Kun.uz honliklar tarixiga oid qiziqarli ma’lumotni taqdim etdi.
O‘zbek tarixchiligida xaritashunoslik bilan bog‘liq muammolar yetarlicha. G‘arbning turli davlatlarida mamlakat tarixidagi deyarli har bir yil uchun xaritalar mavjud. O‘zbekistonda esa ko‘pincha bir xil, hammaga tanish bo‘lib ketgan xaritalardan foydalaniladi va tarixning katta qismi uchun maxsus xaritalar yo‘q. Masalan, xonliklar davriga oid.
Buxoro xonligi yoxud amirligi
XVI asrda Abulxayrxonning nevarasi bo‘lmish Shayboniyxon bir necha yillik kurashlar natijasida Movarounnahrda yangi o‘zbek davlatiga asos soladi. Bu saltanat dastlab Shayboniylar davlati deb ataladi.
1533 yil Shayboniylar saltanati taxtiga o‘tirgan Ubaydullaxon I mamlakat poytaxtini Samarqanddan Buxoroga ko‘chiradi. Buning sababi uning otasi Mahmudxon (Shayboniyxonning ukasi) Buxoro voliysi (hokimi) bo‘lgani edi. Shundan so‘ng bu davlat poytaxt shahar nomiga asoslanib Buxoro xonligi deb atala boshlanadi.
Shayboniyxon 1505 yil Xorazm, oradan ikki yil o‘tib Xurosonga yurish qiladi va Vazir, Ko‘hna Urganch, Hirot, Mashhad, Damg‘on, Astrobod kabi shaharlarni egallaydi. Biroq 1510 yil Shayboniyxonning fojiali o‘limidan so‘ng bu yerlar Safaviylar saltanati tasarrufiga o‘tib ketadi. 1512 yili shayboniy urug‘ining boshqa bir vakili Elbarsxon Xorazmda Samarqanddan mustaqil Xiva xonligiga asos soladi. Shayboniyxon avlodlari qo‘l ostida Movarounnahr va Sharqiy Turkiston yerlari qoladi.
Bir qancha vaqt ichki urushlar girdobida qolgan Buxoro xonligi Abdullaxon II davrida barqaror va kuchli davlatga aylanadi. Aynan Abdullaxon II hukmronligi davrida Buxoro xonligi o‘z qudrati cho‘qqisiga chiqadi. Abdullaxon II nafaqat ichki kurashlarga barham beradi, balki xonlik hududini kengaytirib, Xurosonning Mashhad, Nishopur va Sabzavor shaharlarini safaviylardan tortib oladi. Xiva xonligiga yurish qilib, uni Buxoro xonligiga qo‘shib oladi.
Sharqda esa Qoshg‘arni ham o‘z davlati tarkibiga kiritadi. Abdullaxon II davrida o‘zbek davlatchiligi so‘nggi bor ulkan sarhadlarga ega bo‘ladi. Hatto Sibir xonligi ham Abdullaxonga siyosiy qaram bo‘lib qoladi. Abdullaxon Amir Temurdan so‘ng Turon zaminida ikkinchi eng yirik o‘zbek davlatni barpo qilgandi.
1598 yilda Abdullaxon II vafot etgach, u qurgan ulkan davlat ham zavolga yuz tutadi. Xorazm mustaqillikka erishadi, safaviylar Xurosonni egallaydi. Qozoq xoni Tavakkalxon Buxoroga bostirib kirib, Toshkent, Jizzax, Xo‘jand va Samarqandni bosib oladi. Uning Buxoroga hujumi muvaffaqiyatsiz tugaydi va qozoqlar ortiga haydab yuboriladi. Shunday bo‘lsa-da Toshkent, Turkiston va Taroz shaharlari Qozoq xonligi tarkibiga o‘tib ketadi. 1601 yil, Abdullaxon II vafotidan uch yil o‘tib, mamlakatda Shayboniylar sulolasi hukmronligi ham barham topadi va Buxoro taxtiga Ashtarxoniylar (yoxud Joniy) sulolasi keladi.
Ashtarxoniylardan Imomqulixon Buxoro hududini ancha kengaytiradi. Jumladan, Toshkent va Taroz shahri xonlik ixtiyoriga qaytarib olinadi. Imomqulixondan so‘ng taxtga kelgan Nodir Muhammad va Abdulazizxon davrida saltanat chegaralari katta o‘zgarishga uchramaydi. Faqatgina 1680 yilda, jung‘orlar hujumidan so‘ng halokatga yuz tutgan Qoshg‘ar xonligining ba’zi hududlari Buxoro xonligi tomonidan egallab olinadi.
Abdulazizxondan so‘ng taxtga kelgan Subhonqulixon davrida chegaralardagi eng katta o‘zgarish Xiva xonligining yana Buxoro xonligiga qo‘shib olinishi bo‘ladi. Biroq bu uzoq davom etmaydi. Subhonqulixondan so‘ng Buxoro taxtiga o‘tirgan Ubaydullaxon II mustaqillikka intilayotgan viloyatlar bilan to‘xtovsiz kurash olib boradi. Bir tomondan Balx hokimi Mahmud qatag‘on, boshqa tomondan Farg‘onadagi ming sulolasiga qarshi kurashgan Ubaydullaxon 1711 yil fitna qurboniga aylanadi. Uning o‘limidan so‘ng Balx va Farg‘ona vodiysi Buxoro xonligi tarkibidan chiqib ketadi.
1740 yili Buxoro va Xivaga Eron shohi Nodirshoh bostirib kiradi va har ikki xonlikni o‘ziga bo‘ysundiradi. Eronga qaramlik 1747 yilga qadar davom etadi. Shu yili Nodirshoh o‘ldirilganidan so‘ng Buxoroda katta mavqega erishgan o‘zbeklarning mang‘it qabilasi yetakchisi Muhammad Rahimbiy ashtarxoniy hukmdor Abulfayzxonni o‘ldiradi. Muhammad Rahimbiy taxtga ashtarxoniylar vakillari bo‘lgan qo‘g‘irchoq hukmdorlarni o‘tqaza boshlaydi. Nihoyat 1756 yili Muhammad Rahimbiy Buxoroni to‘liq o‘z boshqaruviga oladi, biroq an’anaga ko‘ra faqatgina chingiz naslidan bo‘lgan insonlargina xon rutbasini olishi mumkinligi bois Muhammad Rahimbiy o‘zini xon emas «Amir ul-mo‘miniyn» deb e’lon qiladi.
Shu tariqa, Buxoro xonligi Buxoro amirligiga aylanadi. Mang‘itlardan amir Shohmurod nafaqat o‘z adolatparvarligi, balki harbiy muvaffaqiyatlari bilan ham alohida ajralib turadi. Amir Shohmurod 1788 yili Buxoro tarkibidan chiqib ketgan Afg‘oniston shimolidagi yerlarni amirlikka qaytaradi, Marv ham yana Buxoro mulkiga aylanadi. Afg‘oniston shimolidagi yerlar (Chor viloyat: Andxo‘y, Shibirg‘on, Saripul va Aqcha) 1845 yilga qadar Buxoro amirligi tasarrufida qoladi.
Shohmuroddan keyin taxtga kelgan amir Haydar va Nasrullo asosan ichki nizolarni bartaraf qilish bilan shug‘ullanadi. Nasrullo 1842 yil Qo‘qon xonligini Buxoroga bo‘ysundirishga erishadi, ammo shu yilning o‘zidayoq Qo‘qon mustaqillikni qaytarib oladi. Amirning Qo‘qonga ikkinchi yurishi Xiva xonining Buxoroga hujumi sabab bekor qilinadi. Aynan Nasrullo davrida Afg‘on Turkistoni yoxud chor viloyat butunlay Afg‘oniston ixtiyoriga o‘tib ketadi.
1868 yil Rus imperiyasi qo‘shinlari Buxoroga bostirib kiradi. Buxoro amiri Muzaffar xonlik mudofaasini uyushtira olmaydi va Buxoro Rossiya protektorati (vassal) bo‘lib qoladi. 1873 yil 28 sentabr kuni amir Muzaffar Turkiston general-gubernatori fon Kuafmanning «do‘stlik» haqidagi shartnomasiga qo‘l qo‘yadi. Shartnomaga ko‘ra, Buxoro amirligining Samarqand, Urgut, Jizzax, Panjikent va Kattaqo‘rg‘on bekliklari Rossiya tarkibiga o‘tadi.
Buxoro amirligi tashqi siyosatda Rossiyaga qaram bo‘lsa-da, ichki siyosatda birmuncha mustaqillikka ega bo‘ladi. 1917 yil Rossiyadagi fevral inqilobidan so‘ng Buxoroda ham amir hokimiyatiga qarshi harakatlar boshlanadi. Ammo amir Olimxon qulay fursatdan foydalanib davlatni mustahkamlash borasida yetarli ishlarni amalga oshirmaydi va 1920 yil 30 avgust kuni bolsheviklar hujumidan so‘ng Buxorodan qochib ketadi. Bolsheviklar ta’siri ostida Buxoro Xalq sovet respublikasi tuziladi. Bu davlat 1924 yil 27 oktyabrda tugatiladi va uning hududi O‘zbekiston SSR va Tojikiston ASSR tarkibiga kiritiladi. Shu bilan to‘rt yuz yilga yaqin hukm surgan Buxoro davlati xotima topadi.
Xiva xonligi
Xiva xonligiga 1512 yil shayboniy Elbarsxon tomonidan asos solinadi. Xiva xonligi paydo bo‘lganidan toki Rossiya imperiyasi vassaliga aylanguniga qadar Orolbo‘yi, Mang‘ishloq, Saraxs, Dehiston va Darun hududlarini asosan o‘z nazoratida ushlab turadi. Turkman qabilalari ham goh xonlik tarkibida, goh undan mustaqil bo‘lib yashaydi.
Xiva xonligi juda ko‘p vaqt ichki urushlar girdobida qoladi. Bu Xiva xonligida markaziy hukumatning kuchli bo‘lmagani bilan izohlanadi.
Xiva xonligi markazlashgan hokimiyat va eng katta chegaralarga o‘zbeklarning qo‘ng‘irot urug‘idan chiqqan (qo‘ng‘irot urug‘i Xiva taxtini 1770 yil qo‘lga kiritgan edi) Muhammad Rahimxon I davrida erishadi. Muhammad Rahimxon Xivaga doimiy bo‘ysunuvchi hududlardan tashqari Sirdaryoning quyilish qismi va qoraqalpoqlarning Qo‘ng‘irot hududlarini bo‘ysundiradi. Shuningdek, Rahimxon 1820 yil Marvni Buxorodan tortib olishga muvaffaq bo‘ladi.
Muhammad Rahimxondan so‘ng ham xonlik hududlari sezilarli darajada kichrayadi. Ichki kurashlar va isyonchi turkman qabilalari bilan doimiy urushlar xonlikning sillasini quritadi va Xiva ham 1873 yil Buxoro kabi Rossiya protektoratiga aylanadi. Xiva xonligi va Rossiya o‘rtasida imzolangan Gandimiyon shartnomasiga ko‘ra Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘idagi yerlar Rus imperiyasi ixtiyoriga o‘tadi. 1880-1885 yillarda olib borilgan yurish natijasida turkman qabilalari ham Rossiya tarkibiga o‘tgach, Xiva tasarrufida faqatgina Amudaryoning chap qirg‘og‘idagi yerlar qoladi.
Xiva xonligi ham Buxoro kabi 1920 yilda Xiva Xalq sovet respublikasiga aylantiriladi va 1924 yilda uning yerlari Qoraqalpog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekiston SSR tarkibiga qo‘shib yuboriladi.
Qo‘qon xonligi
Qo‘qon xonligi XVIII asrda Farg‘ona vodiysida tashkil topadi. Yangi mustaqil davlatni dastlab Chodak xo‘jalari boshqara boshlaydi, biroq 1709 yili o‘zbeklarning ming qabilasidan bo‘lgan Shohruxbiy xo‘jalar hokimiyatiga chek qo‘yadi. Xonlikning birinchi poytaxti etib Tepaqo‘rg‘on shahri tanlanadi. Shohruxbiyning o‘g‘li Abdurahimbiy poytaxtni Qo‘qonga ko‘chiradi.
Qo‘qon xonligi tarkibiga Farg‘ona vodiysidan tashqari, Sharqiy Turkistonning ba’zi qismlari ham kiradi.
Qo‘qon xonligi hududi Olimxon davridan tez kengaya boshlaydi. Olimxon Toshkent, Sayram va Xo‘jand shaharlarini xonlik tarkibiga qo‘shib oladi. Uning ukasi Umarxon esa bir necha yuz yillardan beri Buxoro hukmdorlari qo‘l ostida bo‘lgan Turkiston shahrini Qo‘qon xonligiga bo‘ysundiradi. Shuningdek, Umarxon Sirdaryo bo‘yi yerlarini Buxorodan tortib olishga muvaffaq bo‘ladi.
Qo‘qon xonligi Umarxonning o‘g‘li Muhammad Alixon (Madalixon) davrida eng katta sarhadlarga ega bo‘ladi. Madalixon hozirgi Shimoliy Qirg‘iziston, Janubiy Qozog‘iston yerlarini, O‘ratepa, Qorategin, Darboz, Ko‘lob bekliklarini o‘ziga bo‘ysundiradi. Shuningdek bir necha bor Qoshg‘arga ham yurish uyushtiradi.
Biroq Madalixon hukmronligining so‘nggi yillari omadsiz kechadi. Madalixon boshqaruvidan norozi bo‘lgan bir guruh bek va dindorlar Buxoro amiri Nasrullodan Madalixonni taxtdan yiqitishni so‘raydi. Natijada 1842 yil Qo‘qon devorlari ostida paydo bo‘lgan Buxoro qo‘shini shaharni egallaydi va talon-toroj qiladi. Madalixon va onasi Nodirabegim qatl etiladi, Qo‘qon xonligi yerlari esa Buxoro amirligiga qo‘shib olinadi.
Shu yiliyoq Buxorodan mustaqillikka erishilgan bo‘lsa ham Qo‘qon xonligining keyingi tarixi turli guruhlarning o‘zaro kurashlaridan iborat bo‘ladi va xonlik qayta markazlashgan kuchli davlatga aylana olmaydi. Bu esa xonlikning Rossiya imperiyasi uchun tayyor o‘ljaga aylanishiga olib keladi. Qattiq qarshilikka qaramay, Xo‘jand egallanishi bilan Buxorodan uzilib qolgan Xudoyorxon 1868 yil Qo‘qonni Rossiyaga qaram davlatga aylantiruvchi sulhni imzolashga majbur bo‘ladi. Ammo Buxoro va Xiva bilan urush yakunlangach hamda Qo‘qonda rus hukmronligiga qarshi harakat boshlangach, ruslar xonlikni butkul tugatishga qaror qiladi. 1876 yili Qo‘qon xonligi davlat sifatida butunlay tugatiladi.
Keyinchalik sobiq Qo‘qon xonligi hududlari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston SSR hamda Tojikiston ASSR tarkibiga kiritiladi. Shuningdek, xonlik yerlarining bir qismi Xitoy ixtiyoriga o‘tib ketadi.
Muhammadqodir Sobirov