Eron generali Qosim Sulaymoniyning AQSh kuchlari tomonidan Iroq hududida o‘ldirilishi xalqaro huquq normalariga to‘g‘ri keladimi?
Ushbu masala hozirda Yaqin Sharqdagi vaziyatni juda tarang holatga olib kelib qo‘ydi, vaziyat yumshadi deyishga esa hali juda ham erta. Bularning barchasi ortida turgan AQShning harakatlarini xalqaro huquq qoidalari bilan oqlash mumkinmi? General Sulaymoniyning boshqa davlat hududida o‘ldirilishi bir necha murakkab huquqiy savollarni tug‘diradi.
Avvalo qo‘limizda bor faktlar haqida bir og‘iz so‘z yuritsak.
2020 yil 2 yanvar kuni AQShning Iroq hududida joylashgan kuchlari Bag‘dod shahridagi aeroportda Eronning Al-Quds harbiy gvardiyasi generali Qosim Sulaymoniyni dron orqali zarba berib halok qildi. Shuni ham ta’kidlab o‘tish kerakki, general Sulaymoniy bilan Xataib Xizbollah guruhining muhim a’zolari bo‘lgan 5 nafar iroqliklar ham aviazarbalar tufayli hayotdan ko‘z yumgan.
AQSh o‘z harakatlarini quyidagicha oqladi: Eronning eng muhim generallaridan bo‘lgan Qosim Sulaymoniy Yaqin Sharq mintaqasida joylashgan AQSh qurolli kuchlariga qarshi rejalashtiralayotgan muqarrar qurolli hujumlarni (imminent attacks) oldini olish uchun yo‘q qilindi. Ya’ni, AQSh siyosatchilari ushbu aviazarbani davom etayotgan qurolli to‘qnashuvlarning oldini olish uchun emas, balki kelajakda kelib chiqishi mumkin bo‘lgan xavfdan himoyalanish uchun xalqaro huquqdagi “o‘z-o‘zini mudofaa qilish” (self-defence) doktrinasiga tayangan holda amalga oshirildi deya xaspo‘shlashga harakat qilishdi. Endi esa yuqoridagi faktlarni kuch ishlatishni taqiqlashga oid xalqaro huquq mezonlari bilan o‘lchab ko‘rsak.
Avvalambor, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining 2-moddasi 4-bandi davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda kuch bilan tahdid qilishni va uni qo‘llashni taqiqlaydi. Faqatgina BMT Nizomining 51-moddasi o‘z-o‘zini mudofaa qilish uchungina, shunda ham faqatgina tor doirada bunday qurolli harakatga ruxsat beradi. Ko‘pchilik mutaxassislarning talqiniga ko‘ra, bu qoida aniq hujum yuz berganda yoki shunday hujum amalga oshirilish arafasida turgandagina davlatlarga o‘zini himoyalash uchun boshqa bir davlatga hujum qilish huquqini beradi. Xo‘sh, BMT ustavining 51-moddasidagi “o‘z-o‘zini mudofaa qilish” qoidasi AQSh prezidenti Trampning Sulaymoniy o‘limi yuzasidan aytgan “muqarrar hujumga qarshi mudofaa” da’vosini qay darajada oqlashi mumkin?
Bunday da’voni oqlash uchun AQSh hukumati eng kamida quyidagilarni isbotlab berishi lozim:
- 1) General Sulaymoniy AQSh fuqarolari va mulklariga nisbatan hujumlarni rejalashtirish uchun amaliy harakatlarda ishtirok etganini;
- 2) Eron ham o‘sha hujumlarning amalga oshirilishi bo‘yicha eng so‘nggi qarorni qabul qilib bo‘lganini;
- 3) General Sulaymoniyning o‘dirilishi rejalashtirilayotgan AQShga tegishli ob’yektlarga nisbatan hujumlarning to‘xtashiga sabab bo‘lishini;
- 4) Generalni yo‘q qilish AQSh ob’yektlarini himoyalashning eng so‘nggi chorasi bo‘lib, bu muammoni qurolli harakatlarsiz hal etishning imkonsizligini;
- 5) Generalni aynan Iroq hududida yo‘q qilinishi kelajakdagi hujumlarning oldini olish uchun yagona yo‘l bo‘lganini.
Hozircha AQSh hukumati yuqoridagi masalalarga oydinlik kiritadigan va general Sulaymoniy tomonidan muqarrar hujumlar rejalashtirilayotgan bo‘lganini isbotlaydigan dalilni jahon ommasiga taqdim etganicha yo‘q. Balki AQSh buni keraksiz deb ham o‘ylayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo AQSh hukumatining sobiq a’zolari tomonidan berilgan ma’lumotlarga qaraganda, general Sulaymoniyga shu paytgacha Eron hukumati tomonidan yuklatilgan missiya faqat rejalar tuzish yoxud g‘oyaviy masalalarni hal etishdan iborat bo‘lib, u amaliy harakatlarga bevosita boshchilik qilmagan. Ochiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, Eronning diniy rahnamosi Oyatulloh Xomanaiy ham AQSh ob’yektlariga nisbatan ommaviy hujum to‘g‘risida hali aniq qarorga kelmagan edi. Shunday qilib, Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumati yuqoridagi holatlarni isbotlaydigan ishonarli dalillarni oshkor etmas ekan, BMT Ustavining 51-moddasidagi “o‘z-o‘zini mudofaa qilish” qoidasi chegaralarini AQSh yana bir bor keragidan ortiq kengaytirib, o‘z foydasiga ishlatdi deyishdan o‘zga ilojimiz qolmaydi.
Bundan tashqari, agar Eron o‘z generali o‘limi uchun qasos oladigan bo‘lsa, prezident Tramp Erondagi 52 ta madaniy markazlarni mo‘ljalga olishini aytib tahdid qildi. Bu esa BMT Ustavi 2-moddasi 4-qismdagi nizolarni yechishda o‘zaro kuch ishlatishni taqiqlash tamoyilini ochiqdan ochiq buzishdan o‘zgasi emas.
Ushbu hodisaga doir yana bir huquqiy masalaga to‘xtab o‘tsam: Eronning AQShga javobi o‘laroq, AQShning Iroqdagi harbiy havo bazalariga bergan zarbasi (16 ta raketa otilishi) xalqaro huquq me’zonlari bo‘yicha qanday baholanadi?
General Sulaymoniy o‘limi uchun qasos sifatida 2020 yil 8 yanvar kuni Eron qurolli kuchlari Iroqdagi AQSh harbiy bazalariga ballistik raketalar orqali havo zarbalari berdi. Insoniy talafot ko‘rilmagan bo‘lsa-da, Eron Tashqi ishlar vaziri Javod Zarif ushbu harakatni “BMT Nizomidagi 51-moddaga muvofiq “o‘z-o‘zini mudofaa qilish uchun mutanosib (proporsional) choralar ko‘rish” deya oqlashga urindi.
Eronning bundan keyin boshqa harakatlar qilishga niyati yo‘qligi taniqli Eron vazirining bayonotidan ayon. Biroq AQSh harakatlari qanchalik xalqaro huquq normalariga zid bo‘lsa, unga javoban amalga oshirilgan Eron hukumatining harakatlari ham shunchalik ziddir. Sababi shuki, nima bo‘lgan taqdirda ham, AQSh qurolli kuchlarining 2020 yil 3 yanvar kunidagi general Sulaymoniy o‘tirgan mashinaga bergan zarbasi tugallangan harakat bo‘lib, AQSh ushbu harakatni yana davom ettirish niyatida emas edi. Eron o‘z harakatlarini AQSh tomondan yana shunday “muqarrar hujum” yaqinlashib kelayotganligini isbotlash orqaligina asoslashi mumkin. Ammo yuqorida aytib o‘tganimizdek, hozircha AQShning bunday niyati yo‘q. Shunday ekan, Eron hukumati Iroqdagi AQSh harbiy bazalariga hujum qilish orqali AQShning harakatlarini ma’lum ma’noda oqlaydigan ishga qo‘l urdi. Vaholanki, BMT Ustavi hech qanday qurolli qasos olish yo‘llarini oqlamaydi.
Albatta, bu o‘z generalining AQSh tomonidan o‘ldirilishiga nisbatan Eron hech qanday chora ko‘ra olmaydi, degani emas. Xalqaro javobgarlik huquqi bo‘yicha AQSh hukumatining Eron oldida javobgarligini asoslaydigan kuchli dalillar, albatta, mavjud. Ammo bu boshqa bir maqola mavzusi.
* * *
So‘nggi masala esa ushbu mavzuning eng murakkab jihati bo‘lgan Iroq bilan bog‘liq holatdir. Yuqorida aytilganidek, AQShning general Sulaymoniy va uning iroqlik hamkorlariga nisbatan olib borgan operatsiyalari ham, bunga javoban Eronning 8 yanvar kunidagi raketa zarbalari ham mustaqil va suveren Iroq davlati hududida ro‘y bergan edi. Ammo ikkala davlatning harakatlari ham Iroq markaziy hukumatining roziligini olmasdan amalga oshirildi. Bu esa Iroq davlati suverenitetini ochiqdan ochiq buzish deganidir. Xo‘sh, AQSh va Eron davlatlari Iroqqa nisbatan o‘z harakatlarini qanday qilib oqlashlari mumkin?
AQSh harbiy harakatlarni boshlash orqali nafaqat Eronga, balki Iroqqa nisbatan ham qurolli kuch ishlatdi. Shunday bo‘lsa-da, AQSh o‘z harakatlarini quyidagi ikki yo‘l bilan oqlashi mumkin: rozilik va o‘z-o‘zini mudofaa qilish. Hozirda IShIDga qarshi kurashish uchun Iroq hududiga kirgan AQSh harbiy bazalari mavjud. Bunga Iroq hukumatiningham roziligi ham mavjud bo‘lib, AQSh o‘sha paytda Iroq mustaqilligini saqlash uchun harakat qilgan edi. Ammo Sulaymoniyga qarshi operatsiya uchun AQSh hukumati Iroq hukumatidan rozilik olmagandi. Bundan norozi bo‘lgan Iroq parlamenti 5 yanvar kuni AQSh qurolli kuchlarining o‘z davlatlari hududidan chiqib ketishi to‘g‘risida qaror qabul qildi. 10 yanvar kuni esa Iroq bosh vaziri AQShdan buni rasman talab etdi.
Shunday ekan, AQSh “o‘z-o‘zini mudofaa qilish” doktrinasi doirasida general Sulaymoniy operatsiyasini Iroqqa nisbatan ishlata oladimi? Garchi Oq Uy tomonidan Iroqqa doir holatga nisbatan hech qanday izoh berilmagan bo‘lsa-da, ko‘pchilik davlatlar tomonidan rad etilgan, ammo AQSh tomonidan qabul qilingan “unable or unwilling” qarashi AQShga yordam berishi mumkin. Xalqaro qurolli to‘qnashuvlarga oid o‘z-o‘zini mudofaa qilish doktrinasining kengaytirilgan talqini hisoblanadigan “imkonsiz yoki xohishsiz” (unable or unwilling) tushunchasi orqali AQSh o‘z harakatlarini oqlashi mumkin.
Ushbu qarashga ko‘ra, Iroqning roziligi bo‘lmasa-da, AQSh Iroq hududidagi o‘z ob’yektlarini qo‘riqlash uchun o‘z-o‘zini mudofaa qilish huquqidan foydalangan. Chunki Iroq hukumati Eronning ta’siri ostida bo‘lib, unda general Sulaymoniyni yo‘q qilishga xohish ham, imkon ham yo‘q edi. Demak, bu vaziyatda AQSh harakatlari to‘liq oqlanadi.
Ammo “imkonsiz yoki xohishsiz” qarashini tatbiq etish davlat suverenitetini himoya qilishda jiddiy muammolarni tug‘diradi. Chunki bu qarashni to‘liq tatbiq etadigan bo‘lsak, AQSh hukumati Sulaymoniyni yo‘q qilish uchun avvalo Iroq hukumatidan ruxsat so‘rashi kerak edi. Iroq esa qo‘shni Eron bilan munosabatlarini o‘ylab, tabiiyki, rad etardi. Buni Sulaymoniy ishiga “xohishsiz” qaramoqda deya talqin etuvchi AQSh hukumati esa operatsiyani Iroq roziligisiz ham amalga oshirardi (va amalga oshirdi ham). Bu, albatta, mustaqil davlatlarni shunchaki yo‘q deya hisoblashdan o‘zgasi emas. Yana ham vahimalisi shundaki, bunday qarash qabul qilinadigan bo‘lsa, AQSh aviazarbasi paytida general Sulaymoniy o‘tirgan mashinada Iroq bosh vaziri bo‘lganda ham, “imkonsiz yoki xohishsiz” qarashiga ko‘ra, AQSh hukumati xalqaro huquq bo‘yicha oqlanib qolaveradi. Shuning uchun, BMT Ustavining 51-moddasini bunday kengaytirilgan sharhi dunyodagi ko‘pchilik davlatlar tomonidan haqli ravishda qabul qilinmagan. AQSh hukumati Iroqning ichki suverenitetga ochiqdan ochiq dahl qilib, xalqaro huquq normalarini poymol qilgani ko‘rinib turibdi.
So‘nggi izoh
Xulosa o‘rnida aytish joizki, AQSh kuchlari general Sulaymoniyni xalqaro huquq normalariga zid ravishda qatl etdi. Albatta, AQSh o‘z maqsadiga boshqa qonuniy yo‘llar bilan ham yetishishi mumkin edi. Misol uchun, Iroq hukumati orqali general Sulaymoniyning harakatlarini cheklashi yoki marhum general rejalaridan o‘z qo‘shinlarini mudofaa qilish uchun ularni Iroqdan ko‘chirish kabi yo‘llar, albatta, mavjud bo‘lgan. Ming afsuski, AQSh bularning orasida eng yomonini tanladi va uning Iroq hududidagi uning qo‘shinlari endi doimiy xavf ostida qoladi.
Boshqa tomondan, AQSh va Eronning general Sulaymoniy o‘limi atrofidagi ziddiyati ortida Suriya, Iroq, va Livan kabi Yaqin Sharq mamlakatlaridagi Eronning o‘ziga sodiq qurolli guruhlarni qo‘llab-quvvatlashi yotgani ko‘pchilikka sir emas. Marhum general Eronning diniy rahnamosi Oyatulloh Xomanaiyning yaqini sifatida bunday harakatlarni AQShga nisbatan gij-gijlash uchun “miya” (mastermind) rolini bajargani aniq. Lekin qizig‘i shundaki, general Sulaymoniy o‘limi tufayli dunyo iqtisodiyotida katta o‘zgarish yuz berajakligi haqida xavotirlar kuchayib borayotgan bir paytda, AQSh tomonidan general Sulaymoniyni o‘ldirilishining qonuniyligini so‘roqlashni ko‘pchilik davlatlar istamadi.
Bundan tashqari, AQSh hukumatining Iroqdagi operatsiyalar uchun Iroq hukumatiga hech qanday izoh bermayotganligi yoki bo‘lmasa Iroq bosh vaziri tomonidan AQSh harbiylarining mamlakatdan olib chiqib ketilishiga oid talabining ham o‘ta qo‘pol tarzda rad etilishi hali hamon prezident Tramp tomonidan xalqaro huquq normalari jiddiy ravishda mensilmayotganligidan darak beradiki, bu 21-asr dunyomiz uchun yaxshi alomat emas.