Gazeta.uz nashri xabariga ko’ra, Bishkekda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston energetika vazirlari Qambarota-1 GES qurilishi loyihasi bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni imzoladi. GES Markaziy Osiyo mamlakatlarini elektr energiyasi bilan ta’minlashi hamda mintaqaning suv ta’minotini barqarorlashtirishi kutilmoqda.
6 yanvar kuni Bishkek shahrida Qozog‘iston energetika vaziri Bolat Akchulakov, Qirg‘iziston energetika vaziri Taalaybek Ibrayev va O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Qambarota-1 GES qurilishi loyihasi bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni imzoladi, deya xabar qildi Qozog‘iston hukumati matbuot xizmati.
«Yo‘l xaritasi» doirasida tomonlar loyihani amalga oshirishning asosiy shartlarini kelishdi va elektr stansiyasini o‘z vaqtida ishga tushirish bo‘yicha kutilayotgan chora-tadbirlarni belgilab oldi.
Qambarota-1 GES Qirg‘izistondagi eng yirik elektr stansiyaga aylanishi, bu Markaziy Osiyo mamlakatlarini elektr energiyasi bilan ta’minlashi hamda mintaqaning suv ta’minotini barqarorlashtirishi reja qilingan.
O‘zbekiston Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, loyiha doirasida 5,4 mlrd kub metrga teng suv ombori va 1860 MVt quvvatli gidroelektr stansiyasi ishga tushiriladi. Natijada yiliga o‘rtacha 5,6 mlrd kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari Samarqandda 2022 yil sentabr oyida bo‘lib o‘tgan SHHT sammiti doirasidagi muzokaralar chog‘ida Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li va Qambarota-1 GES qurilishini tez fursatda boshlash muhimligiga alohida e’tibor qaratgan edi.
Undan avval ham O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida «Qirg‘izistonda Qambarota-1 GES qurilishi» sarmoyaviy loyihasini birgalikda tayyorlash to‘g‘risidagi bitim va elektr energiyasini o‘zaro yetkazib berish bo‘yicha protokol imzolangandi.