘p tarmoqli shifoxona yiliga 75 ming nafar bemorga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga egaligini ham hisobga olsak, O’zbekiston hukumatining bunday gumanitar yordam orqali yumshoq kuchini namoyish qilishga intilishini ko’rishimiz mumkin. Maktab qurilishi masalasida esa ikki tomon ham bir-birining hududida allaqachon bittadan maktab qurib topshirishgan.[10]

  • Madaniy sohalarda hamkorlik

Matn: Oʻzbek va tojik xalqlari madaniyati va urf-odatlari yaqinligini inobatga olib, madaniy gumanitar sohalarda hamkorlikni kengaytirish oʻta muhim ahamiyatga ega.

Ikki davlat hukumatlari oʻzbek va tojik tillarida kitoblar va davriy nashrlar chop etish uchun sharot yaratishda davom etishadi.

Tomonlar OAVlar, ilmiy muassasalar, doʻstlik jamiyatlari, badiiy va teatr jamoalari orasida madaniyat, taʼlim, fan, sport, turizm hamda doʻstona almashuv munosabatlarini davom ettiradi.

Sharh: Prezident Mirziyoyev Xo’jand shahridagi tadbirda O’zbekistonda bir milliondan ziyod tojik millatiga mansub O’zbekiston vatandoshlari mavjudligini tan olib aytishi va ushbu millatdan bo’lgan vatandoshlarimizning O’zbekiston manfaatiga hissasi qo’shishayotganligini tan olishi o’zaro totuvlik uchun juda muhim qadam hisoblanadi. Bu esa Tojikistonda yashovchi ko’p millionli o’zbek millatiga mansub Tojikiston fuqarolari uchun ham birdek dolzarbdir. Chunki avvallari ko’pchilik millatga mansub bo’lmagan kamchilik elatlar bo’yicha kamsitish harakatlari ikki davlatda ham kuzatilgan bo’lsa, til va madaniyatlarning rang-barangligi ikki davlat boshliqlari tomonidan tan olinishi va Tojikistondagi o’zbek ziyolilarining ismlari ham tilga olinishi har ikki davlatdagi tojik va o’zbek millatiga mansub insonlarning o’z madaniyatlari ichida yashashlariga katta kafolat bo’lib xizmat qiladi.

  • Afg’oniston masalasi

Matn: Oʻzbek va tojik xalqlari qardosh afgʻon xalqining yaxshi qoʻshnisidir. Shu sababli xalqaro hamjamiyat tomonidan ushbu hududda xavfsizlikni taʼminlash, tinchlik oʻrnatish va respublikaning iqtisodiy qayta tugʻilishi uchun choralar koʻrilishi, jumladan 2021 yil davomida xalqaro koalitsiya qoʻshinlarini olib chiqish – muhim ahamiyatga ega.

Tojikiston prezidenti Oʻzbekistonning Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatishga qaratilgan saʼy-harakatlarini olqishlaydi.

Tojikiston tomoni Oʻzbekiston prezidentining BMT BAning 75-sessiyasida Afgʻoniston boʻyicha doimiy qoʻmita tashkil qilish tashabbusini yuqori baholaydi va qoʻllab-quvvatlaydi.

Oʻzbekiston prezidenti 2021 yilning 29-30 mart kunlari Dushanbeda oʻtkazilgan “Osiyo Yuragi– Istanbul jarayoni”, 2021 yil 13-14 iyul kunlari Dushanbeda tashqi ishlar vazirlari darajasida boʻlib oʻtishi rejalashtirilayotgan “SHHT-Afgʻoniston” uchrashuvini yuqori baholaydi.

Sharh: Tolibon qo’shinlarining kuchayishini ikki tomon ham ziyraklik bilan kuzatib turganligiga shubha yo’q. Bunda ikki tomonning ham bir xil pozitsiya olishini olqishlash kerak. Ammo, ikki tomon ham Tolibon kuchlari hokimiyatga kelishiga rasmiy qarashini hali bildirganicha yo’q.  Shunday bo’lsada, O’zbekiston allaqachon Toliblar bilan aloqani bilvosita bo’lsa ham yo’lga qo’ygan bo’lib, Afg’onistondagi tinchlik muzokaralarida iloji boricha muhim aktyorlardan biri bo’lishga intilayotganligini ko’rishimiz mumkin. Eng qizig’i, yaqinda O‘zbekiston davlat raqami yozilgan birinchi yuk mashinasi ilk bor TIR konvensiyasi doirasida aksar hududi Tolibon nazoratida bo‘lgan Afg‘oniston orqali Pokistonga kirib kelgan.[11] Bu ishda Tolibonlarni qay darajada hamkorligi bo’lganligi va bunday tranzit korridorining davom etishi hali noma’lumligicha qolmoqda.

  • BMT, Orolbo’yi va suv havzalari

Matn: Davlat rahbarlari BMTning universal xalqaro tuzilma va davlatlararo munosabatlarni hal qilish maydonchasi sifatida tutgan oʻrnining mustahkamlanishi tarafdori.

Oʻzbekiston tomoni Tojikistonning global suv tashabbuslariga yuqori baho beradi. Shuningdek 2020 yilning 21 dekabrida qabul qilingan BMT rezolyutsiyasiga ham.

Oʻzbekiston prezidenti Tojikiston prezidentining 2025 yilni “Xalqaro muzliklarni saqlab qolish yili” deb atash tashabbusini qoʻllab-quvvatlaydi.

Oʻzbekiston va Tojikistonning “Orolni qutqaruv fondi” doirasidagi hamkorligi ham muhim ahamiyatga ega. Ushbu maydon ijtimoiy-iqtisodiy, suv xoʻjaligi va ekologik muammolarni hal qilishda alohida ahamiyatga egadir.

Oʻzbekiston kelajakda ham ushbu Fondda Tojikistonning raisligini saqlab qolish tarafdori.

Tojikiston prezidenti Oʻzbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasida qabul qilingan Orolboʻyi hududini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish tashabbusini maʼqullaydi.

Sharh: Yuqoridagi matnda ham, bu yerda keltirilmagan matnlarda ham ikki davlat bir-birlarini turli xalqaro forumlardagi faoliyatlarini qo’llab -quvvatlayotganliklarini kuzatish mumkin. Ko’rish mumkinki,2025-2027 yillarda BMTning Iqtisodiy kengashi va 2025-2028 yillarda BMTning inson huquqlari boʻyicha kengashiga Oʻzbekiston o’z nomzodini ilgari surmoqchi va bunda Tojikiston tomoni yurtimizni qo’llab-quvvatlaydi.

  1. Imzolangan bitimlar

Umuman, energetika, transport, avtomobilsozlik, elektrotexnika, tog‘-kon va yengil sanoat, fan, ta’lim, sport va boshqa sohalarni qamrab olgan jami 35 ta hujjat imzolanligi aytilmoqda. Ochiqlangan xabarlarga ko’ra,

  • O‘zbekiston – Tojikiston investitsiya kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risida,
  • Sanoat va yangi texnologiyalar sohasida,
  • Tog‘-kon sanoatida hamkorlik to‘g‘risida,
  • Zarafshon daryosida GES qurish loyihasi bo‘yicha qo‘shma aksiyadorlik jamiyati tashkil etish to‘g‘risida,
  • Yuklar tranziti to‘g‘risidagi bitimlar,
  • Diplomatik vakolatxonalar uchun yer maydonlarini o‘zaro taqdim etish to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirishlar kiritish,
  • Fuqarolarning o‘zaro qatnovlari to‘g‘risidagi bitimga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi bayonnomalar tuzilgan; va
  • ikki mamlakat tashqi siyosiy idoralari o‘rtasidagi hamkorlik dasturi
  • Qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” o’zaro almashilgan.

Xulosa o’rnida

Tojikiston bilan O’zbekistonning yaqinlashuvi va aloqalarning strategik darajaga ko’tarilishi Markaziy Osiyodagi integratsiya jarayoniga ijobiy ta’sir o’tkazishi mumkin. Taraflarning oz sonli millatlar huquqlarini himoya qilishlari, suv masalasini pragmatik yo’l bilan hal qilishga intilishlari, bosqichma-bosqich bo’lsada savdo yo’lidagi to’siqlarning bartaraf etilishi, Afg’oniston masalasida birgalikdagi faoliyatlar olib borish yuqorida aytilgan integratsiyaning tezlashishiga yordamchi bo’lsa ajab emas.

2017 yil 17-iyun. Rasm manbasi: www.prezident.uz


[1] https://oz.sputniknews-uz.com/20210611/ozbekiston-va-tojikiston-prezidentlarining-qoshma-bayonoti—toliq-matn-19205808.html

[2] https://www.bbc.com/uzbek/uzbekistan-57437878

[3] https://kun.uz/uz/news/2021/06/10/ozbekiston-tojikiston-hamkorligini-mustahkamlashning-ustuvor-yonalishlari-muhokama-qilindi

[4] https://www.lex.uz/ru/docs/-3798215

[5] https://mfa.uz/uz/press/news/2021/ozbekiston-tojikiston-dostlik-yaxshi-qoshnichilik-va-strategik-sheriklik-munosabatlari-yangi-bosqichda—29831

[6] https://thediplomat.com/2017/07/uzbekistans-changing-rogun-tone/

[7] https://www.centralasiaprogram.org/presidents-men-motivations-change-stance-uzbekistan-construction-rogun-dam

[8] https://kun.uz/uz/news/2021/06/11/ozbekiston-va-tojikiston-zarafshon-daryosida-ikki-ges-quradi-alisher-sultonov-tafsilotlarni-ochiqladi

[9] https://eurasianet.org/could-energy-trade-be-a-win-win-for-tajik-uzbek-ties

[10] https://kun.uz/uz/news/2021/06/10/urgutda-tojikiston-hisobidan-qurilgan-maktab-ochildi

[11] https://www.ozodlik.org/a/toshkentning-transport-diplomatiyasi-tolibon-bilan-kelishuv-yo-q/31259926.html

Taklif etiladigan maqolalar

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *