Bir sahifalik javob loyihasi 5-son
2020 yil 14 may kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi saytida Mariya Zaxarova ishtirokidagi brifing chog‘ida O‘zbekistonda davlat tilida ish yuritishni ta’minlamaganlik uchun mansabdor shaxslarga javobgarlik belgilovchi qonun loyihasi bo‘yicha munosabat so‘ralgan. Mariya Zaxarova esa go‘yoki O‘zbekistonda rus tilini ko‘pchilik o‘zbeklar xohlayotgani, bu qonun loyihasi tarafdorlari esa kamchilikni tashkil qilishi haqida gapirgan. Albatta, bu Rossiya TIV spikerida O’zbekiston ichidagi statistika masalasida kamchilik borligi turgan gap. Men masalani boshqa tomonini ko’tarmoqchiman: chet el mamlakati TIV spikeri boshqa davlatda sodir bo’layotgan holatlar yoki qonun muhokamasi bo’yicha fikr bildirishi o’sha ikki davlat o’rtasidagi xalqaro huquqiy qoidalarga zid kelmaydimi?
Oldindan aytishim mumkin: bunda natijaga qaraladi. Agar natija o’laroq, Rossiya bosimi ostida ushbu qonun parlament kun tartibidan olinsa, unda Rossiya bizga xalqaro huquqda taqiqlangan bosimni o’tkazgan hisoblanadi. Agar qonun qabul qilinsa, bunda Rossiya tomoni o’z fikrini oddiygina bildirgan hisoblanadi va bu holat 1991 yildagi Olmaota bitimiga muvofiq keladi. Nega?
Birinchidan, BMT Nizomining 2-modda 7-qismi davlatlarning ichki ishlari hisoblangan masalalarda BMTning tashkilot sifatida aralashuvini taqiqlaydi (7 bobdagi holat bundan mustasno).
Ikkinchidan, davlatlarning o’zaro tengligi prinsipiga muvofiq, boshqa bir davlatning ikkinchi bir davlatning ichki ishlariga aralashishiga ham ruxsat berilmaydi(1970 yildagi Do’stlik aloqalariga oid Deklaratsiya). Uchinchidan, 1991 yil 21-Dekabrda Olmaota shaxrida tuzilgan “Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligini tuzishga oid Bitim”ning Muqaddimasida ham davlatlar bir-birlarining suverenitetini hurmat qilishlari, aloqalarni o’zaro tenglik va ichki ishlarga aralashmaslik ruhida yuritishlarini e’lon qilganlar.
Xalqaro huquqdagi “davlat ichki ichlariga aralashuv” muammosida qurolli aralashuv yoki mamlakat ichidagi muholifatni qurol bilan qo’llab-quvvatlashning taqiqlanishi xalqaro sud amaliyoti tomonidan ham aniq bayon qilingan. Ammo, keyingi yillarda aralashuv konsepsiyasi ham o’zgarishlarga duchor bo’lib, bir davlatning an’analariga zid film yoki habarlarni sun’iy yo’ldosh orqali uzatish yoki texnika vositalari orqali ma’lum bir davlat ichidagi ma’lumotlarni og’irlash kabilar ham ichki ishga aralashuv sifatida ko’riladi, degan da’volar tobora kuchayib bormoqda. Muammo shundaki, Rossiya tomoni 14 May kuni faqatgina og’zaki ravishda tilimizga oid qonun loyihasiga izoh bergan va bunda hech qanday qurolli yoki moddiy aralashuv (boykot yoki sanksiya) ko’zga tashlanmaydi. Shunday ekan, Zaxarovaning zahar kabi so’zlari xalqaro huquq normalarini buzib, kuch bilan aralashuvga teng kelishini aytish anchagina qiyin. Shunday bo’lsada, qurolli kuch bilan aralashishdagi natijaga o’xshash aniq natija, misol uchun muhokamadagi qonunning muhokamadan olib tashlanishi yoinki uning muhokamasini orqaga surilishi kabi holatlar natija o’laroq, Rossiya tomonining O’zbekiston Respublikasiga bilvosita aralashuvi deb qaralishi ehtimolini yuzaga chiqaradi. Shuning uchun ham, O’zbekiston tomoni ikkilanmay qonunni shaffof-umumxalq muhokamalaridan o’tkazgan holda tezlik bilan qabul qilishi va shu orqali o’zining haqiqiy suveren davlat ekanligini yana bir bor namoyish etishi zarur.
Lekin shuni ham etirof etish kerakki, yuqoridagi 1991 yildagi Olmaota Bitimining 3-moddasiga ko’ra, “ahdlashuvchi tomonlar o’z hududlarida istiqomat qiluvchi etnik ozchiliklarning etnik, madaniy, til va diniy o’ziga xosligini ifoda etish, saqlash va rivojlantirishga yordam berishni istagan holda, ularni o’zlarining himoyasiga olishlari lozim.” Bu O’zbekiston Respublikasining xalqaro huquqiy majburiyati hisoblanadi. Ko’pchilik ruslar istiqomat qiluvchi davlat sifatida Rossiyaning chet eldagi rus millati huquqlarini taminlanishiga oid tashvishlanishi tabiiy holat bo’lib, Zaxarovaning shu modda nuqtai nazaridan izoh berishi hech qanday muammo tug’dirmasada, O’zbekistondagi statistika holatlarini manipulatsiya qilishga oid harakatini oqlab qiyin. Shuningdek, Rossiya tomonidan agar ushbu qonun qabul qilinishiga ta’sir o’tkazuvchi har qanday choralarning javob tariqasida qabul qilinishi –Rossiyaning O’zbekiston davlati ichki ishlariga xalqaro normalarga zid ravishda aralashayotganligini ko’rsatib beradi. Umid qilamanki, O’zbekiston tomoni bu holatni juda ham sovuqqonlik bilan boshqaradi va 2004 yilda Strategik Sherikka aylangan bu ikki ittifoqchi davlat o’rtasida muammo ortiqcha cho’zilmaydi.
Alisher Umirdinov
2020/05/16 Nagoya Yaponiya