09/11/2020 sanasida Sof.uz saytida e’lon qilingan maqola
Mustaqillikka erishgandan shu kungacha yurtimizning yadroviy, biologik va kimyoviy qurollardan xalos bo‘lish va eng yuqori darajadagi xalqaro huquqiy amaliyotga amal qilishga oid harakatlari tahsinga sazovordir. Biroq so‘nggi 3 yilda O‘zbekistonning yadroviy qurollarni taqiqlash borasida tanlagan yo‘lida qiziq holat yuzaga kelgan. Chunki O‘zbekiston 1992 yil 7 mayida Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi Shartnomaga (NPT) qo‘shilgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi mintaqa davlatlari bilan birlashib, 2006 yilda Markaziy Osiyoni yadroviy qurollardan holi mintaqa deb e’lon qilgan edi. Natijada, Markaziy Osiyoda yadro qurolidan holi zonani barpo etish to‘g‘risidagi Shartnoma (CANWFZ) mintaqa davlatlari tomonidan 2006 yilning 8 sentyabrida Semipalatinsk shahrida imzolandi. Va ushbu shartnomaga mintaqaning barcha davlatlari a’zo bo‘lib kirishdi.
Shunisi qiziqki, Markaziy Osiyoda bunday tashabbus bilan chiqish orqali o‘zini ko‘rsatgan O‘zbekiston hali hamon 2017 yilda BMTda qabul qilingan Yadroviy qurollarini taqiqlashga oid shartnomaga qo‘shilmay kelmoqda. Eng qizig‘i shundaki, 2006 yildagi Semipalatinsk bitimi a’zolaridan bo‘lgan Qozog‘iston ushbu bitimni allaqachon ratifikatsiya qilgan. Semipalatinsk bitimining boshqa a’zolari esa 2017 yilgi shartnomaga qo‘shilganlaricha yo‘q. Biroq kuni kecha ushbu shartnomaning kuchga kirishi uchun kerakli 50 ta davlat ovozi yig‘ildi. Natijada yadroviy qurollarni taqiqlash shartnomasi keyingi yil yanvar oyidan kuchga kiradi. Lekin uni ratifikatsiya qilgan davlatlar orasida O‘zbekiston hali ham ko‘rinmayapti.
O‘zbekiston Respublikasi yadroviy qurollarni nafaqat tarqatmaslik, balki butun dunyoda uni taqiqlash bo‘yicha 2017 yilgi shartnomaga qo‘shilib, yana bir qadam oldinga yuradimi yoki yo‘qmi?
Bu yerda NPT bilan TPNW’ni o‘zaro farqlash lozim. Agar birinchi shartnomaga a’zo davlatlar orasidagi yadro quroliga ega bo‘lmaganlar bundan keyin ham unga ega bo‘lmaslikka, yadroviy qurolga ega davlatlar esa o‘z navbatida tinchlik yo‘lida yadroviy texnologiyani bo‘lishish mas’uliyatini yelkasiga olsalar, 2017 yildagi shartnomaga ko‘ra esa yadro qurolini ishlab chiqarmaslik, tadqiqot o‘tkazmaslik va uni yig‘maslik kabi yanada qat’iy qurolsizlanishga oid qoidalarni o‘rnatadi.
Rossiya Federatsiyasi kabi yadroviy davlat bilan strategik aloqadaligimiz va 2005 yil 14 noyabrda tuzilgan ikki tomonlama shartnomaning 2-moddasiga ko‘ra, agar tashqi hujum yuz bersa, Rossiyaning yordamiga tayanishimiz mumkinligini balki TPNW’ga qo‘shilmaslikning sabablaridan biri sifatida keltirish mumkindir. Chunki agar vaziyat shuni talab etsa, Rossiya davlati bizni- ya’ni o‘zining hamkorini himoyalash uchun yadroviy quroldan foydalanishni istisno etib bo‘lmaydi. Chunki aynan shunday vaziyat Yaponiya holatida ham mavjud bo‘lib, dunyoda yadroviy quroldan Nagasaki va Hiroshima shaharlaridan katta zararlar ko‘rgan ushbu davlat hali-hamon TPNW’ni imzolagani yo‘q. Chunki, qo‘shni XXR va Shimoliy Koreyadan keladigan xafvni hisobga olgan holda yaponlar 1952 yilda AQSh bilan imzolangan Xavfsizlik bitimiga to‘liq amal qilishni afzal ko‘rishmoqda. Shunday ekan, Markaziy Osiyo atrofida BMT Xavfsizlik Kengashiga kirgan XXRdan farqli, biroz o‘zboshimcha Hindiston va Pokiston kabi yadroviy davlatlarning borligini ham inobatga olsak, balki O‘zbekiston xalqi manfaati uchun TPNW’ga hozircha kirmaslikni pragmatik o‘ylangan sovuqqon qaror deyish ham mumkin.
Biroq Markaziy Osiyoda yadro qurolidan holi zonani barpo etish to‘g‘risidagi Semipalatinsk shartnomasiga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari bir qancha majburiyatlar qatorida, o‘z hududlarida yadro quroli yoki boshqa yadroviy portlash uskunasining, uning kimga tegishliligidan qat’i nazar, ishlab chiqarilishi, qo‘lga kiritilishi, joylashtirilishi, saqlanishi yoki qo‘llanilishiga yo‘l qo‘ymaslikni ham o‘z zimmalariga olganlar. Ammo Tashqi Ishlar vazirligimizdan bu haqida aniq izoh haligacha keltirilmagan. Shunday bo‘lsa-da, mutlaq g‘olib aniqlanmaydigan yadroviy urushning ehtimolini hisobga olgandan ko‘ra qo‘shni Qozog‘iston kabi TPNW’ni ratifikatsiya qilish Markaziy Osiyo davlatlarining xavfsizligi uchun foydadan holi emas. Boshqacha so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonning “bir mamlakatning xavfsizligi boshqa davlat hisobidan ta’minlanishi mumkin emas” degan qarashi hali ham o‘zgarmagan bo‘lsa, unda Yadroviy qurollarni taqiqlash shartnomasiga qo‘shilishi mantiqan maqsadga muvofiq hisoblanadi.