Rasm manbasi: The Institute of New Europe
O’tib ketgan bo’lsada, ushbu muhim masalani tahlilsiz qoldirmasak.
Pekin qishki olimpiadasiga munosabat
Joriy 2022 yilning 4 Fevralidan to 13 Mart sanasigacha kunlari Xitoyning Pekin shahrida qishki Olimpiya va Paralimpiya o’yinlari bo’lib o’tdi. Ammo o’tgan 2021 yilning 6 dekabrida Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki Bayden administratsiyasi Pekin-2022 o’yinlariga hech qanday diplomatik yoxud rasmiy vakil yuborilmasligini ma’lum qildi.[1] Bu orqali AQSH tomonidan Pekin-2022 o’yinlariga diplomatik boykot e’lon qilindi. Tez orada Britaniya, Kanada, Avstraliya singari bir qator mamlakatlar ham ushbu boykotga qo’shildi.[2] YevroParlament esa 2021 yilning sentyabridayoq YevroIttifoq va A’zo Davlatlar liderlarini Pekin-2022 o’yinlariga tashrif buyurishga oid takliflarni rad etishga chaqirgan edi.[3] Bunga qarshi esa, Xitoy davlati Pekin-2022 Olimpiya o’yinlarini ‘siyosatlashtirmaslikka’ chaqirib chiqdi.[4]
Diplomatik boykot o’zi qanday ma’noni anglatadi? Olimpiya o’yinlarini kuzatish uchun odatda hukumatlarning obro’li rasmiylari mezbon davlatga tashrif buyurishadi. Diplomatik boykot e’lon qilgan mamlakatlarning sportchilari o’yinlarda bellashsalarda, rasmiy shaxslar mezbon mamlakatga bormaydi. Bu esa mezbon mamlakat, ayni holatda Xitoyga nisbatan norozilik kayfiyatini bildiruvchi ramziy ma’noga ega.
Nega kollektiv G’arb tomonidan Pekin olimpiadasi boykot qilindi?
Bunga asosiy sabab qilib AQSh Xitoyning Shinjon va boshqa viloyatlarida uyg’urlar va boshqa turkiy musulmonlarga nisbatan amalga oshirilayotgan genotsid va inson huquqlarining buzilayotganligini ko’rsatmoqda. Ushbu masalaga bir qator rivojlangan mamlakatlar bilan bir qatorda Amnesty International, Human Rights Watch singari inson huquqlari guruhlari ham bir necha yillardan buyon urg’u berib kelmoqda. Ular Xitoyni “insoniyatga qarshi jinoyatlar” va genotsid uyushtirganlikda ayblamoqdalar. BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Mishel Bacheletning Xitoyga tashrifi endi yuz berish arafasida bo’lib[5], hali BMT tomonidan bu masala yuzasidan rasmiy hisobot e’lon qilinganicha yo’q. Human Rights Watch tomonidan tayyorlangan hisobotga ko’ra, Xitoy hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan jinoyatlar ommaviy kuzatuv, asossiz hibsga olish va qamoqqa olish, qiynoqlar va boshqa tarzda shafqatsiz munosabatda bo’lish va ta’qiblar kabi ko’plab inson huquqlarining og’ir buzilishlarini o’z ichiga oladi.[6]
Xalqaro huquq nuqtai nazaridan bunday jinoyatlar o’ta og’ir jinoyatlar hisoblanadi. Bu jinoyatlar Genotsid jinoyatini oldini olish va jazolash to’g’risidagi Konvensiya (1948), Qiynoqlarga solishga va muomalada bo‘lish va jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni tahqirlovchi turlariga qarshi Konvensiya (1984), Siyosiy va fuqarolik huquqlar to’g’risidagi Xalqaro Pakt (1966), Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy to’g’risidagi Xalqaro Pakt (1966) kabi bir qator shartnomalarning buzilishidir. Yuqorida sanab o’tilgan xalqaro shartnomalarning barchasiga Xitoy a’zo va ular Xitoy uchun majburiy hisoblanadi.
Xo’sh, Markaziy Osiyo davlatlarichi?
Avvalo, uyg’urlarga bo’layotgan inson huquqlari poymoli masalasida Markaziy Osiyo davlatlari shu paytgacha ikki tomonlama munosabatlarda va xalqaro miqyosda quyidagicha pozitsiya tanladilar. 2019 yilning 12 iyulida 50 ta davlat vakillari, jumladan O’zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston Inson Huquqlari bo’yicha Kengash Prezidentiga maktub yo’lladilar. [7] Maktubda Shinjon viloyatida barcha etnik guruhlarning fundamental inson huquqlari ta’minlanganligi himoya qilinayotganligi va so’nggi uch yilda aholi yanada baxtli, to’laqonli va xavfsiz hayot kechirayotganligi ta’kidlangan.
Pekin-2022 ni diplomatik boykot qilish harakatiga esa Markaziy Osiyo davlatlari qo’shilmadi. Jumladan, Pekin-2022 o’yinlarida atigi 1 nafar O’zbekistonlik sportchi qatnashganligiga qaramay, Prezident Mirziyoyev ochilish marosimida shaxsan ishtirok etdi.[8] Bundan sal avvalroq, Markaziy Osiyoning besh davlati va Xitoy prezidenti o’rtasida onlayn muloqot o’tkazilib, taraflar bir ovozdan Pekin-2022 ni qo’llab quvvatlashga va uni boykot qilmaslikka kelishib olgan edilar. Muloqot yakunida umumiy bayonot qabul qilinib, unda quyidagilar aytilgandi:
Biz tashqi kuchlarning Markaziy Osiyoda rangli inqiloblarni qo’zg’atishga urinishlariga, inson huquqlari bahonasida boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashishga qat’iy qarshimiz.
Biz terroristik, ekstremistik va separatistik kuchlarga qarshi kurashni davom ettirishimiz, chegaralarni boshqarish va nazorat qilish, internetdan terroristlar tomonidan foydalanishga qarshi kurashish va qo’shma operatsiya kabi sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirishimiz, mintaqaviy xavfsizlik tarmog’ini mustahkamlash yo’lida birgalikda harakat qilishimiz kerak.[9]
Markaziy Osiyo davlatlarining Xitoyni boykot qilmasligiga va uyg’urlarga qilinayotgan inson huquqlarining poymol etilishiga ko’z yumishi ortida iqtisodiy, siyosiy va boshqa sabablar yotadi. Avvalo, iqtisodiy jihatdan, 2022 yilning 25 yanvarida Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlarining ortasida tuzilgan Qo’shma Bayonotida e’lon qilinganidek, Xitoy-Markaziy Osiyo iqtisodiy va savdo aloqalarini kuchaytirish (2030 yilgacha 70 mlrd $ ga yetkazish), transport koridorlarini rivojlantirish, pandemiyaga qarshi kurash (Xitoy 50 mln doza vaksina yetkazib beradi) va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirishga urg’u berilgan. O’zbekistonning Xitoyga qarshi boykotga qo’shilmasligining iqtisodiy sabablari bir ham bu – Xitoy O’zbekistonning eng yirik iqtisodiy sheriklaridan biri hisoblanadi. Strategik rivojlanish agentligi bosh direktori o‘rinbosari Aleksey Simga ko’ra, Xitoy O’zbekistonga eng ko’p investitsiya kiritgan davlat (2.2 mlrd $) hamda 2-o’rindagi eng katta tashqi savdo sherigidir.[10]
Siyosiy faktorlar jihatidan esa, 2022 yil 4 fevral kuni Rossiya va Xitoy o’rtasida ham Qo’shma Bayonot e’lon qilinib, Rossiya Pekin-2022 o’yinlarining Xitoy mezbonligida o’tkazilishini qo’llab quvvatlashini bildirdi.[11] Tashqi siyosatda esa O’zbekiston pozitsiyasi va Rossiya pozitsiyasi o’zaro aloqadorligini biz Tolibon hukumatini tan olish masalasida ham ko’rib o’tgan edik.[12]
Shu yerda muhim savol yuzaga chiqadi: O’zbekistonning Xitoy bilan tuzilgan ikki yoinki ko’p tomonlama shartnomalari uyg’urlar masalasida O’zbekistonga qanday majburiyatlar yuklaydi?
- Avvalo, huquqiy jihatdan O‘zbekiston va Xitoy o’rtasida 2014 yilning 19 avgustida Do’stlik va hamkorlik to’g’risida shartnoma imzolangan.[13] Ushbu shartnomaga ko’ra, tomonlar tub manfaatlariga taalluqli masalalar bo‘yicha bir-birlarining pozitsiyalarini qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashadilar. Shuningdek, tomonlar yirik xalqaro tadbirlar borasida hamkorlikni rag‘batlantiradilar. Ya’ni ushbu shartnomani umumiy ma’noda talqin qiladigan bo’lsak, O’zbekiston va Xitoyda o’zaro hamkorlik majburiyatlari mavjud.
- Ikkinchidan, O’zbekiston va Xitoy Shanxay Hamkorlik Tashkiloti a’zolari hisoblanadilar. ShHT Xartiyasining 1-moddasiga asosan terrorizm, separatizm va ekstremizmning barcha ko’rinishlariga qarshi birgalikda kurashish ShHTning asosiy maqsad va vazifalaridan biri hisoblanadi. Xitoy esa uyg’urlar siyosatini aynan terrorizmga qarshi kurash nomi ostida olib bormoqda. Jumladan, 2014-yil may oyida Xitoy hukumati Shinjon viloyatida uyg‘urlar va boshqa turkiy musulmonlarga qarshi “Zo’ravon terrorizmga qarshi qattiq zarba” kampaniyasini boshlagan.[14] Bundan tashqari, Bosh Vazir Abdulla Aripov 2019 avgust oyidagi Xitoyga tashrifi davomida Oʻzbekiston Xitoyni o’z suvereniteti, xavfsizligi va birligini himoya qilishda qatʼiy qo’llab-quvvatlashi va Xitoy bilan terrorizm, separatizm va ekstremizm kabi “uch yovuz kuch”ga qarshi faol kurashishda davom etishini bildirgan.[15]
Shuni ham ta’kidlab o’tish kerakki, yuqoridagi har ikki shartnomada taraflar Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining maqsad va prinsiplariga hamda xalqaro huquqning boshqa umume’tirof etilgan normalariga sodiq ekanliklarini tasdiqlaganlar. Shunday bo’lsa ham, Inson Huquqlari bo’yicha Kengashga yo’llangan maktubning O’zbekiston tomonidan imzolanganligi va Bosh Vazir Aripovning so’zlari O’zbekiston hukumati Xitoyni uyg’urlarga qarshi siyosatini qo’llab-quvvatlashini ko’rsatmoqda.
Pekin-2022 o’yinlarini boykot qilishga qo’shilmaslik to’g’rimi?
Ammo, Pekin-2022 masalasida ham xalqaro hamjamiyatning yakdil emasligi yaqqol ko’zga tashlanadi. Masalan, BMT Bosh Kotibi Antoniu Guterrish video murojaat yo’llab, Olimpiya ruhi har qachongidan ham ko’proq zarurligini aytdi.[16] Xalqaro Olimpiya Qo’mitasi esa siyosiy organlar tomonidan qabul qilingan siyosiy qarorlarni hurmat qilishini bayon etdi.[17] Uyg’urlar siyosati yuzasidan Xitoyni tanqid qilib kelgan Fransiya ham boykotga qo’shilmadi.[18] Shu sababli ham, bu masalada Markaziy Osiyo davlatlarini qora ko’rsatib ayblash noo’rin.
Xulosa o’rnida
AQSh va g’arb mamlakatlari va ularning brendlari qo’llayotgan sanksiyalar tufayli, Shinjion viloyatida yetishtirilayotgan paxta sotib olinmayapti, zavodlar esa ko’chib ketmoqda. Buning ta’siri natijasida Xitoy Kommunistik partiyasi tutgan zolim yo’lining o’zanini o’zgartiradimi, hali hech kim bilmaydi.
Ammo eng kamida, uyg’urlar masalasida XXR siyosatini ochiqdan ochiq qo’llab-quvvatlash traektoriyasidan voz kechishimiz darkor.
[1] https://www.whitehouse.gov/briefing-room/press-briefings/2021/12/06/press-briefing-by-press-secretary-jen-psaki-december-6-2021/
[2] https://www.nytimes.com/article/diplomatic-boycott-olympics.html
[3] https://www.europarl.europa.eu/doceo/document/TA-9-2021-0382_EN.html
[4] https://www.asahi.com/ajw/articles/14391357
[5] https://www.ohchr.org/en/speeches/2022/03/global-update-bachelet-urges-inclusion-combat-sharply-escalating-misery-and-fear
[6] https://www.hrw.org/report/2021/04/19/break-their-lineage-break-their-roots/chinas-crimes-against-humanity-targeting
[7] https://digitallibrary.un.org/record/3853509?ln=en
[8] https://president.uz/oz/lists/view/4962
[9] https://www.fmprc.gov.cn/mfa_eng/zxxx_662805/202201/t20220125_10633542.html
[10] https://daryo.uz/2022/03/11/xitoy-birinchi-rossiya-ikkinchi-ozbekistonga-eng-kop-investitsiya-kiritayotgan-davlatlar-elon-qilindi/
[11] http://en.kremlin.ru/supplement/5770
[12] https://umirdinov.com/afgon-uchuvchilari-olib-qochgan-harbiy-uchoqlarni-ozbekiston-tolibonlarga-qaytarishi-shartmi-2022-03-11%EF%BF%BC/
[13] https://lex.uz/uz/docs/-2510793
[14] https://www.hrw.org/node/378448/printable/print
[15] http://english.www.gov.cn/news/topnews/201908/28/content_WS5d6689cac6d0c6695ff7f6f2.html
[16] https://news.un.org/en/story/2022/02/1111282
[17] https://www.theguardian.com/sport/2021/dec/07/ioc-says-it-respects-us-boycott-of-beijing-winter-olympics