Sardoba to’g’oni suvining Qozog’istonga oqib kirishi qanday xalqaro huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin?

foto kun.uz

BIR SAHIFALIK JAVOB LOYIHASI 4-SON

BIR SAHIFALIK JAVOB” loyihasining 1-son 2-son va 3-sonlarini ham o’qishingiz mumkin!

2020 yil 1 may kuni ertalab Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida to‘g‘on o‘pirilishi sodir bo‘ldi. Suv toshqini natijasida Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi aholi punktlari va ekinlarga zarar yetdi. Uchta tumandagi 22 ta qishloqdan 60 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilindi. Shu bilan birga, O‘zbekiston bilan chegarada joylashgan Qozog’iston Respublikasi Turkiston viloyati Maktaaral tumanining 5 qishlog‘ida 845 ta uy hamda 7639 gektar paxta maydonlari suv ostida qolgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, Qozog‘iston tomoni zarar miqdorini qariyb 1 million dollarga baholagan. Ushbu imkoniyatdan foydalanib, men ham halok bo’lgan insonlar oilasiga o’z ta’ziyamni va hamdardligimni bildirib o’taman.

 Quvonarlisi shundaki, mamlakat ichida va tashqarisida katta xayriya kampaniyalari tashkil etilib, O’zbekistonliklar katta jipslikni namoyish qilishdi. Boshqa tarafdan esa Prezident Mirziyoyev 2 may kuniyoq Qozog‘iston Prezidenti To‘qayev bilan telefon orqali bu masalani o‘zaro tushunish va ochiqlik ruhida atroflicha muhokama qildi. Yana ham muhimrog’i, Prezident Mirziyoyevning kutilmagan texnogen ofat nafaqat O’zbekiston xalqiga, balki qo‘shni qozoq xalqiga ham ortiqcha tashvish va ziyon yetkazganidan juda ham xijolatda ekanligini ochiq tan olishi va qo’shni qozog‘istonliklar bilan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda kerakli yordam berishga ham tayyor ekanligini aytishi masalaning diplomatik yo’llar bilan yechilayotganligini ko’rsatib berdi. Shuningdek, ikki tomon o‘rtasidagi barcha aloqalar “Abadiy do‘stlik va strategik sheriklik to‘g‘risida”gi shartnoma va “Transchegaraviy suv oqimlari va xalqaro ko‘llarni muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi 1992 yilgi konvensiya qoidalariga to‘la mos ravishda amalga oshirilishi ta’kidlangan.

Shu bilan birga, ushbu jarayonlar davomida Qozog‘iston hukumati vakili xalqaro kelishuvlar normalariga muvofiq, transchegaraviy daryolarda gidrotexnika inshootlarini qurish oldidan qo‘shni mamlakat loyihadan boxabar qilinishi va u bilan kelishilishi kerakligini, lekin O’zbekiston tomonidan u haqda cheklangan, to‘liq bo‘lmagan axborot olinganligini, bundan keyin Sirdaryo daryosi havzasidagi transchegaraviy suvlarda bunyod etiladigan barcha obyektlarning to‘liq ro‘yxati Qozog’istonga taqdim etilishini so’ragan. Bundan tashqari, hukumat vakili O’zbekistondagi to’g’on o’pirilishi oqibatida Qozog’istonliklarga yetkazilgan zararni qoplashni ham talab qilishini aytib o’tgan. Voqealar rivojida ko’rish mumkinki, masala ikki tomonlama diplomatik muloqot orqali hal etiladigan ko’rinadi. Shunday bo’lsa-da, xalqaro huquqiy mezonlar nuqtai nazaridan, Qozog’istonlik yuqori maqomdagi mulozim ta’kidlagan talablar qay darajada o’rinli? O’zbekiston suv ombori qurishda qo’shni davlatning roziligini olishi kerak edimi? Shunday bo’lsa, O’zbekistoning harakatlari xalqaro tabiat (ekologiya) huquqining qaysi prinsiplariga zid kelishi mumkin?

      Birinchidan, davlatlar odatda xalqaro huquq bo’yicha biror bir xalqaro bitim doirasida cheklovga uchramagan taqdirda (majburiyat olmagan bo’lsa), o’z hududidan qanday maqsadlarda, shuningdek, qanday qilib foydalanishni erkin tarzda belgilay oladi.  Biroq aynan o’sha erkinlik cheksiz xarakterga ega bo’lmay, o’zga davlatlar huquqlariga zarar yetkazmaslikni ta’minlash sharti mavjud. Bu shart agar davlatlar shaxslar (individ)ga o’z hududlarini ishlatishga bersalar ham o’zgarmaydi. Bu prinsip o’z hududidan foydalanishni nazorat qilish bo’yicha javobgarlik deya nomlanadi. Ushbu qoida Kanada davlati yurisdiksiyasi va nazorati ostida ish faoliyati yuritib, 1941 yilda AQSh murojaati bilan arbitraj nizosiga aylangan Treyl mis quyish fabrikasi ishiga oid arbitraj qarorida ko’rsatib o’tilgan.

      Ikkinchidan, davlatlarda oldindan xabar berish va o’zaro maslahatlashuv majburiyati mavjud. Qaysi bir davlat o’zga davlat(lar)ga ta’siri bo’luvchi loyihani amalga oshiradigan bo’lsa, manfaatdor bo’lgan davlat(lar)ga oldindan xabar bergan holda, o’zaro maslahatlashuv(konsultatsiya) o’tkazish majburiyatini oladi. Biroq ushbu xalqaro majburiyat loyiha yoki ishning ta’siri bo’ladigan manfaatdor davlat(lar)ning roziligini olishni shart qilib qo’ymaydi. Ushbu huquqiy qoida 1957 yilda Fransiya va Ispaniya o’rtasida ro’y bergan Lanu ko’liga oid hakamlik ishida ochiqlangan. Shuningdek, favqulodda holatlar to’g’risida xabar berishni ham davlat majburiyati sifatida belgilagan shartnomalar mavjud. Rio Prinsiplar Deklaratsiyasining 18-tamoyilida mustahkamlab qo’yilganidek, boshqa davlatga jiddiy ta’sir ko’rsatuvchi favqulodda holatlar haqida ham tezkorlik bilan narigi tomonga xabar berish majburiyati mavjud. 

      Va oxirgisi, bu – zararni oldini olish yondashuvi prinsipidir. Tabiat muammolari orasida ilmiy bilimlarning mavhumligi va kutiladigan natijalar noaniq bo’ladigan holatlar ham mavjuddir. Biroq ilmiy bilimlar yo’qligi tufayli davlatlarning kerakli choralarni ko’rmaganlik tarzidagi harakatsizligi natijasida tabiatni yana o’z holiga qaytarish mumkin bo’lmay qolishi ehtimoli ham bor. Shuning uchun, ilmiy sabab bilan kelib chiqadigan ziyon o’rtasidagi o’zaro mushtarak aloqa aniq bo’lmagan paytlarda ham ziyonning kattalashmasdan turib oldining olinishini talab etuvchi “zararni oldini olish prinsipi” taklif etila boshlandi. Chora-tadbirlar nuqtai nazaridan esa ziyon kelib chiqmasdan davlatlardan uning oldini olish talab etiladigan holatlar ham bor. Rio Prinsiplar Deklaratsiyasining 15-bandida bu zararni oldini olish choralari deb ko’rsatib o’tilgan. Faqat bu prinsipning ijrosi har bir davlatning imkoniyatini e’tiborga olgan holdagina talab etilishi mumkinligini unutmaslik lozim.

    Endi esa yuqoridagi prinsiplarni Sardoba to’g’oni ishiga tatbiq etsak. Xalqaro odat huquqiga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi ham o’z hududida amalga oshiradigan faoliyati natijasida kelib chiqadigan holatlar yuzasidan javobgarlik oladi. Sardoba to’g’oni holatida Prezident Mirziyoyevning o’z xalqi va qozog’istonliklar oldida xijolatda ekanligini ta’kidlashi ham, O’zbekiston tarafidan ushbu prinsipni nechog’lik yaxshi tushunilishini ko’rsatib turibdi.

    Oldindan xabar berish va o’zaro maslahatlashuv majburiyatining mavjudligi prinsipiga (bu prinsip 1992 yilgi konvensiyada ham belgilangan) ko’ra, Sardoba kabi mega-loyihalarni qat’iy o’zaro maslahatlashuv yo’li bilan qurish ikki tomon hamkorligi uchun yaxshi ta’sir ko’rsatsa-da, Qozog’istonlik amaldor ta’kidlaganidek, O’zbekiston albatta qozoq do’stlarimizning roziligini olishi shart emas. Xalqaro huquqiy me’yorlar transchegaraviy daryolarga oid obyektlarni qurishda faqat maslahatlashuvni majburiy qilib, undan tashqari rozilik olish ham shart degan talabni qo’ymaydi. Jaydari til bilan aytganda, Qozog’istonlik do’stimiz talabini oshirib yuborganligi aniq. Faqat O’zbekiston tomonidan qurilayotgan va kelajakda Qozog’iston uchun ma’lum xavflarni yuzaga chiqarishi mumkin bo’lgan bunday obyektlar haqida yetarli darajada ma’lumot berish majburiyati borligini aytish joiz. Bu ma’noda qozoq amaldor haq.

    Rio Prinsiplar Deklaratsiyasining 15-bandida ko’rsatib o’tilganidek,  davlatlarda tabiiy ofat kelib chiqishini oldini olish majburiyati ham bor. Va bunday holatlarda kerakli choralarni ko’rmaslik Sardoba kabi muammolarni yuzaga chiqaradi. Shunday ekan, suv toshqinining O’zbekiston uchun achchiq saboq bo‘lgani va shuning uchun suv ombori masalasida xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda to‘g‘onning barcha dambalarini chuqur ekspertizadan o‘tkazishni aytish bilan birga, kuchli yog‘ingarchilik sababli eroziya yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan barcha gidroinshootlar, to‘g‘onlar va GESlarda tekshiruv ishlari olib borilishi bo’yicha Prezident Mirziyoyevning buyruq berishi Rio prinsiplariga amal qilinayotganligini  bildiradi.

  Yanada muhimi, 1992 yilgi konvensiya 14-moddasida va Rio Prinsiplari Deklaratsiyasida boshqa davlatga jiddiy ta’sir ko’rsatuvchi favqulodda holatlar haqida ham tezkorlik bilan narigi tomonga xabar berish majburiyati o’rnatilgan. Qozog’iston fikricha, dastlab suv umuman o’tmasligi haqida xabar berilgan, ammo suv baribir o’tib ketgan, shundan keyin esa suv to’xtatilganligi haqida xabar berilgan, ammo ma’lum muddat suv kelishi yana davom etgan. Bunda, albatta, O’zbekistonning pandemiya sharotida yuz bergan bunday tabiiy ofatni samarali boshqara olish bo’yicha nechog’lik tajribaga ega ekanligini inobatga olish kerak bo’lsa-da, tezkorlik bilan xabar berishda kech qolganlik alomatlari ham ko’zga tashlanmoqda. Chunki qozoq mulozimlarning da’volariga nisbatan O’zbekiston tomonidan qarshi fakt ilgari surilmadi. Nima bo’lganda ham, bu holat keyinchalik Turkiston viloyati hokimi Umirzoq Shukeyev boshchiligidagi delegatsiyaga voqea joyiga kelib, vaziyatni har tomonlama chuqur o‘rganishga imkon berish orqali hal etilganiga umid qilamiz.

   Keyingi masala esa, to’g’on o’pirilishi tufayli qozog’istonliklarga yetkazilgan moddiy zararni qoplash masalasidir. Bunda, shubhasiz, O’zbekiston qo’shni mamlakatda zarar ko’rgan aholiga moddiy to’lov qilishi tabiiy hol bo’lib, xalqaro odat huquqi normalari ham buni ta’kidlasada, shartnomaviy munosabatlarda esa, 1992 yilgi konvensiyaning 2003 yilda qabul qilingan Fuqaroviy javobgarlikka oid protokoliga ikki davlat ham qo’shilmaganligi aytib o’tay. Shunday bo’lsada, O’zbekiston rahbariyati allaqachon qo’shni qozog‘istonliklar bilan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda kerakli yordam berishga ham tayyor ekanligini aytishiga qaraganda bu masala ham xalqaro odat normalari doirasida ijobiy yechiladiganga o’xshaydi.

    Eng oxirgi nozik masala esa Qozog’iston tomonidan yana bir talab o’laroq, Sardoba to’g’oni endi qayta to’ldirilmasligi lozim, suv kiritilsa ham, oldingidek ko’p miqdorda to’planmasligi lozim, degan norasmiy talabning yangrashi bo’ldi. Agar ikki davlat o’rtasida tuzilgan biror shartnomada bunday holat taqiqlangan bo’lmasa, o’ta katta ziyonlar (atom reaktorini portlashi kabi)kutilmagan taqdirda, Sardoba suv omborini qayta to’ldirishga nisbatan Qozog’iston qo’shni O’zbekistonga veto qo’ya olmaydi. Ammo yuqorida ham aytilganidek, bu safargi talafotni ham inobatga olgan holda, suv to’ldirilishi masalasida ikki tomonlama ochiq muloqot va maslahatlashuv o’tkazilishi kerakligini xalqaro huquq normalari talab etadi. Agar biz bu masala yuzasidan ikki davlat lideri orasida ham, soha mutasaddilari orasida ham dialog boshlanganligi, qo’shimcha tarzda, xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda Sardoba to‘g‘onining barcha dambalarini chuqur ekspertizadan o‘tkazishni O’zbekiston e’lon qilganini inobatga olsak, O’zbekiston xalqaro huquq normalariga qay darajada muvofiq amal qilayotganligini yaqqol ko’rish mumkin.  Faqat tan olinilishi lozim bo’lgan fakt shuki, bunday hodisalarning takrorlanishi bundan keyingi shunga o’xshash infrastruktura loyihalari qurilayotganda quyi oqimdagi davlatlarning siyosiy ta’sirini yanada kuchayishiga yo’l ochib berishini aslo unutmaslik lozim. Xulosa o’rnida ko’pchilik e’tibor bermagan nuqtaga teginib o’tay. Davlatimizning bir qo’shni davlat bilan xalqaro huquqiy amaliyotining boshqa qo’shnilarimiz bilan ikki tomonlama aloqalarimizga ham ta’siri borligini unutmasligimiz lozim. Chunki bunday holatlardagi hukumat xatti-harakati borib-borib regional odatga aylanib qoladi. Natijada, xuddi shunday hodisa yuqori oqimdagi Tojikiston yoki Qirg’iziston va quyi oqimdagi O’zbekiston o’rtasida yuz bersa, O’zbekiston ham o’z navbatida Sardoba masalasida Qozog’istonga qilgan muomalasidan ko’proq narsani yuqori oqimdagi davlatlardan kutmasligi kerak bo’ladi. Shuning uchun ham, O’zbekistonning Sardoba masalasidagi tutumi uning keyinchalik boshqa qo’shni davlatlar bilan shunday loyihalar bo’yicha aloqasida ma’lum me’yor vazifasini o’tashiga shubham yo’q.

2020/05/06 Alisher Umirdinov, Nagoya Yaponiya

Taklif etiladigan maqolalar

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *