“Kelgusi uch yilda tayyor mahsulot eksportini 2 baravar oshirish reja qilganmiz. Bunga erishishning birdan bir yo‘li — Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish. Bu 164 ta davlat bilan adolatli savdo tizimini yo‘lga qo‘yish va barqaror bozorlarni yaratish imkonini beradi, — deya ma’lum qildi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonlari va istiqbollariga oid taqdimot bilan tanishdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2019-yilda mazkur xalqaro tuzilmaga qo‘shilish jarayonini qayta boshlagan edi. Mart oyida Jenevada ushbu jarayon bo‘yicha ishchi guruhning oltinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston uch davlat bilan muzokaralarni deyarli yakunladi. Jami 47 ta mamlakat bo‘lib, 31 tasi bilan faol muzokaralar olib borilmoqda.
Yig‘ilishda davlat rahbari Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish shartligini ta’kidlab, buning iqtisodiy ahamiyatiga to‘xtaldi.
“Kelgusi uch yilda tayyor mahsulot eksportini 2 baravar oshirish reja qilganmiz. Bunga erishishning birdan bir yo‘li — Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish. Bu 164 ta davlat bilan adolatli savdo tizimini yo‘lga qo‘yish va barqaror bozorlarni yaratish imkonini beradi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident o‘tgan yilgi Murojaatnomasida bu jarayonni jadallashtirish haqida aytgan edi. Shu maqsadda Jahon savdo tashkilotiga a’zo 50 dan ziyod davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralar olib borildi. Bu jarayon bo‘yicha joriy yilning mart oyida Jahon savdo tashkilotida ishchi guruhning oltinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Davlat rahbari huzuridagi taqdimotda a’zo davlatlar tomonidan ko‘tarilgan masalalar muhokama qilindi.
Jahon savdo tashkilotining bitimlaridan kelib chiqib, milliy qonunchilikni unga uyg‘unlashtirish, tartib va standartlarni xalqaro talablarga moslashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Buning uchun xorijiy konsultantlarni jalb qilib, ishchi guruhlarni shakllantirish, barcha vazirliklar va elchixonalar bilan tizimli ishlash zarurligi ta’kidlandi.
Manba: https://www.gazeta.uz/oz/2023/04/14/wto/