Moses, Margaret L. The principles and practice of international commercial arbitration. Cambridge University Press, 2012.
Tanishtiruv
Globallashgan dunyoda xususiy shirkatlarning roli va o’rni tobora ortib borayotgani hech kimga sir emas. Asosan shartnomaviy-huquqiy munosabatga tayangan bunday aloqalar ba’zida nizo bilan tugashi ham rad etib bo’lmaydigan holatdir. Shunday ekan, shirkatlar o’zlarining nizolarini qayerga olib borib yechim istashadi, degan tabiiy savol tug’iladi. Garchi, har bir mamlakatning vakolatli sudlari mavjud bo’lsada, mahalliy sudning ommaviyligi natijasida kelib chiqadigan bir qancha muammolar- masalan, davlat sudining ma’lum bir majburiy proses asosida ishni yuritishi, uning uzoq muddat davom etishi yoki bo’lmasam juda ko’p rivojlanayotgan davlatlarda qonun ustuvorligi pastligi natijasida kelib chiqadigan sud mustaqilligi ozligi holatlari shirkatlarni boshqa bir joydan javob izlashga majbur qiladi. 1960-yillardan boshlab katta tezlik bilan rivojlangan va hozirda alohida bir sanoat sohasiga aylanib ulgurgan bu tizim- xalqaro tijorat arbitrajidan o’zgasi emas. Hozirda chegara osha savdo va investitsiya faoliyatlarini yurituvchi minglab xalqaro shirkatlar(transnational companies) bunday institutlarning xizmatidan foydalanadi. Xalqaro Tijorat Arbitrajlari taraflarning huquqiy nizolarini tez, sodda, aniq va betaraf holatda hal qilib berishlari bilan ma’lum va mashhurdir. Bu safargi kitob tahlilimiz ham aynan shu sohada Amerika Qo’shma Shtatlarining Loyola Universiteti Chikago Huquq Fakulteti professori Margaret Muso xonim tomonidan yozilgan Xalqaro Tijorat Arbitrajlari Prinsiplari va Amaliyoti kitobi(bundan keyin ‘Kitob’) haqida bo’ladi.
Kitob tuzilishi
372 betdan iborat Kitob 2012 yili Kembridj universiteti tomonidan nashr qilingan. 11 bo’limdan tashkil topgan Kitob so’nggida xalqaro tijorat arbitrajiga oid xalqaro konvensiya va qoidalar ilova qilingan. Kitobning maqsadi uning so’z boshisida yozilganidek, dunyodgi xalqaro tijorat arbitrajlarini izohlash bo’lib, amaliyotda ishlayotgan huquqshunoslar, ularning mushtariylari, talabalar va davlat sudlaridan tashqaridagi nizolarni xususiy tartibda ko’rish sohasida ishlaydigan barcha uchun sodda qo’llanma vazifasini o’tash hisoblanadi.
Xalqaro Tijorat Arbitrajiga Kirish (Introduction to International Commercial Arbitration) deb nomlanuvchi birinchi bo’limda, muallif arbitrajning maqsadi, uning o’ziga xos belgilari, ustunligi va kamchiliklari, uning faoliyatini tartibga soluvchi xalqaro huquqiy tizim, institulashgan xalqaro tijorat arbitraji turlari va nizolarni xususiy tartibda hal etuvchi boshqa usullar haqida o’quvchiga g’oyat qisqa (jami bolib 17 bet, 1~17 betlar), ammo juda foydali ma’lumotlarni beradi.
Nizolashuvchi tomonlar uchun juda muhim hisoblangan Arbitraj Bitimi (The Arbitration Agreement) haqidagi ikkinchi bo’limda, arbitraj bitimining funksiyasi va maqsadi, uning Nyu York Konvensiyasi va YUNCITRAL Model Qonuni bilan aloqasi, arbitraj bitimining lozim doirasi(arbitrability issue), uning kuchga emasligi holatlari(null and void), ikkidan ko’p taraflar o’rtasidagi nizolardagi arbitraj bitimlari, davlat korxonalari tomonidan tuziladigan arbitraj bitimlarining huquqiy kuchi kabi o’ta qiziq, murakkab va ayni paytda amaliy jihatdan muhim huquqiy masalalar keltirilgan va atroflicha tahlil qilingan. (18~42 betlar)
Arbitraj bitimi qanday yozilishiga qarab nizolashayotgan taraflar nizoni muvaffaqiyatli, tez va adolatli hal qila olishadi. Bu esa shirkatlarning huquqiy bo’limlari hodimlari va shirkatlar uchun ishlaydigan advokatlar uchun juda muhim masala hisoblanadi. Uchinchi bo’limda muallif shu haqda so’z yuritadi.(Arbitraj Bitimi Loyihasini Tayyorlash (Drafting the Arbitration Agreement)43-58 betlar)
Arbitraj bitimini tayyorlashda shirkat va uning huquqshunosi e’tibor berishi kerak bo’lgan keying muhim nuqta, bu – nizoni hal etishda tadbiq etiladigan mamlakat yoki arbitraj institutining huquq tizimidir. Chunki, tadbiq etiladigan huquq tizimiga ko’ra, ishning qanday hal etilishi va uning qanday huquqiy oqibatlar bilan tugashi aniqlanadi. Misol uchun taraflar bitimda Angliya huquq tizimini asos olishsa-yu, ammo tuzilgan shartnoma aslida Angliya tizimiga muvofiq bo’lmasa, arbitraj bu ishni ko’rmasdan qoldirishi mumkin. To’rtinchi bo’lim ushbu masalaga bag’ishlanadi. (Applicable Laws and Rules, 59-86 betlar)
Ishni arbitrajga olib kelish orqali, garchi taraflar ommaviy sudlar hisoblangan davlat sudlari xizmatidan emas, balki xususiy arbitraj xizmatidan foydalanishni afzal ko’rishgan bo’lsada, arbitraj sudlari ishni davlat sudlari yordamiga tayangan holda ish yuritadi. Bunday holatlar ishga aloqador shaxslarni guvohlikka chaqirish yoki chiqarilgan arbitraj qarorining ijrosida ayniqsa yaqqol ko’zga tashlanadi. Arbitrajga Yuridik Yordam deb ataluvchi beshinchi bo’lim ushbu masalalarga bag’ishlanadi.(Judicial Assistance for Arbitration, 87-121 betlar)
Aytish joizki, ishni ko’ruvchi arbitrlar ommaviy sudlar sudyasidan ham kuchliroq vakolatga egadirlar. Buning sababi esa ularning chiqargan qarorlari faktlar yoki huquqni noto’g’ri sharhlaganlik uchun bekor qilinmaydi. Buning o’ziyoq taraflarga arbitrlarni ish uchun tanlashda qay darajada ehtiyot bo’lish lozimligini ko’rsatadi. Arbitraj Sudi(The Tribunal, 122-156 betlar) deb nomlanuvchi oltinchi bo’limda muallif qanday qilib muvofiq arbitrni tanlash haqida so’z yuritadi.
Muallif yettinchi bo’limni arbitrajning prosessual tartibini tanishtirishga bag’ishlaydi. O’quvchilar unda taraflarning qanday qilib ishni boshlashlari, qay tartibda arbitrlarni tayinlashlari, tayinlangan arbitr yoki bir necha arbitrlarning ishni qanday olib borishlari mufassal bayon qilingan. (The Arbitral Proceedings, 157-188 betlar)
Sakkizinchi bo’limda arbitraj qaroriga haqida so’z yuritadi.(The Award, 189-202) Margaret Muso ushbu bo’limda so’nggi qarorning boshqa buyruqlardan farqi, ularning turlarni va arbitraj qarorini chiqarishga doir tartib va o’ziga xos hususiyatlarni birma-bir tanishtirib o’tadi. Shu bilan birga qarorni chiqarishgacha bo’lgan muddatda ketgan xarajatlar, qarorda keltirilgan yechim(moddiy yoki nomoddiy), penyalar haqida ham to’xtalib o’tadi.
Faraz qilaylik, taraflar arbitraj sudini tashkil qilishdi va u nizoni ko’rib chiqib so’nggi qarorini ham qabul qildi. Bilamizki, arbitraj qarori so’nggi qaror hisoblanadi va uni davlat sudlari qarori kabi osonlik bilan(yuqori instansiya sudi arbitrajda mavjud emas) bekor qilish mumkin emas. Arbitrajning borligi ham aynan shu nuqtadan kelib chiqadi. Xo’sh, agar bir taraf arbitraj qaroriga oid biror shubhasi yoki e’tirozi bo’lsa, uni qayerda va qay tartibda amalga oshirishi mumkin? Qarorni Bekor Qilishga oid to’qqizinchi bo’lim ushbu muhim masala ustida so’z yuritadi. (Attempts to Set Aside an Award, 203-210 betlar)
Muallifga ko’ra, arbitrajning aksariyat qarorlari yutqizgan taraf tomonidan ixtiyoriy ravishda ijro etiladi. Faqat ba’zan, uning rad etilishi holatlari ham yo’q emas. Unday holatlarda g’olib taraf chiqarilgan qarorni arbitraj joyi bo’lgan mamlakatda yoki yutqazgan taraf joylashgan mamlakatda ijro etish uchun davlat sudiga murojaat etishi mumkin. O’z navbatida davlat sudlari ham har doim ham arbitraj qarorlarini ijro etishmaydi va ba’zida uni rad etish holatlari ham uchrab turadi. Bularning huquqiy asosini o’quvchi Qarorni Ijro Etishga oid o’ninchi bo’limda topishi mumkin. (Enforcement of the Award, 211-229 betlar)
Kitobning eng so’nggi bo’limi esa davlatlar va xorijiy investorlar o’rtasida yuzaga keladigan investitsiya nizolarini hal etadigan Investitsiya Arbitraji haqida so’z yuritadi.(Investment Arbitration, 230-251 betlar) Taraflari asosan xususiy shirkatlar hisoblangan xalqaro tijorat arbitrajidan farqli ravishda, bir tarafi davlat yoki davlat tashkiloti bo’lgan investitsiya arbitrajidagi aksariyat ishlar 1965-yilda tuzilgan Vashington Konvensiyasiga ko’ra hal etiladi. Tobora rivojlanib borayotgan bu soha haqida ham muallif bir bo’limni ajratishga e’tibor qaratganligi maqtovga sazovorli holatdir.
Baholash
Shubhasiz, Kitob boshqa shu sohadagi kitoblardan o’zining eng so’nggi malumotlar bilan boyitilganligi, sodda va ravon tili, murakkab masalalarni ham juda qisqa til bilan tanishtirishga harakat qilganligi bilan ajralib turadi. Shu ma’noda u ko’pchilik professorlar tomonidan talabalarga ham tavisya qilinmoqda. Shu sabab bo’lsa kerak, Kitobni hozirgi kunda dunyoning butun nashhur universitetlaridagi kutubxonalaridan bemalol topish mumkin.
Uning yana bir boshqa xususiyati shundaki, muallif amaliyotda ishlaydigan arbitrlarning fikrlaridan mohirona foydalangan va ularning juda foydali amaliy maslahatlarini kitobxonlarga lo’nda qilib tanishtira olgan. Yana, qiyosiy huquqshunoslik uslublaridan ham yaxshi foydalangan muallif dunyoning eng mashhur yurisdiksiyalari(AQSH, Evropa va Xitoy) qonun va tartiblarini ham o’rni kelganda tanishtirgan.Kitobning AQSHda yozilishi ham unda koproq etibor ushbu mamlakat tomonga ko’proq e’tibor qaratilganligi bilan izohlansa kerak. Faqat bu holat qochib bolmaydigan masaladir. Shunday bo’lsada, bularning hammasi shubhsiz, kitobning bu sohada ishlaydigan yoki qiziqishi bo’lgan har bir advokat, talaba va professor va hatto davlat o’rgani xodimi shkafidan joy olishi lozimligini ko’rsatadi.
Shu bilan birga, kitobning zaifligi uning muvaffaqiyatidan kelgan desak xato bo’lmasa kerak. Chunki, Margaret Muso xonim o’quvchilarga osonlik tug’dirishni o’ylab kitobni g’oyat mo’jaz uslubda yozishga asosiy e’tiborni qaratib, murakkab masalalar juda qisqa va ma’lum ma’noda yetarsiz izoh bilan cheklanilgan. Shunday bo’lsada, yanada ishtiyoqmand o’quvchilar muallifning keltirgan iqtiboslaridan kengroq foydalangan holda yetishmay qolgan joylarni bemalol to’ldirishlari mumkin. Maroqli o’qishlar tilaymiz.
——————————————————————————————-
JOZEF STIGLITZNING BESTSELLER KITOBI: GLOBALIZATSIYA VA UNING MUAMMOLARI (Stiglitz, Joseph. Globalization and Its Discontents, 2002, W.W Norton & Company)
Tanishtiruv
Jozef Stiglitzning ushbu kitobi 2008-2009 yillardagi Butunjahon Iqtisodiy Inqirozidan deyarli 6 yil oldin yozilgan kitobdir. Kitob muallifi- AQSHning Kolumbiya Univeristeti professori Jozef Stiglitz bo’lib, ushbu kitob uning AQSH hukumatidagi Iqtisodiy masalalar qo’mitasi boshliqligi paytidagi tajriba va kuzatuvlariga asoslanadi.
Avvalo kitobning xulosasini qisqa so’zlar bilan ifodalaydigan bo’lsak, muallif xalqaro iqtisodiy institut sifatida Xalqaro Valyuta Fondi(bundan keyin ‘XVF’)ning rivojlanayotgan dunyoga nisbatan adolatsiz va o’ta ideologik tarzdagi va erkin bozor munosabatlari tamoyiliga asoslangan talablarining ushbu mamlakatlarda juda og’ir manfiy ta’sirlar qoldirganligini urg’ulaydi va dunyodagi ushbu adolatsiz iqtisodiy tizimning qayta ko’rib chiqilishi lozimligiga undaydi. Kitobning mana shu fenomenani ochib beradi.
Kitob tuzilishi
Kitob 9 bo’lim va 275 betdan iborat. Kitob boblari quyidagicha tartiblangan:
1. Global Institutlarning va’dasi
2. Bajarilmagan va’dalar
3. Tanlash imkoniyatimi?
4. Janubi-Sharqiy Osiyo Inqirozi
5. Rossiyada kim yutqazdi?
6. Adolatsiz adolat savdo qoidalari va boshqa katta xatolar
7. Bozor iqtisodiyotiga o’tish uchun yaxshiroq yo’llar
8. Xalqaro Valyuta Fondining boshqa masalalari
9. Bundan keyingi kelajagimiz…
Muallif birinchi bo’limda globalizatsiyaning yaxshi va yomon tomonlarini, xalqaro iqtisodiy institutlar sifatida XVF va Jahon Bankining qanday qilib vujudga kelganligi haqida bahs yuritadi va xulosa sifatida bugungi kunimizda biz “global hukumat mavjud bo’lmagan global boshqaruv”da yashayotganligimizni ta’kidlaydi. Faqat ushbu tashkilotlar bir qism insonlar yoki davlatlarning manfaatiga xizmat qilib, aslida ularning qarorlari va yuritgan siyosatlari ta’sir qiluvchi boshqa ko’pgina millatlarning ushbu tashkilotlar ustidagi ta’siri umuman yo’qligiga urg’u beradi va ushbu tizimni o’zgarishtirishga chaqiradi.
Ikkinchi bo’lim esa Afrikadagi eng kambag’al rivojlanayotgan davlatlar va AQSHning misolida XVFning yuritgan siyosatiga bag’ishlanadi. Muallif o’zining boy tajribasi va teran aqli(bekorga Nobel lauriyati emas) bilan XVFning faqat inflyatsiyaga e’tibor qaratishi oqibatida Afrikadagi davlatlarning iqtisodida qanday katta manfiy ta’sirlar vujudga kelganligini g’oyat ochiq va qiziqarli tarzda izohlaydi. Qizig’i esa XVFning moliyaviy ko’magiga hech qanday qaramligi bo’lmagan Klinton hukumatining o’z bilganidan qolmaganligi va XVFning maslahatlariga deyarli quloq solmaganligini yoritib beradi. Shu bilan birga XVF o’zining chora tadbirlarini qanday shakllantirayotganli haqida unga a’zo davlatlarga hisobot berishi yoki oshkoralikni oshirishi kabi hech qanday majburiyati yo’q. Ammo, bunday tashkilotlarning dunyo hamjamiyatiga ko’rsatayotgan ta’siri esa juda katta. Shuning uchun muallif ularning o’rtaga tashlayotgan yechimlari va yuritayotgan siyosatlarini hammaning oldida oshkora tarzda ‘baholash’ payti kelganligini va ularning javobgarlik hissini oshirish lozimligini ta’kidlaydi.
Uchinchi bo’lim esa Vashington Kelishuvi(Washington Consensus) deb nomlnagan erkin bozor iqtisodiyotining uch tamoyili va ularni amalga tadbiq qilish natijasida yuzaga kelgan muammolarni tahlil qilishga bag’ishlanadi. Ular hukumatning harajatlarini kamaytirish, xususiylashtirish va bozor munosabatlarini erkinlashtirishdir. Muallif ayniqsa keying ikki tamoyilni yaxshilab tahlil qiladi va o’z o’rnida ularni qattiq tanqid qiladi. Masalan, xususiylashtirish masalasida uning XVF aytganidek tez va ko’r-ko’rona amalga oshirishdan ko’ra, xususiylashtish jamiyatning boshqa ijtimoiy ehtiyojlariga mos holda, misol uchun ish o’rinlarini yo’qotmasdan amalga oshirilishi lozim(57 bet). Erkinlashtirish masalasida ham XVF amaliyotdagi haqiqatga emas, balki davlatning bozor munosabatlariga iloji boricha kam aralashishi lozim degan ideologik tamoyilga asoslanib harakat qilishi kabi johilona pozitsiyasi tanqid qilinadi. Chunki, muallfiga ko’ra, Adam Smitning bozor munosabatlarida bozorning o’z-o’zini boshqarib, muammolarni hal qilib keta oladigan ‘ko’rinmas qo’l’(invisible hand) nazariyasi noto’g’ri tarzda talqin qilingan(73 bet). Muallif ushbu nazariyaning informatsiyaning yetarli bo’lishi va bozorning rivojlangan bo’lishi paytidagina ishlay olishini ta’kidlab, bunday standardlarga javob bermaydigan rivojlanayotgan dunyo mamlakatlari uchun esa ko’rinmas qo’l nazariyasining to’liq tadbiqi xato ekanligini yozadi. Shuning uchun har bir mamlakat o’zining sharoiti, rivojlanganlik darajasi va boshqa holatlardan kelib chiqqan holda iqtisodiy siyosat yuritishi lozimligini aytadi.
To’rtinchi bo’lim esa XVFning yuritgan siyosoti qanday qilib Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarini inqiroz yoqasiga keltirganligiga bag’ishlanadi. Haddan ortiq ravishda kapital bozorning erkinlashtirilishi, XVF xodimlari ham tan olganlaridek, ushbu inqiroz sabablaridan biriga aylandi (90, 99 betlar). Bunda AQSHning Federal Rezerv(Markaziy Banki) roli ham mavjud, chunki aynan shu organ dunyo miqyosida kapital bozorning liberallshuvini olg’a surgan. Ammo, XVF doimo moliyaviy ko’rsatkichlarga e’tibor berdi va boshqa ijtimoiy masalalar, ishsizlikning kamayishi, oyliklar va hokazolarga jiddiy e’tibor bermadi. Muallif Janubiy Sharqiy Osiyoda 1997-1998 yillardagi inqirozda XVFning rolini ikki guruh mamlakatlar misolida ajoyib yoritib beradi. Birinchi guruh davlatlar, Xitoy, Koreya va Malayziya XVFning tavsiyalariga va qo’rqitishlariga jiddiy e’tibor bilan qarashmadi va kapital bozorni qattiq nazorat qilishdi. Ikkinchi guruhga mansub Indoneziya, Tailand esa XVFning maslahatlariga quloq solib valyuta ayirboshlash baholarini baland ko’tarishdi va XVFdan katta miqdorda qarz olib investorlarga pullarini to’lab berishdi. Bu esa mamlakatga katta ziyon yetkazdi, investorlar esa bundan yomon niyatlarida foyda ko’rish uchun unumli foydalanishdi. Natijada mahalliy kompaniyalar bankrotlikdan qo’rqib qarz ololmay qolishdi va iqtisodiy o’sish sekinlashdi. Bu esa xalqaro institutlarning rivojlangan dunyo uchun mos ammo rivojlanayotgan dunyo uchun mos bo`lmagan ideologiyaga yopishib olib, ularga qay darajada zarar bera olishini ko’rsatdi.
Beshinchi bo’lim Rossiyaning 1998-1999 yillarda boshidan o’tkazgan inqirozi va undagi XVFning roliga oid. Avvalambor, Stiglitz Rossiyaning markazlashgan iqtisodiyotdan bozor iqtisodiyotiga o’tishning shok terapiya usulining noto’g’ri ekanligini ta’kidlaydi va bosqichma-bosqich tarzda rivojlanish o’zini oqlaganini olg’a suradi. Stiglitzning yozishicha, XVF va shok terapiya tarafdorlari bozor iqtisodiyotiga o’tishning bir qancha muhim talablarini hisobga olmadilar: bular kuchli huquqiy boshqaruv institutlari va himoyalangan mulkdorlik huquqi edi.XVF esa Rossiyaning tezlik bilan bozor iqtisodiyotiga o’tishga undadi va Rossiyadagi korrupsiyaning kuchliligiga qaramasdan milliardlab dollar qarz berdi, ammo bu pullarning bir qism amaldor va oligarxlarning chet eldagi banklariga o’tib ketdi. XVF esa bila turib bunga ko’z yumdi. Natijada o’rta sinf qatlami bu qarzlarni o’z bo’yniga oldi.
Adolatsiz adolatli savdo qoidalariga bag’ishlangan oltinchi bo’lim AQSHning qanday qilib ikkiyuzlamachi savdo siyosatini yuritayotganligini fosh qiladi. Bir tomondan erkin savdo siyosatini va erkinlashtirishni Rossiyaga bot-bot ta’kidlagan AQSH hukumati 1994 yildan boshlab o’zining ichki investorlari manfaatini himoya qilish maqsadida Rossiya kabi mamlakatlar alyumin ishlab chiqarishda damping (yashirin subsidiya orqali mahsulot tannarxini tushirish) qilishmoqda deya da’vo qildi. Va AQSHda bu soha kartelga aylantirilib, chet eldan keladigan import alyuminlar uchun cheklovlar qo’yildi(173-176 betlar). Stiglitzga ko’ra, bunday ikkiyuzlamachi siyosat misolida AQSH bozor iqtisodiga o’tayotgan mamlakatlarga yomon misol bo’ldi.
‘Bozorga Iqtisodiyotiga o’tish uchun yaxshiroq yo’llar’ deb nomlanuvchi yettinchi bo’lim oldingi bo’limni qisman davom ettiradi. Muallif XVFning maslahatlariga qarama-qarshi ravishda xususiylashtirish, bozorni ochish va chet el investitsiyalarini mamlakatga kirishiga ruxsat berish bo’yicha bosqichma-bosqich yo’l tutgan Polsha va Xitoynig qay darajada yaxshi natija ko’rsatganligini ta’kidlaydi. Aksincha, 1990-yillarda Xitoydan rivojlanishda ancha oldinda bo’lgan Rossiyaning shok terapiya usulini tanlashi natijasida orqada qolib ketganligini ajoyib tarzda ko’rsatib beradi.
Sakkizinchi bo’limda muallif XVFni yanada chuqurroq tahlil qiladi. Muallifning yozishicha, XVFning asosiy funksiyasi dunyo iqtisodiyotining barqarorligini saqlashga qaratilgan, ammo, XVF tashlayotgan yechimlar va ko’rayotgan chora-tadbirlar uning ushbu asl maqsad uchun emas, balki, global moliyaviy guruhlar uchun ishlayotganligini ko’rsatadi. Muallif kitobning ba’zi nuqtalarida XVF va Jahon Bankidagi katta lavozimli shaxslarning xalqaro moliyaviy guruhlar bilan qay darajada yaqin aloqada ekanligini ta’kidlaydi. Shu sababli XVF tashlayotgan yechimlarda muammolar vujudga keladi va bunday qarorlar rivojlanayotgan dunyo mamlakatlari tomonidan juda ham nohush qarshi olinadi(209 bet). Chunki, XVF har gal katta miqdorda pul qarz berayotganida xususiy sektordagi investorlarning manfaatlari birinchilardan bo’lib qondirilishini qarzdor davlatlar oldiga katta shart qilib qo’yadi.
Bundan keyingi Kelajagimiz nima bo’ladi? Ohirgi bo’limdagi muallifning so’zlariga ko’ra, globalizatsiyaning o’zi muammo emas, balki, uning qanday qilib boshqarilishi muammodir (214 bet). Shu ma’noda, muallif bu bo’limda makro va mikro miqyosda amalga oshirlishi lozim bo’lgan islohotlar to’g’rida so’z yuritadi va aynan nimalar qilinishi lozimligini ko’rsatib beradi. Masalan, dunyoda tabiatga zararli chiqindilarni eng ko’p rivojlangan davlatlar chiqaradi, ammo uning ekologik ta’siri hammaga ta’sir qiladi. Bunday muammolarni boshqarish uchun esa professor Stiglitz Xalqaro Ommaviy Institutlarga ehtiyoj borligini takidlaydi (22-224 betlar). Kapital bozorning erkinlashtirish paytida chora tadbirlarning kuchaytirilishi, xavf(risk) menejmentning yaxshilanishi, banklarning yanada yaxshiroq nazorat qilish va boshqarish Stiglitz bergan yechimlardandir. Shu bilan birga XVF bilan cheklanmasdan muallif Jahon Banki va Butunjahon Savdo Tashkilotining yanada adolatli boshqarilishi yuzasidan ham o’z takliflarini bayon qiladi. Eng ohirida, Stiglitz, dunyodagi global muammolarning odamiylik (human-face) ruhida bartaraf etilishi lozimligini urg’ulashi iqtisodiyotning ruhi yo’q deganlarga katta zarba vazifasini o’taydi.
Baholash
‘Globalizatsiya va uning muammolari’ kitobi o’sha paytda(2002)dunyoning eng boy, kuchli va rivojlangan iqtisodi hisoblangan AQSH(hozrida ham)ning iqtisodiy siyosatini boshqarishda qatnashgan inson tomonidan yozilganligi sababli, o’quvchi boshqa kitoblarda topa olmaydigan ma’lumotlar va yangicha qarashlarni ushbu kitobda topa oladi. Garchi muallif keyingi yillarda chop etilgan nusxada o’zining bir qancha kamchiliklarini tan olib o’tgan bo’lsada, kitob globalizatsiya nomli bu ulkan jarayon ichida ko’plab insonlarning hayoti qanday qilib bir guruh moliyaviy guruhlar manfaati yo’lida fido qilanayotganligini ajoyib tarzda ochib bergan.
Shunisi ham qiziqki, XVFdagi boshqaruvning no-demokratiligi oqibatida Xitoy 2015 yil boshida o’zining yangi Osiyo Infrasturuktura Investitsiya Bankini (Asian Infrastructure Investment Bank) tashkil qildi. Garchi bu holat AQSH Kongresidagi Respublikachi qonunshunoslarning Obama mamuriyati taklifini rad etishi bilan izohlansada, Stiglitzning o’rtaga tashlagan fikrlarida ham qanchalik haqiqat yashiringanini korsatadi. Kitob nafaqat turli sohadagi akademiklar, talabalar, balki, moliyaviy sohada ishlayotgan xodimlar va ma’sul insonlar uchun juda ham foydali va yanada teran o’ylashga chaqiruvchi bir manba desak mubolag’a qilmagan bo’lamiz. Shu ma’noda kitobni o’qishni tavsiya qilamiz.