O‘zbekiston Energetika vazirligi va “Gazprom” o‘rtasida gaz sohasidagi hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Unda nima yozilgani hozircha noma’lum. O‘tgan hafta shunga o‘xshash “Yo‘l xaritasi” Qozog‘iston bilan ham tuzilgan. Avvalroq Rossiya bu ikki mamlakatning gaz-transport tarmoqlarini “Gazprom” egaligiga o‘tkazishni so‘ragani, lekin rad javobini olgani ma’lum bo‘lgandi.
O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Rossiyaning “Gazprom” davlat shirkati boshqaruvi raisi Aleksey Miller gaz sohasidagi hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni imzoladi.
Bu haqda bugun, 24 yanvar kuni “Gazprom” matbuot xizmati xabar berdi. Xabarda tafsilotlar ochiqlanmagan.
“Gazprom” bilan gaz sohasidagi hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni o‘tgan hafta Qozog‘iston ham imzolagan edi.
“Interfaks”ning yozishicha, Rossiya Qozog‘iston va O‘zbekistonda ichki gaz iste’molning o‘sishi va Xitoy oldidagi eksport majburiyatlarini hisobga olgan holda, Qozog‘iston va O‘zbekistonga gaz yetkazib berish hajmini oshirmoqchi.
Buning uchun gaz yetkazish infratuzilmasini modernizatsiya qilish va hatto yangi gaz quvurlarini qurish talab etilishi mumkin. Jumladan, Rossiya hududida gaz transporti infratuzilmasini rivojlantirish uchun 260 milliard rublga yaqin sarmoya kiritish kerak bo‘ladi. Bu haqda RF prezidenti Vladimir Putin ham aytib o‘tgandi.
Rossiyaning Markaziy Osiyoga gaz sotishga qiziqib qolishi Ukraina urushi fonida Yevropa rus energoresurslaridan yuz o‘girayotgan bir paytda ro‘y bermoqda. Moskva buning uchun O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya ishtirokidagi uchtomonlama gaz ittifoqini tuzishni taklif qilyapti.
Avvalroq Rossiya O‘zbekistonga gaz uzatish uchun mamlakatning gaz-transport tizimini “Gazprom”ga berishni so‘ragani, shunday talab Qozog‘iston oldiga ham qo‘yilgani ma’lum bo‘lgandi. Shuningdek, Moskva Markaziy Osiyodan Xitoyga gaz eksportini ham nazorat qilmoqchi bo‘layotgani aytilmoqda.
O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov mamlakat o‘z energiya tarmoqlarini “birovga berib yubormasligi”ni aytgan.
“Milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda, o‘zimizning tarmoqlarni birovga berib yuborish yoki boshqa orqali emas, oldi-sotdi tijoriy shartnomalar asosida hamkorlik qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilyapti”, – degan vazir.
“Biz milliy manfaatlarimizni hech qachon xavf ostiga qo‘ymaymiz. Agarda siz aytayotgan choraga yo‘l qo‘yadigan bo‘lsak ham, faqatgina tijoriy oldi-sotdi shartnomalari orqali amalga oshiramiz. Buning evaziga biror siyosiy shart qo‘yilishiga yo‘l qo‘ymaymiz.
Agar gazni chegaramizgacha olib kelib, bizga ma’qul narxda bersa, olamiz, bo‘lmasa yo‘q”, – deya ta’kidlagan Mirzamahmudov.
Manba: Kun.uz