2021 yil boshidan yurtimiz ilk bor BMTning Inson huquqlari Kengashi (Human Rights Council)ning 47 a’zosidan biriga aylanadi. Mamlakatimizda so’nggi yillarda bo’layotgan ochiqlik siyosati, inson huquqlariga e’tiborning oshishi va yurtimizning xorijiy diplomatiyasining faollashuvi ushbu ajoyib natijani yuzaga chiqargan bo’lsa ajab emas. Buning sabablari haqida har qancha so’z yurtisak ham oz, ammo bu safargi mutahassis hulosamda ushbu imkoniyatdan 3-Renessansga tayyorgarlik ko’rayotgan O’zbekiston nimalarni qo’lga kirita oladi va qanday faktorlarga jiddiy e’tibor qaratishi haqida bo’ladi.
Avvalo, Inson huquqlari bo’yicha Kengash haqida qisqacha tanishtirish qilsak. 2006 yilgacha BMTning Inson huquqlari bo’yicha komissiyasi sifatida faoliyat yurtigan ushbu tuzilma, 2006 yil 15 martdagi BMT Bosh Assambleyasining 60/251-rezolyutsiyasi bilan Inson huquqlari bo’yicha kengashga o’zgardi. Kengash 2006 yildan buyon BMT Bosh Assambleyasining yordamchi organi sifatida faoliyat ko’rsatmoqda. Kengash tarkibi, Bosh Assambleya tomonidan to’g’ridan-to’g’ri yopiq ovoz berish yo’li bilan saylanadigan 47 a’zodan iborat bo’lib, ular 3 yilga BMTga a’zo davlatlar tomonidan saylanadilar. Kengashga a’zolik BMTning barcha a’zo-davlatlari uchun ochiqdir va Kengash a’zolari adolatli geografik taqsimot tamoyili asosida saylanadi.
Kengashning asosiy vazifasi inson huquqlari va asosiy erkinliklarini umumhurmat qilish va himoya qilishga ko’maklashish masalalariga yo’naltirilgan va inson huquqlarining buzilishi bilan bog’liq holatlarni ko’rib chiqishi va ular bo’yicha o’zining tavsiyalarini ishlab chiqishi lozim. Kengash joylashgan joy Jeneva shahri bo’lib, u yil davomida doimiy ravishda majlislar uchun yig’iladi hamda asosiy sessiyani qo’shgan holda bir yilda 3 marotaba sessiya o’tkazadi. Ta’kidlash joizki, ushbu sessiyalar eng kamida to’qqiz hafta davom etadi.
Ikkinchidan, shu paytgacha Kengashga O’rta Osiyo davlatlaridan qo’shni Qozog’iston bir marta, Qirg’iziston esa ikki marta saylangan. O’zbekiston biroz kechikib bo’lsa ham kirgan bo’lsada, O’rta Osiyo davlatlari orasida yagona vakil sifatida Kengash a’zoligini davom ettirishi har tomonlama muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchinchidan, yuqorida ko’rganimizdek, IHK faoliyati juda qizg’in kechishi aniq. Ayniqsa, dunyoning turli burchaklarida ro’y berayotgan inson huquqlari poymoli masalasida Kengash a’zolari davlatlaridan faollik va yakdillik kutiladi. Bundan tashqari, Kengash faoliyatining yo’nalishlari sifatida universal davriy ko’rib chiqish prosedurasi, mahsus proseduralar va shikoyatlar prosedurasi mavjud bo’lib, bunda har bir davlatdagi inson huquqlari holati bo’yicha Kengashga taqdim qilinadi. Ushbu jarayonlarda qatnashish orqali, shubhasiz, yurtimiz vakillari ham inson huquqlarini himoyasiga doir juda noyob tajribani to’plashlari umid qilinadi.
To’rtinchidan, Kengashga a’zolik mas’uliyat hamdir. Chunki, ushbu Kengash a’zoligiga saylanish maqsadida yurtimiz nomzodini ilgari surgan, BMTdagi doimiy elchimiz Bahtiyor Ibragimov 2019 yildagi o’z rasmiy maktubida O’zbekistonning bundan keyin ham inson huquqlarini kuchaytirishga sodiqligi va halqaro tashkilotlar tavsiyalarini og’ishmay ijro etilishini ochiq aytib o’tgan. Shunday ekan, Kengash a’zosi sifatida BMTga a’zo boshqa davlatlar hisobotlarini ko’rib chiqish bilan birgalikda, O’zbekistonning o’zi ham inson huquqlari sohasidagi ko’rsatkichlarini doimiy yaxshilab borishi talab etiladi.
So’zim ohirida shuni ham aytib o’tsam. Jahondagi nufuzli tashkilotlar, O’zbekiston Kengashga o’z nomzodini qo’yishni e’lon qilishi bilanoq fikrlarini bildirishni boshlashgan va bundan keyin ham yurtimizdagi inson huquqlariga hurmatni oshirish, xalqimiz qadrini ko’taishga oid islohotlarni qadamma-qadam kuzatib borishlari juda ham tabiiy holdir. Shunday ekan, BMTning nufuzli organiga a’zolikka erishish Yangi O’zbekiston uchun so’nggi manzil emas, balki haqiqiy ma’nodagi yangi davrning boshlanishi bo’lishi kutiladi. 2021-2023 yillarda huquqni muhofaza qilishga oid davlat organlari va Tashqi Ishlar vazirligining chet eldagi missiyasi hodimlari bo’lgan yurtdoshlarimga ushbu sharafli yo’lda omadlar tilayman.