Oliy ta’lim muassasalaridagi bo‘sh ish o‘rinlar nega ommaga e’lon qilinmaydi? Muammo, tahlil, takliflar

Alisher Umirdinov (PhD), Voxidjon O‘rinov (PhD), Iqboljon Qoraboyev (PhD)lar ham-mualliflikda kun.uz saytida chop etilgan maqola!

«El-yurt umidi» jamg‘armasi huzuridagi Xalqaro ekspertlar kengashi a’zolari mazkur tadqiqotni o‘tkazishda va maqolani tayyorlashda ishtirok etishdi.

Oliy ta’lim sifati ko‘p jihatdan ta’lim jarayonining asosiy ishtirokchilari bo‘lgan pedagog xodimlarning bilimi, ilmiy salohiyati, kasbiy mahoratiga bog‘liq. Bu esa ko‘p jihatdan oliy ta’lim muassasalaridagi pedagog xodimlar bo‘sh ish o‘rinlari ommaga ochiq e’lon qilinganiga, ishga olish jarayoni qay darajada ochiq, shaffof, xolis va sog‘lom raqobat asosida tashkil etilganiga bog‘liq.

Shu o‘rinda savollar tug‘iladi: hozirda mamlakatimizda oliy ta’lim sohasida bo‘sh ish o‘rinlariga pedagog xodimlarni jalb qilish amaliyoti qay ko‘rinishda? Bu borada qanday muammolar mavjud? Bu masalalarda ilg‘or davlatlar tajribasi qanday? Ulardan nimalarni o‘rganishimiz mumkin? Ushbu qisqacha tahlil orqali oliy ta’lim muassasalaridagi (OTM) bo‘sh ish o‘rinlariga pedagog xodimlarni jalb qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha fikr va takliflar bildirmoqchimiz. Ammo, avvalo…

Muammolar

Hozirda mamlakatimizda 110dan ortiq oliy ta’lim muassasalari faoliyat yuritmoqda. Shundan 90dan ortig‘i mahalliy oliy ta’lim muassasalari bo‘lib, bu ko‘rsatkich kundan kunga o‘smoqda. Ba’zi mahalliy oliy ta’lim muassasalaridagi pedagog xodimlar soni 100 nafardan kamroq bo‘lsa, ba’zi yirik oliy ta’lim muassasalarida bu ko‘rsatkich 1000-1200 nafardan oshiq. Ushbu oliy ta’lim muassasalarining har birida yil davomida taxminan 20dan – 200tagacha bo‘sh o‘qituvchilik ish o‘rinlari ochiladi. Bu raqamlar oralig‘idagi farq ko‘lami oliy ta’lim muassasasining iqtisodiy holati, undagi talabalar soni va uning geografik joylashuviga bog‘liq. Mamlakatdagi barcha mahalliy oliy ta’lim muassasalari ko‘lamida olganda bu ushbu ta’lim muassasalari tomonidan har yili taxminan 1800–5000 nafar pedagog xodimlar ishga olinayotganini anglatadi.

Ushbu pedagog xodimlar qay yo‘sinda ishga olinyapti? Nomzodlar oliy ta’lim muassasasida ish o‘rinlari ochilgani to‘g‘risidagi ma’lumotni qayerdan olishyapti? Oliy ta’lim muassasasida ish o‘rni ochilgani to‘g‘risidagi ma’lumot kerakli guruhga yetib boryaptimi?

Afsuski, hozircha bu savollar ochiqligicha qolmoqda. Ehtimoliy javoblar esa odamni biroz xavotirga soladi.

Hozirda pedagog xodimlarni ishga olish Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 10 fevraldagi 20-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Oliy ta’lim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida»gi Nizom asosida amalga oshirilishi lozim. Lekin kuzatishlarimiz ko‘p oliy ta’lim muassasalarida ushbu nizom talablariga yetarlicha amal qilinmayotganini ko‘rsatmoqda.   

Birgina misol: ushbu nizomda oliy ta’lim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga olinishi ta’kidlangan. Unda tanlov haqidagi ma’lumotlar «vaqtli matbuotda yoki boshqa ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan oliy ta’lim muassasasining ko‘p nashrli gazetasida e’lon qilinishi» ta’kidlanadi. Lekin hozirda qancha universitetlarning ichki gazetasi mavjud?

Gazeta va nashrlar mavjud bo‘lganda ham, ular universitet a’zolaridan tashqari yana kimlarga yetib boradi? Yoki oliy ta’lim muassasasidagi bo‘sh ish o‘rniga da’vogar bo‘lishi mumkin bo‘lgan nomzodlar boshqa viloyatda yoki xorijda istiqomat qilsa-chi? Afsuski nizomdagi ushbu me’yor zamon talablariga javob bermaydi. Ushbu me’yor 2006 yil uchun to‘g‘ri bo‘lgan bo‘lishi mumkin, biroq oradan 14 yil vaqt o‘tdi, zamon o‘zgardi. Hozirda odamlar bu kabi yangilik va ma’lumotlarni asosan internet sahifalaridan, ijtimoiy tarmoqlardan kutishadi.

Ammo mamlakatimiz OTMlaridagi mavjud va yangi ochilgan bo‘sh ish o‘rinlari juda kam holatlarda internet orqali ommaviy tarzda e’lon qilinmoqda.

2020 yil iyun oyida OTMlarning internet sahifalarini norasmiy tahlil qilganimizda faqatgina Qoraqalpog‘iston, Urganch va Buxoro davlat universitetlari, O‘zbekiston milliy universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya universiteti, Toshkent axborot texnologiyalar universiteti Farg‘ona filiali, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent moliya instituti internet sahifalaridagina «bo‘sh ish o‘rinlari» rukni ochilganini ko‘rdik.  

Ammo hatto ushbu ochilgan sahifalarda ham «bo‘sh ish o‘rinlari», «ish o‘rni» yoki «vakansiya» so‘zlardan boshqa hech gap yo‘q yoki e’lonlar pedagog xodimlarni emas, balki texnik xodimlarni ishga olishga oid. Qolgan OTMlar internet sahifalarida muassasasidagi bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha rukn ham topa olmadik. Bunga qanday izoh beramiz?

Munosib pedagog kadrlarga bo‘lgan talab ortib borayotgan bir paytda mahalliy oliy ta’lim muassasalariga bunday kadrlar kerak emasmi? Yoxud mavjud bo‘sh ish o‘rinlarini ommaga ma’lum qilishdan ularni nima to‘smoqda?

Ish o‘rinlari haqidagi xabarlarni o‘zlarining Facebook sahifalari orqali e’lon qilayotgan oliy ta’lim muassasalari ham borligi, lekin bunday OTMlar juda kamligini kuzatdik. Qolaversa, bu ma’lumotlar ta’lim muassasasining rasmiy sahifalarida e’lon qilinib, keyin ijtimoiy tarmoqlar va boshqa internet platformalari orqali keng ommaga yetkazilishi lozim. Xullas, mamlakatimizda OTMlari pedagog xodimlar ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar keng ommaga yetarlicha ochiqlanmayapti hamda ishga olish jarayoni hali ham shaffof emas.

Mamlakatdagi xorijiy universitetlarda esa bu masalada vaziyat mahalliy universitetlarga qaraganda ancha yaxshi ekanligiga guvoh bo‘ldik. 2020 yil iyun oyi davomida o‘tkazilgan norasmiy o‘rganishimiz natijalari shuni ko‘rsatdiki, INHA, Vestminster universitetlari, Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti internet sahifalarida bo‘sh ish o‘rinlariga oid batafsil ma’lumot olish mumkin.

Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan yirik xorijiy universitetlar orasida Toshkentdagi Turin politexnika universiteti internet sahifasida bo‘sh ish o‘rinlari rukni mavjud emasligini ko‘rdik, ammo, umuman olganda xorijiy OTMlar pedagog xodimlarni ishga olish nisbatan shaffof ekanligini aytish mumkin.

Oqibatlar

OTMlarda ochilgan pedagog xodimlar ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlar ommaga e’lon qilinmasligi yoki yetarlicha e’lon qilinmasligining bir qancha salbiy oqibatlari mavjud. Jumladan:

  1. Ochilgan bo‘sh ish o‘rinlariga munosib pedagog xodimlarni jalb qilish jarayoni qiyinlashadi. Zero, tanlovda qancha ko‘p nomzodlar qatnashsa, shuncha yaxshi – bu bo‘sh ish o‘rniga munosib mutaxassisni tanlab olish imkoniyatini beradi.
  2. OTMlarda ochilgan ish o‘rinlari asosan tanish-bilishchilik, korrupsiya yo‘llari orqali to‘ldirilishiga olib keladi. Tanish-bilishchilik va korrupsiya aralashgan joyda xolislik, sog‘lom raqobat bo‘lmaydi. Pedagogik kollektivini xolislik va sog‘lom raqobat asosida shakllantirmagan OTMlardan sifatli ta’lim, ilm-fan rivojini kutib bo‘lmaydi.  

Pirovard natijada mamlakatning ko‘plab sohalari, xususan iqtisodiyot zarar ko‘radi.

Xorijiy tajriba
Rivojlangan davlatlarda oliy ta’lim muassasalaridagi professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchi xodimlar bo‘sh ish o‘rinlari qanday qilib ommaga ma’lum qilinadi?

Deyarli barcha universitetlarning ichki qoidalarida o‘zlarida ochilgan bo‘sh ish o‘rinlarini ochiq va shaffof usulda keng ommaga e’lon qilish majburiyati belgilab qo‘yilgan. Bu qoidaga ko‘ra, ular o‘zlarida ochilgan bo‘sh ish o‘rinlarini keng ommaga e’lon qilmasdan to‘ldirishlariga yo‘l qo‘yilmaydi. Shu joyi biz uchun muhim…

Bu talabga hatto universitet ichida yetarli nomzodlar mavjud bo‘lgan taqdirda ham amal qilinadi. Chunki universitet tashqarisida ulardan-da munosib nomzodlar bo‘lishi mumkin. Buni esa faqat ochiq va shaffof tanlov orqaligina aniqlash mumkin. Xullas, ochilgan bo‘sh ish o‘rni uchun har doim ichki va tashqi nomzodlar teng huquqlilik asosida raqobatlashadi.

Bundan tashqari, bo‘sh ish o‘rni to‘g‘risidagi e’lon ma’lum talablarga javob berishi lozim. Masalan, unda ishga oluvchi to‘g‘risida qisqacha ma’lumot, nomzodlarga qo‘yiladigan bilim va malaka talablari, pedagog xodimdan aynan qanday vazifalarni bajarish kutilayotgani, ish sharoitlari haqida ma’lumot, professional o‘sish istiqbollari va afzalliklari aniq ko‘rsatib o‘tilishi zarur.

Bundan tashqari, e’londa u mazkur portalga qachon joylashtirilgani, hujjatlarni qabul qilinishi qachongacha davom etishi, ish qachondan boshlanishi ko‘zda tutilayotgani, ish haqining taxminiy miqdori, nomzoddan talab qilinadigan ma’lumot va hujjatlarning aniq ro‘yxati, ishga oluvchi oliy ta’lim muassasasi manzili, u bilan aloqa o‘rnatish ma’lumotlari belgilab qo‘yiladi. Nomzoddan talab etiladigan ma’lumotlar ro‘yxati qisqa va obektiv bo‘lishi zarur.

Quyida bu masalada Yaponiya, Kanada, Fransiya va Buyuk Britaniya davlatlarining hozirdagi mavjud tajribalarini keltirib o‘tamiz.

Yaponiya tajribasi
Yaponiyadagi deyarli barcha ochilgan akademik ish o‘rinlariga oid e’lonlar Yaponiya fan-texnika Agentligi JREC-IN Portalinternet sahifasidagi alohida portalda chop etib boriladi. Portalda universitet nomi, ish sohasi, ishning turi kabi ustunlar bo‘lib, u yerda har bir soha bo‘yicha professor, dotsent yoki yordamchi professor maqomiga doimiy yoki vaqtinchalik ishlarning ro‘yxati keltirilgan. Masalan, portalda 2020 yil iyun oyi holatiga 3692ta bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligini ko‘rish mumkin. Portalda e’lonlar asosan yapon tilida beriladi. Ammo, ingliz tilidagi ishchilarga ehtiyoj bo‘lganda ishlar ingliz tilida ham e’lon qilinadi.

Portal internet sahifasi:

Ish beruvchi institut yoki universitet portal tomonidan belgilangan shablonga rioya qilgan holda, talabgorlardan talab etiladigan barcha shartlarni bayon etishi lozim. Bunda avvalambor ish beruvchiga oid muhim ma’lumotlar qisqacha bayon etilgach, undan keyin nomzodlarga qo‘yiladigan talablar, maosh miqdori, topshirish muddati, topshirilishi lozim bo‘lgan hujjatlar, topshirilishi zarur bo‘lgan manzil ko‘rsatiladi.

Belgilangan muddatda universitet topshirilgan hujjatlar bo‘yicha dastlabki saralashni o‘tkazadi va nomzodlar bilan xat orqali boglanib, saralashning keyingi bosqichiga taklif etadi. Munosib ko‘rilmagan nomzodlarni esa dastlabki saralashdan keyin xabardor etadi.

Kanada tajribasi
Kanadada barcha akademik ish o‘rinlari bo‘yicha e’lonlar asosan University Affairs internet portalining Search Jobs sahifasiga joylashtiriladi. Har bir universitet ichki qoidalarida ochilgan ish o‘rinlarini to‘ldirish bo‘yicha e’lonlar ushbu internet sahifasi portaliga joylashtirilishini talab qiluvchi me’yorlar mavjud. Yaponiyadagi kabi ushbu portalda ham ish qidiruvchi akademik sohaning har qanday yo‘nalishlari bo‘yicha mavjud e’lonlarni ko‘rib chiqish imkoniyatiga ega. Unda ishni ish turiga ko‘ra, sohalar bo‘yicha, vakansiyaning geografik joylashuvi va kalit so‘zlar bo‘yicha izlash mumkin.

Hozirda portalda 2020 yil iyun oyi holatiga ko‘ra jami 200dan ortiq akademik ish o‘rinlari bo‘yicha e’lonlar turibdi. E’lonlarda barcha kerakli ma’lumotlar bilan birga e’lon portalga qachon joylashtirilgani, hujjatlar qabul qilinishi qachongacha davom etishi, ish qachondan boshlanishi haqidagi ma’lumotlar ham ko‘rsatilgan. Ish qidirayotganlar muntazam ushbu portal e’lonlarini kuzatib borishadi. Ushbu portal hozirda Kanada Universitetlari (Universities Canada) deb nomlanuvchi tashkilot tomonidan boshqariladi, tashkilot oliy ta’lim muassasalarining a’zolik badallari asosida faoliyat yuritadi.

Portal internet sahifasi:

Fransiya tajribasi

Professor-tadqiqotchilar ishga kirish tanlovlarida qatnashish va ilmiy faoliyatni amalga oshirish uchun kerak bo‘lgan barcha ma’lumotlarni olish va ishga kirish jarayonlari Oliy ta’lim, tadqiqot va innovatsiya Vazirligi tomonidan ishga tushirilgan GALAXIE internet sahifasi orqali amalga oshiriladi. GALAXIE’da hozirgi kunda aktiv bo‘lgan ish o‘rinlari bo‘yicha e’lonlar qo‘yilgan. Nomzodlar bu manba orqali Universitetlar milliy kengashiga (Conseil national des universités) murojaat qilishadi. Kengash ilmiy xodimlarga kvalifikatsiya berish, professorlik va dotsentlik ish joylariga tanlovlarni o‘tkazadi va bu tanlovlar natijalari bo‘yicha qaror qabul qiladi. Murojaatlar sentabr-oktabr oylarida qabul qilinadi va tanlov natijalari kelgusi yilning yanvar oyida e’lon qilinadi.

GALAXIE’da yana Fransiya oliy ta’lim tizimida dotsent va professorlik kvalifikatsiyasini olish uchun kerak bo‘lgan umumiy qoidalar va sohasiga qarab xususiy talablar bo‘yicha barcha ma’lumotlar berilgan. E’lonlar sahifasini kuzatganimizda hozirgi kunda ochiq bo‘lgan tanlovlar bilan bir qatorda joriy yil bo‘yicha yakunlangan tanlovlar haqidagi ma’lumotlarni ham ko‘ramiz. Masalan 2020 yil 23 iyun holatiga e’lon qilingan ish o‘rinlari soni 1800tani tashkil etadi.

Murojaat uchun talab qilingan hujjatlar ro‘yxati quyidagicha: 1) PhD diplomining nusxasi (yoki xorijiy tilda berilgan diplomning tarjimasi; 2) batafsil CV: 3) uchta eng yaxshi maqola/nashrlar; 4) PhD himoyasi protokoli: 5) murojaat nusxasi; 6) PhD dissertatsiyasi matni.

Portal internet sahifasi:

Buyuk Britaniya tajribasi

1998 yildan boshlab Buyuk Britaniyaning Varvik (Warwick) universiteti tomonidan akademik va tadqiqot ishlari bo‘yicha xalqaro jobs.ac.uk internet portal ishga tushirilgan. Bu portalda oliy ta’lim yo‘nalishining barcha sohalari bo‘yicha nafaqat Buyuk Britaniya, balki dunyoning ko‘pgina mamlakatlaridagi nufuzli oliy o‘quv dargohlari va tadqiqot institutlari tomonidan berilgan e’lonlarni topish mumkin. Ushbu portal o‘zining juda ham oson va qulay tarzda tashkil qilinganligi, xalqarolashganligi va keng qamrovliligi bilan ajralib turadi. 

Eng muhimi, boshqa davlat portallaridan farqli jobs.ac.uk portali universitetni boshqarish, texnik masalalar, kutubxona va marketing masalalariga oid alohida bo‘limlari mavjud bo‘lib, bundan akademik soha va universitetning texnik ta’minoti va boshqaruvi sohasidagi bo‘sh ish o‘rinlari xam ko‘rsatilgan.

Tavsiyalar

Ko‘p tilga olinadigan yaxshi naql bor: biror bir muammoni hal etishda «velosipedni qaytadan kashf etish» shart emas.

Ya’ni ayrim muammolarning yechimi chuqur tadqiqotlarni talab etmaydi. Mavjud, ko‘p yillar davomida o‘zini isbotlagan tizimlarni o‘rganib, joriy etish kifoya. Buning uchun eng avvalo muammo mavjudligini tan olish va muammoning yechimini chin dildan istash kerak.

Muammo aniq: mahalliy OTMlarga pedagog xodimlarni jalb qilish tizimi yetarlicha shaffof emas.

Co‘nggi paytlarda hukumat tomonidan oliy ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar bu kabi muammolarni yechishga siyosiy iroda borligiga ishora qilmoqda. Yuqoridagilarni hisobga olib va o‘zimizning bu boradagi tajribalarimizga asoslanib, quyidagilarni tavsiya etamiz:

  1. Mamlakatdagi barcha OTMlarda yil davomida ochiladigan professorlik, dotsentlik, katta pedagog xodimlar, pedagog xodimlar, va pedagog stajyer ish o‘rinlari to‘g‘risidagi e’lonlarni joylashtirish va ushbu ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotni keng ommaga qulay va yanada shaffof tarzda yetkazish maqsadida Buyuk Britaniya, Yaponiya, Kanada, Fransiya va boshqa ilg‘or mamlakatlardagidek yagona «Oliy ta’lim muassasalarida ish o‘rinlari» internet portalini tashkil etish kerak. Yagona internet portalida e’lonlar mamlakat miqyosida barcha oliy ta’lim muassasalarida ochilgan pedagogik xodimlar bo‘sh ish o‘rinlarini o‘zida qamrab olishini ta’minlash.
  2. O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yurituvchi har bir OTM o‘zining internet sahifasining asosiy qismida alohida «ish o‘rinlari» sahifasiga ega bo‘lishi kerak. Oliy ta’lim muassasasida ochilgan har bir professorlik, dotsentlik, katta pedagog xodimlar, pedagog xodimlar va pedagog stajyer ish o‘rinlari to‘g‘risidagi e’lonlarni mazkur internet sahifasida muntazam ravishda joylashtirib borishi kerak. Amaliyotchi ma’ruzachi ish o‘rinlari yoki tashrif buyuruvchi pedagog (visiting academic) lavozimlari bundan mustasno.
  3. Har bir OTM o‘zining ichki nizom va qoidalarida pedagog xodimlar (professorlik, dotsentlik, katta pedagog xodimlar, pedagog xodimlar va pedagog stajyer) bo‘sh ish o‘rinlarini OTM «ish o‘rinlari» sahifasida va yagona internet portalida oldindan beriladigan e’lonlarsiz to‘ldirilishiga yo‘l qo‘ymaslikni talab etuvchi qoidani ishlab chiqish kerak. Amaliyotchi ma’ruzachi ish o‘rinlari yoki tashrif buyuruvchi pedagog (visiting academic) lavozimlari bundan mustasno.
  4. Yagona internet portali va OTMning internet sahifasida joylashtiriladigan ish o‘rinlari to‘g‘risidagi e’londa ko‘rsatilishi talab etiladigan minimal ma’lumotlar ro‘yxatini belgilash. Bunda eng asosiy ma’lumotlar sifatida 1) ishga beruvchi OTM to‘g‘risida qisqacha ma’lumot; 2) ishga olinuvchiga qo‘yiladigan bilim va malaka talablari; 3) pedagog xodimdan kutilayotgan vazifalar; 4) e’lon portalga qachon joylashtirilgani; 4) hujjatlarning qabul qilinishi qachongacha davom etishi; 5) ish qachondan boshlanishi; 6) taxminiy ish haqi miqdori va boshqa iqtisodiy-ijtimoiy imtiyozlar to‘g‘risidagi ma’lumot; 7) ishga olinuvchi taqdim etishi kerak bo‘lgan ma’lumot va hujjatlarning aniq ro‘yxati; 8) ish beruvchi OTM manzili, undagi mas’ul bo‘lim va shaxsning kontakt ma’lumotlari ko‘rsatilishi.

Taklif etiladigan maqolalar

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *