Konstitutsiyaviy sud Konstitutsiyaviy qonun loyihasini referendumga qo‘yishni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq deb topdi. Qonun loyihasida referendum predmeti bo‘lmaydigan masalalar aniqlanmagan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qarorining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash bo‘yicha Konstitutsiyaviy sudning majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda Konstitutsiyaviy qonun loyihasini referendumga qo‘yish O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq deb topildi.
«Konstitutsiyaviy qonun loyihasini huquqshunos olimlar, mutaxassislar ishtirokida o‘rganib chiqdik. Natijada unda O‘zbekiston Respublikasi Referendum to‘g‘risidagi qonunining 2-moddasida belgilangan referendum predmeti bo‘lmaydigan masalalar aniqlanmadi. Dastlabki o‘rganishlar shuni ko‘rsatyaptiki, Konstitutsiyaviy qonun loyihasini referendumga qo‘yish O‘zbekiston Konstitutsiyasiga muvofiq deb hisoblash mumkin», — dedi Konstitutsiyaviy sud raisi o‘rinbosari Asqar Gafurov.
Referendum to‘g‘risidagi qonunining 2-moddasiga ko‘ra, quyidagi masalalar referendum predmeti bo‘lishi mumkin emas:
- O‘zbekiston Respublikasining hududiy yaxlitligini o‘zgartirish;
- O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va soliqlar;
- amnistiya va avf etish;
- jamoat tartibini, aholi sog‘lig‘i va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha favqulodda va shoshilinch chora-tadbirlar o‘tkazish;
- O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;mansabdor shaxslarni tayinlash va vazifasidan ozod etish.
Asqar Gafurov yangi Konstitutsiyaning referendum yo‘li bilan qabul qilinishi O‘zbekiston tarixida ilk bor amalda qo‘llanilayotganini ta’kidladi.
Konstitutsiyaviy sud raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomovning ta’kidlashicha, yangi Konstitutsiya to‘g‘risidagi qonun loyihasi bo‘yicha referendum o‘tkazilishiga to‘sqinlik qiladigan holatlar aniqlanmadi. Hujjat O‘zbekistonning amaldagi Konstitutsiyasi, boshqa barcha qonunlari va xalqaro hujjatlariga to‘liq mos keladi, dedi u.
Shuningdek, adliya vaziri Akbar Toshqulov yangi Konstitutsiya loyihasini referendumga qo‘yish demokratiya va demokratiya tamoyiliga to‘liq mos kelishini qayd etdi.
Mutaxassislar va ekspertlar nutqidan so‘ng Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov sud qaror qabul qilish maqsadida maslahatlashuvga kirishini ma’lum qildi.
10 mart kuni parlament quyi palatasi Konstitutsiya to‘g‘risidagi qonunning yangi tahriri va u bo‘yicha 30 aprel kuni referendum o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilgandi.