Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistondagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Xitoy elchisi Szyan Yanni qabul qildi. Prezident diplomatga ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun «Do‘stlik» ordenini topshirdi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 fevral kuni mamlakatdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Xitoy Xalq Respublikasining favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yanni qabul qildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Prezident elchining O‘zbekiston-Xitoy do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashdagi sermahsul ishlari va faol sa’y-harakatlarini mamnuniyat bilan qayd etdi.
«O‘tgan yilning sentabr oyida XXR Raisi Si Szinpinning O‘zbekistonga davlat tashrifi muvaffaqiyatli o‘tdi. Keyingi bir necha yilda tovar ayirboshlash ikki barobar ko‘paydi, qo‘shma loyiha va korxonalar soni uch barobarga oshdi. Yirik investitsiya va infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda. „Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston“ temir yo‘lini qurish loyihasini ilgari surish bo‘yicha amaliy hamkorlik boshlandi. Madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda, ta’lim, sog‘liqni saqlash, arxeologiya, turizm va boshqa yo‘nalishlarda muhim dasturlar ro‘yobga chiqarilmoqda», — deyiladi xabarda.
O‘zbekiston prezidentining farmoni bilan ikki tomonlama munosabatlarda bugungi darajaga erishilishiga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun elchi Szyan Yan mamlakatimizning yuksak davlat mukofoti — «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi. Shavkat Mirziyoyev diplomatga ushbu mukofotni topshirdi.
Muallif izohi: Har qanday elchiga ham doimo bunday yuksak darajadagi orden Davlat rahbari tomonidan topshirilmaydi.
Mnba: Prezident.uz, gazeta.uz