Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston bilan chegara va Andijon suv omborini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi qonunlarni imzoladi. Qo’shni Qirg’ziston bilan O’zbekistonning hali aniqlanmagan chegara masalalari so’nggi ikki yil mobaynida munozara qilinib kelinayotgandi. Asosiy masala hali ham kelishilmagan 208 km ustida borgan. 2022 yil avgustida Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasining maxsus vakili Nazirbek Borubayevning qayd etishicha, mamlakatlar chegarasining 1170 km qismi aniqlashtirilgan, endilikda qolgan qismlari masalasi hal qilinishi kerak edi. Nazirbek Borubayevning ta’kidlashicha, ikki mamlakat hukumatlari chegara masalasi borasidagi barcha savollarni 2022 yilning o‘zida hal qilishni rejalashtirishgandi. O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara uzunligi 1378 kmni tashkil qiladi va shundan 85% qismi aniqlashtirilgan.
10-oktabrda esa Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev mamlakat parlamentiga O‘zbekiston bilan chegara chizig‘i bo‘yicha kelishuv tafsilotlarini tushuntirib berdi. Qirg‘izistonga 19 ming ga dan ziyod yer, O‘zbekistonga esa Kampir-Obod suv ombori suv hududi o‘tadi. Suv ombori birgalikda boshqariladigan bo’ldi.
Qirg‘iziston, shunigndek quyidagi hududlarni ham oldi:
- G‘avasoy — 12949 ga;
- Kok-Serek — 105 gektar;
- Bayaston — 212 ga;
- Ungar-Too — 35 ga;
- Oq-Tosh — 100 gektar;
- Qora-Belek — 25 gektar;
- O‘sh va Jalolobod viloyatlaridagi boshqa yer uchastkalari (Suzoq va O‘zgan viloyatlarida, taxminan har biri 1000 ga).
Sharixon kanalining boshi har bir tomoni uchun 19,5 gektarga bo‘lingan. Avvalroq Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov O‘zbekiston bilan Kampir-Obod suv omborini boshqarish uchun 50/50 ulushga ega qo‘shma korxona tashkil etilishini aytgan edi.
14-noyabr kuni esa O’zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi O‘zbek-Qirg‘iz davlat chegarasining ayrim uchastkalari hamda Andijon (Kampir-obod) suv ombori suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi hujjatlarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlarni ma’qulladi. Unda shaxsan Bosh vazir Abdulla Aripov hududlar almashinuvi tafsilotlarini ma’lum qildi. (batafsil ma’lumotlar uchun qarang)
Qonun loyihalari yuzasidan bosh vazir Abdulla Aripov ma’ruza qildi. U o‘z nutqi avvalida O‘zbekiston prezidenti rahnamoligida boshqa davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga xizmat qilayotgan «ratsional o‘ylangan va pragmatik tashqi siyosat»ni ta’kidladi. Uning fikricha, bu ham Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish imkonini berdi. Xususan, chegara kelishuvlarining imzolanishi va chegara punktlarining qayta ochilishi mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi «katta qadam» bo‘ldi, dedi u.
«Keyingi besh yil davomida Qirg‘iziston bilan 1170 km, Tojikiston bilan 193 km uzunlikdagi chegara chiziqlari kelishilib, delimitatsiya shartnomalari imzolandi. Qozog‘iston bilan 2356 km uzunlikdagi davlat chegarasi demarkatsiya qilindi. 15 ta chegara o‘tkazish punktlari faoliyatlari qayta tiklandi: Tojikiston bilan — 10, Qirg‘iziston — 3, Qozog‘iston bilan — 2 ta. Hozirda ushbu yangi ochilgan chegaralardagi o‘tkazish punktlaridan kuniga 18 ming fuqaro va mingdan ortiq yuk avtomobillari o‘tadi», — dedi Abdulla Aripov.
Bosh vazir chegara hududlari — Farg‘ona viloyatining So‘x tumani (eksklav) va Surxondaryo viloyatining Uzun tumanidagi Bobotog‘ hududi, shuningdek, Toshkent viloyatining Bekobod shahri hamda Toshkent tumanidagi bir qancha mahallalarni rivojlantirish bo‘yicha alohida prezident qarorlari qabul qilinganini ham qayd etdi.
«Qo‘shni davlatlar bilan chegara masalasida muzokaralar o‘tkazish oson bo‘lmayapti. Uzoq tortishuvlar va mashaqqatli yo‘llar bilan chegarada qadamma-qadam yurib, bir necha marotaba hukumatlararo komissiyalar yig‘ilishlarini o‘tkazib, arziv hujjatlarini o‘rganib, undan keyin takliflar tayyorlanyapti. Hurmatli prezidentimizning qo‘shni Qirg‘iz Respublikasi bilan o‘zaro do‘stona aloqalarin mustahkamlash borasidagi tashabbuslari asosida kelishilmay qolayotgan 35 ta uchastkani, jami 302 km, kelishish jarayoni yakuniy bosqichga yetkazildi. Bu kelishuvga erishish uchun 5 yilga yaqin vaqt sarf qildik», — deya ma’lum qildi Bosh Vazir.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish bo‘yicha qonunlar imzolandi.
Undan so’ng, Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 noyabr kuni O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnoma hamda Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilishga oid qonunlarni imzoladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur xalqaro shartnomalar O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov boshchiligidagi delegatsiyaning 2022 yil 3 noyabrda Bishkek shahriga tashrifi chog‘ida imzolangan. Bu haqdagi qonunlar Qonunchilik palatasi tomonidan 2022 yil 14 noyabrda qabul qilingan va Senat tomonidan 2022 yil 18 noyabrda ma’qullangan. Ularni ratifikatsiya qilish bo‘yicha Qirg‘iziston qonunlarini Sadir Japarov 2022 yil 29 noyabrda imzolagan. O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnoma 13 ta moddadan iborat. Unda o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasining 35 ta uchastkadagi umumiy uzunligi 302,29 km bo‘lgan chizig‘i belgilandi.
O‘zbekistonga 4957 gektardagi Andijon suv ombori hududi hamda to‘g‘onga xizmat ko‘rsatish va uni muhofaza qilish uchun qo‘shimcha 19,5 gektar yer maydoni o‘tkaziladi, Qirg‘izistonga esa kompensatsiya tarzida 1019 gektar yaylov yerlari beriladi.
Shuningdek, Qirg‘izistonga Andijon suv omborining qurilmay qolgan Kampirobod chap qirg‘oq kanali uchun «G‘ovasoy» uchastkasidan 12 849 gektar yer maydoni kompensatsiya tarzida beriladi. Bunda, Qirg‘iziston tomoni «G‘ovasoy» daryosining tabiiy oqimiga to‘sqinlik qiladigan gidrotexnik va boshqa inshootlarni qurmaslik, suvning texnik ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaslik majburiyatini oladi.
Andijon suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish masalalasi va So‘x tumanidagi «Chashma» bulog‘i joylashgan uchastka alohida shartnomalar bilan tartibga solinishi kelishib olindi.
O‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasining ayrim uchastkalarida demarkatsiya ishlari to‘la tugallanmaguncha Davlat chegarasini nazorat qilish va qo‘riqlash yerdan haqiqiy foydalanish chegalari bo‘ylab amalga oshiriladi.
Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi bitim 11 ta moddadan iborat. Unda Andijon suv ombori suv resurslarini birgalikda boshqarish bo‘yicha Qo‘shma komissiya (O‘zbekistondan — suv xo‘jaligi vaziri) tuzildi va uning faoliyati to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston tomonidan Bitimni amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat organlari (O‘zbekiston tomonidan — Suv xo‘jaligi vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi) va ularning o‘zaro hamkorlik qilish tartibi belgilab berildi.
Andijon suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish bo‘yicha Bitim tomonlarining o‘zaro majburiyatlari aks ettirildi.
O‘zbek tomoni suv omboridagi suv sathini 900 gorizontaldan yuqori bo‘lmagan sathda ushlab turish, Qirg‘iziston fuqarolarining suv ombori suviga erkin kirishi va undan foydalanishini (hayvonlarga suv berish, sug‘orish, baliq ovlash) ta’minlash, atrofida muhandislik-texnik inshootlarni o‘rnatmaslik majburiyatlarini olgan. Qirg‘iziston tomoni suvni muhofaza qilish zonalari o‘rnatilishi, undan foydalanish rejimiga rioya etilishini ta’minlash majburiyatlarini olgan.
Andijon suv omborining xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha O‘zbekiston va Qirg‘iziston tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar kelishib olindi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni suv omborining xavfsizligini ta’minlaydi, ekspluatatsiya qiladi, texnik xizmat ko‘rsatadi, Qirg‘iziston tomoni bilan kelishilgan limitlar doirasida suv chiqaradi.
Umuman aytganda, chegara chizig‘ini delimitatsiya qilishni yakuniga yetkazish orqali mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar yanada mustahkamlanib, hech qanday kelishmovchilikka o‘rin qolmaydi. Andijon suv ombori suv resurslarini birgalikda boshqarishning huquqiy asoslari yaratiladi. 2,5 million tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va 500 million dollar miqdoridagi mahsulotlarni eksport qilish uchun 8 mingga yaqin fermer xo‘jaliklarini suv bilan uzluksiz ta’minlash imkoniyati paydo bo‘ladi.
AQSh esa O‘zbekistonning Qirg‘iziston bilan davlat chegarasini demarkatsiya qilish bo‘yicha kelishuvga erishganini olqishlaydi. Bu haqda AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken 2022 yil 12 dekabr kuni Vashingtonda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov bilan muzokaralar boshlanishidan oldin aytib o‘tdi.