Prezident 15 mart kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Turk bilan uchrashdi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 mart kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Turkni qabul qildi.
Uchrashuvda BMT Oliy komissari O‘zbekistonning bolalar va majburiy mehnatga barham berish, gender tenglikni ilgari surish, sud idoralarining mustaqilligini va qonun ustuvorligini ta’minlash borasidagi muvaffaqiyatlarini yuqori baholadi.
Umumjahon inson huquqlari deklaratsiyasining 75 yilligida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi qabul qilingani, O‘zbekiston BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilgani, qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokidagi preventiv mexanizm yaratilgani, shuningdek, mojarolar hududlaridan xotin-qizlar va bolalar o‘z yurtiga qaytarilgani, ular qayta ijtimoiy integratsiyalashuvi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgani alohida qayd etildi, deyiladi xabarda.
«Oliy komissir BMT tuzilmalarining O‘zbekistondagi ortga qaytmas islohotlarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish niyati qat’iy ekanini tasdiqladi. Inson huquqlarini monitoring qilishda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini kuchaytirish, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va penitensiar muassasalar xodimlarini o‘qitish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi», — deya qayd etilgan xabarda.