Rossiya prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan «uch tomonlama gaz ittifoqi» to‘g‘risidagi taklifi gazni siyosiy shartlar asosida yetkazishni nazarda tutmaydi, gap tijorat manfaatlarini muvofiqlashtirish haqida ketmoqda. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi, deb yozadi «RBK».
«Hech kim siyosiy shartlar evaziga gaz yetkazish haqida gapirmadi. Ushbu ittifoqni yaratish g‘oyasi kontekstida bu gap yo‘q. Gap, shubhasiz, davlatlarning tijorat manfaatlari yo‘lidagi harakatlarini muvofiqlashtirish haqida ketmoqda», — dedi u.
«Albatta, har bir tomon o‘z energiya resurslarini faqat tijorat shartlariga e’tibor qaratgan holda o‘z kontragentlariga sotadi va sotishda davom etadi. Biroq, prezident Putin tushuntirganidek, mamlakatlar gaz yetkazish yo‘nalishlarida gaz trubalarini yotqizish, gaz infratuzilmasini rivojlantirishning kelajakdagi yo‘nalishini belgilash, tabiiy gazga bo‘lgan ichki ehtiyojlarini qondirish bo‘yicha o‘z harakatlarini muvofiqlashtirishdan manfaatdor», — dedi Peskov.
«Mamlakatlar bularning barchasini muvofiqlashtirishdan, ham rentabellikni, ham bir-birlari uchun foydani oshirishdan manfaatdor. Hech kim siyosiy talablar evaziga gaz yetkazish haqida gapirmadi. Gap umuman bu haqda emas», — deya takrorladi u.
Noyabr oyi oxirida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekistonning «uch tomonlama gaz ittifoqi»ni tuzishni taklif qilgani ma’lum bo‘ldi. Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bu taklifni ko‘rib chiqishga tayyorligini va Putin bu borada Shavkat Mirziyoyevga qo‘ng‘iroq qilmoqchi ekanini bildirdi.
Keyinroq Putin va Mirziyoyev telefon orqali muloqot qildi, biroq gaz ittifoqi bilan bog‘liq tafsilotlar ma’lum qilinmadi.
O‘zbekiston bosh vazir o‘rinbosari, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ma’lum qilishicha, mamlakat qo‘shnilardan gazni «qandaydir alyans yoki ittifoq» orqali emas, balki tijorat shartnomasi doirasida import qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazmoqda.
“RIA Novosti” Rossiya TIV maxsus topshiriqlar boʻyicha elchisi Yuriy Sentyuringa tayanib Rossiya, Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida gaz ittifoqi boʻyicha muzokaralar davom etmoqda, deya xabar bermoqda.