AQSh Kongressiga O‘zbekistonga nisbatan «Jyekson-Venik» qo‘shimchalarini qo‘llashni tugatish to‘g‘risida qonun loyihasi masalasi muhokama qilindi.
O‘zbekiston elchisi Javlon Vahobov AQSh Kongressi Vakillar palatasida «O‘zbekiston bo‘yicha kokus» hamraislari va a’zolari, kongressmenlar Trent Kelli (Missisipi), Visente Gonsales (Texas) va Don Bekon (Nebraska) bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».
Parlamentlararo aloqalarni kengaytirish, siyosiy, savdo, sarmoyaviy, akademik, madaniy-gumanitar sohalarda ikki davlat darajasida hamda Missisipi, Texas va Nebraska shtatlari bilan muloqotni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
AQSh qonunchilari bu yil «O‘zbekiston bo‘yicha kokus» a’zolari soni yangi saylangan kongressmenlar hisobiga ko‘payishiga ishontirdi. «Biz ushbu guruhning hamraislari bo‘lganimiz uchun Kongressdagi yangi do‘stlarimiz bilan uchrashganda ularni ushbu Kokusga qo‘shilishga taklif qilamiz», dedi Trent Kelli.
Uchrashuv chog‘ida «O‘zbekiston bo‘yicha kokus» rahbarlari respublikada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shuningdek, AQSh bilan strategik va iqtisodiy sheriklik sezilarli darajada kengayayotganini e’tirof etib, mamlakatimiz mustaqilligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlovchi maxsus rezolyutsiya, shuningdek, respublikaga nisbatan «Jyekson-Venik» qo‘shimchalarini qo‘llashni tugatish to‘g‘risidagi qonun loyihasi bo‘yicha Kongressga takliflar kiritishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
«O‘zbekiston bo‘yicha kokus» hamraislari va a’zolari Trent Kelli, Visente Gonsales va Don Bekon bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash, 2023 yilga mo‘ljallangan tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
«Jyekson-Venik tuzatishi» (Jackson–Vanik amendment) – 1974 yilda kongressmenlar Genri Jyekson va Charlz Venik tomonidan AQShning «Savdo to‘g‘risida»gi qonuniga kiritilgan o‘zgartirish.
Unga ko‘ra, immigratsiyaga oid va boshqa turdagi inson huquqlarini qo‘pol ravishda buzib kelayotgan asosan kommunistik blok davlatlariga nisbatan diskriminatsion tarif va bojlar joriy etish nazarda tutilgan. 2000-2012 yillarda bu cheklovdan Qirg‘iziston, Gruziya, Ukraina, Armaniston, Moldova va Rossiya chiqarib tashlangan.
Manba: kun.uz